Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Maqsad ezgu bo‘lsa, kartadan o‘tkazmalarni ommalashtirish kerak edi” – mutaxassislar P2P nazorati haqida
Markaziy bank kartadan kartaga pul o‘tkazmalari maqsadini ko‘rsatishni avval majburiy qilib, keyin ixtiyoriy degani bilan, qator savollar ochiq qolmoqda. Soliq xodimining videomurojaati esa xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Kun.uz mavzu borasida bank-moliya mutaxassislari Otabek Bakirov va Ismoil Turopovga yuzlandi.
O‘zbekiston Markaziy bankining talabi bilan, bir qator banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida P2P (kartadan kartaga) o‘tkazmalarni amalga oshirishda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish majburiy qilib qo‘yildi.
Bunda pul o‘tkazuvchiga 16 ta toifadan birini tanlash taklif qilinadi. “Tovar yoki savdo uchun to‘lov” ro‘yxatda birinchi bo‘lib keladi.
Jamoatchilik e’tirozlaridan keyin Markaziy bank maqsadlarni qo‘shish ixtiyoriy ekanini ma’lum qildi. Biroq Nurafshon shahar soliq inspeksiyasi rahbarining murojaati xavotirlarni kuchaytirdi – bu ishlar hukumat naqd pul muomalasini keskin qisqartirishga kirishgan bir paytda yuz berayotgani e’tiborga molik.
Bu mavzu Kun.uz studiyasida bank-moliya sohasi mutaxassislari Otabek Bakirov va Ismoil Turopov ishtirokida muhokama qilindi.
P2P'ni nazorat qilishga navbatdagi urinish
Otabek Bakirov:
— Bu 2018 yildan beri to‘rtinchi urinish. Birinchi harakatlar kartaga o‘tkazmalar soni 10 tadan oshganda yoki P2P o‘tkazmalar miqdori 30 mln so‘mdan oshganda axborot almashinuvi bilan bog‘liq talab sifatida taklif etilgandi. O‘sha payt jamoatchilikdan tortib Senatgacha jiddiy qarshiliklar bo‘lgach, bu taklif bekor qilindi va shu bilan unutilgandi.
2022-2023 yillarda yana shunday urinish paydo bo‘ldi – P2P o‘tkazmalar bo‘yicha elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish vajlari bilan ilgari surildi. O‘sha paytda ham Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish fonida bu masala bank siriga oid ma’lumotlar bilan bog‘liqligi sababli muhokama qilindi va hatto eski tartibdagi Konstitutsiyamizga zid ekani aytilib, olib tashlangandi.
Shundan keyin bir muddat xotirjamlik bo‘ldi, mavzu kun tartibidan tushdi. Ammo 2024 yilda yana yirik o‘tkazmalar bilan bog‘liq tranzaksiyalarda Markaziy bank va soliq organlari o‘rtasida ma’lumot almashish masalasi ko‘ndalang qo‘yildi.
Fevral oyining oxirgi kunidan beri kun tartibidan tushmayotgan yana bir masala paydo bo‘ldi – P2P o‘tkazmalarida maqsadni aniq ko‘rsatish talabi. Asosiy muammo – kommunikatsiya to‘g‘ri tashkil qilinmaganida. Markaziy bank o‘z rejalarini jamoatchilik va tijorat banklariga ham to‘g‘ri va yetarlicha keng yetkaza olmadi. Xatdagi talablarning majburiy xarakterda ekani va ular bajarilmaganda sanksiya qo‘llanishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlar e’tirozlarni yanada kuchaytirdi.
Mart oyi boshida bu haqda qo‘shimcha bayonotlar berildi, talablar tavsiyaviy xarakterga ega ekani, banklar va to‘lov tashkilotlari Markaziy bank tavsiya qilgan maqsadlar ro‘yxatiga o‘zlari mustaqil o‘zgartirish kiritishlari mumkinligini tushuntirildi. Ammo o‘sha kunlarda Nurafshon shahar soliq inspeksiyasi rahbarining P2P orqali to‘lov bo‘lsa, soliq ma’murchiligi yuzaga kelishi mumkinligi haqidagi murojaati bu mavzuni yana qo‘zg‘ab yubordi. Go‘yoki hammasi iziga tushgandek edi, ammo iste’molchilarda ham, bank-moliya sohasidagi mutaxassislarda ham shubha saqlanib qoldi.
Bir necha to‘lov tashkilotlari va tijorat banklari bu funksiyani allaqachon joriy qilib ham ulgurdi. Maqsadlar soni hech kimda 16 tadan kam emas. Iste’molchi sifatida xavotirlarim bor.
“Soliqchining bayonoti xavotirni yanayam kuchaytirdi”
Ismoil Turopov:
— P2P (peer to peer) – bir odamning ikkinchi odamga pul berishining elektron ko‘rinishi. Raqamli xizmatlarning keskin rivojlanishi taxminan 5 yil oldin boshlandi. P2P tizimining maqsadi ham odamlar o‘rtasida pulni naqd emas, elektron tarzda uzatish edi. Texnik nuqtayi nazardan bu juda oson va qulay tizim. Nafaqat O‘zbekiston ichkarisida, balki xorijdan pul olish va xorijga pul o‘tkazish uchun ham samarali mexanizmga aylandi.
Tan olish kerak, oxirgi yillarda uning masshtabi juda kengaydi. P2P o‘tkazmalar 2023-2024 yillarda dollar ekvivalentida 20 mlrd dollardan oshib ketgan. O‘zbekiston ichida ham P2P o‘tkazmalar juda ko‘p. Bu ijobiy jarayon. Viloyatdan pochta orqali yuboriladigan naqd pullar o‘rnini ham P2P egalladi.
Masalan, ayrim holatlarda bu o‘tkazmalar tijoriy xarakterga ham ega bo‘lib qolgan. Nazorat qiluvchi organlarning urinishlari ham aynan shu tijoriy qismini ajratib olish va nazorat qilishga qaratilgan. Shaxsiy pul o‘tkazmalarini nazorat qilish qonunan mumkin emas, lekin tijoriy operatsiyalarni aniqlash va P2P soyadagi iqtisodiyotga asos bo‘lyapti degan vajlar bilan turli urinishlar bo‘lgan. Biroq ularning barchasi omadsiz yakunlangan.
Bank nuqtayi nazaridan qaralsa, mobil ilovaga yangi funksiya qo‘shish qiyin ish emas. Bilishimcha, xat chiqqanidan bir-ikki kun o‘tib, ilovalarda bu funksiya paydo bo‘lib qoldi ham. Ammo mijoz nuqtayi nazaridan qaralsa, bu qo‘shimcha ovoragarchilik. Yaqiningizga pul jo‘natmoqchisiz, endi bitta tugma bilan ish bitmaydi, nimadir tanlab jo‘natishingiz kerak bo‘ladi. Bu mijozlar uchun yoqimsiz holat. Mijoz 16 ta parametrni ko‘rsa, tushunadigan odam bo‘lsa, birinchi o‘rinda turgan “tovar va xizmatlar uchun to‘lov” bandini ko‘rib xavotirga tushishi ham mumkin.
Soliq organi mas’ulining bayonoti bu xavotirni yanada kuchaytirdi. Go‘yoki “sizga hech narsa bo‘lmaydi, ammo tovar sotgan odamni jazolaymiz” degan signal berilgandek bo‘ldi.
Ko‘p mamlakatlarda P2P o‘tkazmalarida “istak” funksiyasi mavjud. Kimgadir pul yuborganda “sizni hurmat qilaman” kabi xabar yozib yuborishingiz mumkin. Ammo bu majburiy emas – xohlasangiz yozasiz, xohlamasangiz yo‘q.
“Iqtisodiyotni oqartirmoqchi bo‘lsak, P2P texnologiyasini kengaytirishimiz kerak”
Otabek Bakirov:
— Asosiy savol ham shu yerda paydo bo‘ladi: nima sababdan bu maqsadlar majburiy tarzda agregatsiyalab qo‘yilgan? 16 yoki 18 ta maqsaddan birini tanlamasangiz, to‘lovni amalga oshira olmaysiz.
Ikkinchi muhim masala shundaki, siz xato qilib yoki boshqa sabab bilan biror maqsadni tanlasangiz, aslida o‘zingizga qarshi dalil yaratib berasiz. Bu ma’lumotlar qayerda saqlanadi, qanday qayta ishlanadi – bilmaymiz. Uchinchi shaxsga berilmagan taqdirda ham, siz o‘zingizga qarshi argument beryapsiz.
Uchinchi masala – ko‘plab davlat organlarida P2P o‘tkazmalari asosida yashirin iqtisodiyot yotadi degan tushuncha mavjud. Ularning nazarida bu o‘tkazmalarning katta qismi iqtisodiy operatsiyalar. Shu sababli urinishlar to‘xtamayapti.
Pul o‘tkazmalari 2025 yilda 19,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu faqat jismoniy shaxsdan jismoniy shaxsga pul o‘tkazmalari emas, balki savdo va eksportchilarning tushumlari ham. Bularni ham yashirin iqtisodiyot deb hisoblashimiz kerakmi?
Har qanday o‘tkazma turida ma’lum ulush noqonuniy bo‘lishi mumkin. Ammo bu faqat P2Pʼga xos emas. Agar P2Pʼni butunlay nazoratga olsak, yashirin iqtisodiyot yo‘q bo‘lib ketmaydi – u shunchaki naqd pulga ko‘chadi.
Muhokamalarda men doim bir savol beraman: P2P nazoratini qattiq istayotganlar evaziga nima oladi? Hozircha bunga aniq javob yo‘q.
Bizda P2P iqtisodiy o‘sishga qanchalik ta’sir qilgani haqida jiddiy tadqiqotlar yo‘q. Agar P2P bo‘lmaganida iqtisodiy o‘sishimiz qanday bo‘lardi? Odamlar va biznesning mobilligi qanday bo‘lardi? Tranzaksion xarajatlar qanchalik yuqori bo‘lardi?
Bugun Qo‘qonda ishlab chiqarilgan tovar ertaga Sirdaryoda, indinga Termizda bo‘lishini tasavvur qila olamiz. Bu tezlashgan iqtisodiyotimizning omillaridan biri ham aynan P2P tizimi.
Agar biz iqtisodiyotni “oqartirish” va naqd pulni kamaytirish yo‘lida harakat qilayotgan bo‘lsak, P2P texnologiyasini kengaytirishimiz kerak edi. Hatto o‘tgan yil 28 noyabrdagi prezident qarorida ham 2026 yil 1 fevraldan Markaziy bank orqali o‘tadigan P2P o‘tkazmalar tizimini yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. Ammo P2Pʼni kengaytirish o‘rniga uni nazorat qilish yo‘lidan ketyapmiz.
“Qonuniy nazoratni iste’molchilarni xavotirga tushirmasdan amalga oshirish ham mumkin”
Ismoil Turopov:
— Markaziy bank xatida ham prezident qaroriga havola berilgan. Naqd pulsiz to‘lovlarga o‘tish maqsadi aytilib, P2P o‘tkazmalarga yangi talab qo‘yilgan. Asosiy e’tiroz majburiylik bilan bog‘liq. Agar niyat to‘g‘ri bo‘lsa, nega majburiy? Fintex rivojlangan mamlakatlarda ilovalarning dizayni shunday qilinganki, bir odamdan ikkinchisiga pul yuborish jarayoni qulay va hatto o‘yin elementlari bilan bezatilgan. Nazorat bo‘lishi mumkin, lekin majburlov yoki qo‘rqitish shaklida emas.
Nazorat masalasiga kelsak, P2P iqtisodiy o‘sishda katta rol o‘ynadi. Biznes va odamlar pul tashib yurish ovoragarchiligidan qutuldi. Davlat organlarining buni yashirin iqtisodiyot bilan bog‘lab, majburlov yo‘li bilan bartaraf etishga urinishini qo‘llab-quvvatlamayman.
Agar nazorat kerak bo‘lsa, uni orqadan turib ham amalga oshirish mumkin. Sun’iy intellekt katta ma’lumotlarni tahlil qilib bera oladi. Masalan, bir karta oy davomida ko‘plab odamdan pul olayotgan bo‘lsa, uni xavf guruhiga kiritish mumkin.
“Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun qilinishi kerak bo‘lgan boshqa ishlar bor”
Otabek Bakirov:
— Agar Markaziy bankka P2P o‘tkazmalar mazmuni qiziq bo‘lsa, buni so‘rovnomalar orqali ham aniqlashi mumkin edi. Ikkinchidan, yirik o‘tkazmalarni shubhali deb baholash normalari 2017 yildan beri ishlayapti. Tijorat banklari bunday o‘tkazmalar bo‘yicha ichki nazorat tizimiga axborot beradi. Demak, bu mexanizm allaqachon mavjud.
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar juda ko‘p. Masalan, to‘yxonalar yoki artistlarni soliqqa tortish masalasi yillar davomida muhokama qilinadi, lekin amalda kun tartibiga qo‘yilmaydi.
“Nazorat kuchaysa, pul bank tizimidan chiqib, naqdga o‘tadi”
Ismoil Turopov:
— Markaziy bank keyinchalik bu talab tavsiyaviy ekanini aytdi. Bu qisman to‘g‘ri, lekin yondashuv boshidan noto‘g‘ri bo‘ldi. Iste’molchi xohlasa maqsadini belgilasin, xohlamasa yo‘q – majburiy bo‘lishi noto‘g‘ri.
Tasavvur qiling, bu metod joriy qilindi. Odamlar bankomatdan pul yechib olishni boshlaydi. Pul bank tizimidan chiqib, naqdga o‘tadi. Naqdga o‘tgach esa uni nazorat qilish yanada qiyinlashadi.
Mavzuga oid
14:27 / 03.04.2026
Uy va avtomobil savdosi endi faqat bank orqali bo‘ladi. Bu tizim qanday ishlaydi?
20:37 / 02.04.2026
Farg‘onada bank xodimi mijozni o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yubordi
18:37 / 28.03.2026
Naqdsiz savdo banklarga 100 trillion so‘mgacha mablag‘ olib kirishi mumkin - IMV
18:10 / 28.03.2026