O‘zbekiston | 22:37 / 23.02.2026
4383
5 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona bog‘chalarida ommaviy zaharlanish va IIB hibsxonasidagi o‘lim – mahalliy dayjest

Farg‘onadagi davlat bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz berdi. Kattaqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi tergov hibsxonasida saqlanayotgan 35 yoshli fuqaro vafot etdi. Yer uchastkasining sifati uning egasi aybi bilan yomonlashsa ko‘proq soliq to‘laydigan tizim taklif etilmoqda. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Farg‘onadagi davlat bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz berdi

20 fevral kuni Farg‘ona shahridagi ayrim davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘nlab tarbiyalanuvchilari isitma, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va ich ketish belgilari bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, 21 fevral kuni Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Farg‘ona shahri hududida joylashgan 2-sonli, 58-sonli va 61-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari keltirilgan. Ularda tana harorati ko‘tarilishi, qorindagi og‘riq, holsizlik, ko‘ngil aynishi, ich o‘tishi belgilari qayd etilgan. Hozir 62 nafar bemor davolanayotgani ta’kidlanmoqda.

Kun.uz olgan ma’lumotga ko‘ra, oziq-ovqatlar Quvasoydagi “Garden Catering Trade” MChJ tomonidan yetkazilgan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari bolalar iste’mol qilgan taomlardan laboratoriya namunalari olib tekshiruv boshlaganini ma’lum qildi.

Yer unumdorligiga qarab yer solig‘ini hisoblash tartibi o‘zgaradi

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda yer va suv resurslaridan samarali foydalanishni kuchaytirish maqsadida Soliq kodeksining 429-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Loyiha qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligi va hosildorligini oshirishga qaratilgan.

Taklif etilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, yer uchastkasining sifati yer egasi yoki yerdan foydalanuvchining (ijarachining) aybi bilan yomonlashsa va bonitet balli kamida 10 ballga pasaysa, yer solig‘i sifati yomonlashishidan oldin amalda bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymati asosida hisoblanadi.

Kattaqo‘rg‘onda hibsxonada saqlangan fuqaro vafot etdi, IIV rasmiy izoh berdi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tergov hibsxonasida saqlanayotgan 35 yoshli fuqaro vafot etdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, u sog‘lig‘i yomonlashgani sababli shifoxonaga olib borilayotganda hayotdan ko‘z yumgan. Birlamchi sud-tibbiy xulosaga ko‘ra, o‘lim sababi “2-tip qandli diabetning og‘ir asoratlari” deb ko‘rsatilgan va tanasida jarohat izlari aniqlanmagan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, hodisa 21 fevral kuni soat 17:35 atrofida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 7-sonli tergov hibsxonasida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro X.Q. prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28-, 211-moddalari 1-qismi bilan ayblanib qamoqqa olingan. Hozir holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Samarqandda davlat o‘rmon xo‘jaligi tashkil etiladi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni kengaytirish maqsadida Payariq tumanida Payariq davlat o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish va bir qator viloyatlarda davlat zaxira yerlaridan o‘rmon xo‘jaliklariga yer ajratish nazarda tutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyati hokimliklarining Payariq tumanida yangi davlat o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish, shuningdek, o‘rmon hududlari va o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni kengaytirish uchun davlat zaxira yerlaridan tegishli o‘rmon xo‘jaliklari balansiga yer maydonlarini ajratish bo‘yicha takliflari ma’qullanishi belgilangan. Loyihaga ko‘ra, Payariq davlat o‘rmon xo‘jaligi faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar Samarqand viloyati mahalliy budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid