O‘zbekiston | 15:30 / 14.05.2026
6278
6 daqiqa o‘qiladi

“Butun O‘zbekiston ishli bo‘ladi” – S8 club odamlarni qanday aldamoqda?

Nathan Jones ismli shaxs barcha o‘zbekistonliklarni ishli qilmoqchi. Harqalay odamlarni shu gapga ishontirishga harakat qilayotganlar bor. Ammo bu navbatdagi yolg‘on, Nathan Jones esa fake persona ekanini hamma ham bilayotgani yo‘q. Kun.uz moliyaviy piramidalarni fosh qilishda davom etadi. Bu safar O‘zbekistonga endigina kirib kelib, targ‘ib qilina boshlagan LumenX S8 club nomi ostidagi moliyaviy piramida haqida hikoya qilinadi.

“Signal keldi” 

Rossiyada paydo bo‘lib, O‘zbekistonga ham kirib kelgan LumenX S8 club nomli moliyaviy piramida treyderlik orqali kunlik daromad taklif qilmoqda. Go‘yoki kriptovaluta birjasida token sotib olish orqali savdo qilinadi va foyda olinadi.

Targ‘ibot Telegram’dagi bir nechta guruhlarda olib borilmoqda. Shunday guruhlardan biri “S-8 klubi. O‘zbekiston guruhi” nomi ostida targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Guruh egasi o‘zini Nasiba deb tanishtiradigan, ismi esa Salomat Quranbayeva bo‘lgan shaxs.

Ayni kunlarda Salomat Quranbayeva respublikaning turli hududlariga borib, o‘zini lider sifatida tanishtirgan holda S8 club moliyaviy piramidasining targ‘ibotini faol olib bormoqda. Masalan, uning oxirgi manzili Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani bo‘ldi.

 

Salomat Quranbayevaning aytishicha, S8 club’ga qo‘shilish uchun maxsus ilova orqali ro‘yxatdan o‘tiladi. So‘ngra har kuni signal kelgan paytida a’zolarga maxsus kod aytiladi. Ushbu kod orqali signal bosiladi va daromad olinadi.

Signal - xo‘rak  

Signal elementi shunchaki bir xo‘rak. Bu odamlarni daromad go‘yoki treyderlik ortidan kelayotganiga ishontiruvchi vosita. Aslida esa S8 club’da ham pul tegirmoni barcha an’anaviy moliyaviy piramidalar kabi depozit qo‘yish va yangi odamlar jalb qilish orqali aylantiriladi.

S8 club harbiy unvonlar misolida darajalarga bo‘lingan. Masalan, kichik serjant S3, leytenant S4, katta leytenant S5 darajada.

S4 darajasi uchun 3 ming dollar depozit qo‘yish orqali kunlik 5 ta savdo signalini bosib, har kuni 120, oyiga 3 600 yoki yiliga 43 800 dollar foyda va’da qilingan.

Savdo signallari Moskva vaqti bilan har kuni bir xil vaqtda berilgan. 

Nathan Jones kim?

LumenX S8 club to‘liq ushbu shaxs ismi atrofiga qurilgan. U kompaniya prezidenti sifatida ko‘rsatiladi. Hatto O‘zbekistondagi liderlari bilan ham erinmasdan o‘zbekcha suhbatlashib o‘tiradigan Nathan Jones aslida kim?

 

Internetda S8 club prezidenti sifatida ko‘rsatilgan Nathan Jones haqida hech qanday ma’lumotlar yo‘q. AQSh va Rossiya hamkorligida tashkil etilgan shunday “katta” kompaniya prezidentiga oid birorta ham ma’lumot uchramasligi qiziq, albatta. Demak, bu shaxs aslida fake persona, ya’ni moliyaviy sxema uchun o‘ylab topilgan obraz bo‘lishi mumkin.

Ham ongga, ham cho‘ntakka

S8 club bilan bog‘liq targ‘ibot ishlari “ham ongga, ham cho‘ntakka kirib borish” usulida olib borilmoqda. Ya’ni savdo yoki xizmat ko‘rsatish nuqtlarida S8 club’ning logotipini o‘rnatib qo‘yish orqali ham daromad ko‘rish taklif etilgan. Shu sababli hududlardagi savdo nuqtalarida ushbu logotiplar yopishtirib chiqilmoqda.

Salomat Quranbayevaning aytishicha, logotip yopishtirilgan har bir nuqta uchun Nathan Jones oyiga 50 dollar to‘lab beradi. Shuningdek, odamlarni to‘plab, bir piyola choy ustida targ‘ibot ishlari olib borilganda ham xarajatlar qoplanadi. Bu moliyaviy piramidani imkon qadar tezroq ommalashtirish uchun qilinayotgan harakatlar.

“Butun O‘zbekiston ishli bo‘ladi”

Kun.uz jurnalisti qiziquvchan mijoz sifatida Salomat Quranbayeva bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, hozirda O‘zbekistonda S8 club uchun qonuniy ruxsat olish borasida harakatlar boshlangan.

Buni AQSh va Rossiya birlashgan holda ochgan. Rossiyada katta komanda bor va ofislar ochilgan. Kecha ikkinchi ofisi Tolyattida ochildi. O‘zbekistonga ruxsat olishga harakat qilyapmiz. Agar ruxsat olsak, butun O‘zbekiston mana shu ish bilan ta’minlanadi.

O‘zbekistonda ruxsat olishga bir yil ketar ekan. Shunga hozircha ishlab turibmiz. Kechadan oldin Davron aka bilan gaplashdik, xayriya fond deb kirgizmoqchi edik-da biz buni: odamlarga yordam, ishsiz qolgan insonlar ishli bo‘ladi, nogironlarga, uyi yo‘qlarga yordam qilinadi”, deydi “lider”.

“Lider”larga jazo kerak

S8 club sayti 2026 yil 2 aprelda ro‘yxatga olingan. Ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxs ma’lumotlari esa yashirilgan. Bu ham S8 club bir necha ming odamni ishli qilayotgan yirik kompaniya emas, moliyaviy piramida ekanini anglatadi.

O‘zbekistonda biri yopilsa boshqasi ochilayotgan moliyaviy piramidalar hech to‘xtay demayapti. O‘zini lider deb hisoblayotgan shaxslar esa ularning tegirmoniga suv quyib, odamlarni chuv tushirish bilan ovvora. Bu O‘zbekistonda moliyaviy piramida targ‘iboti uchun jazo choralarini joriy qilish zarurati borligini ko‘rsatmoqda.

Kun.uz har doimgiday shubhali platformalarga pul tikmaslikka, boshqalarni bunga jalb qilmaslikka chaqirib qoladi.  

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid