O‘zbekiston | 15:33 / 04.01.2019
7183
2 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi mustaqil davlat organi tashkil etiladi

Monopoliyaga qarshi davlat organi mustaqil alohida organ sifatida tashkil etiladi. Bu haqda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida aytiladi.

Hujjat bilan 2019 yil 1 aprelga qadar normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihada raqobatni rivojlantirish, tabiiy monopoliya sub'yektlari faoliyatini nazorat qilish, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasidagi vazifalarni o‘tkazgan holda mustaqil monopoliyaga qarshi davlat organini tashkil etish nazarda tutiladi.

Ijro uchun mas'ullar - Davlat raqobat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi.

Shuningdek, davlat tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmini va uning narxini belgilash amaliyoti butunlay qayta ko‘rib chiqilib, bozor tamoyillari joriy etiladi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan narx shakllantirishni erkinlashtirish hamda  ishlab chiqarish hajmlarini belgilashdan voz kechish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi. 

Bajarish muddati - 2019 yil 1 mart, ijro uchun mas'ullar - Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi.

Bundan tashqari, raqobatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari takomillashtiriladi. 

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun normalarini birlashtirish va yanada takomillashtirish nazarda tutiladi.

Bajarish muddati - 2019 yil 1 oktabr, ijro uchun mas'ullar - Davlat raqobat qo‘mitasi, Moliya vazirligi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid