Jahon | 18:01 / 04.02.2026
14649
5 daqiqa o‘qiladi

Rog‘un GES Amudaryo ekotizimlari tanazzulini yuz yilga uzaytiradi – ekologlar

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, ulkan GES loyihasining transchegaraviy ta’sirini baholash Jahon bankining ekologik va ijtimoiy standartlariga «to‘liq mos kelmaydi va fundamental kamchiliklarga ega».

Foto: fb.com/khadamotimatbuot

Tojikistondagi Rog‘un suv omboridan foydalanish Amudaryo quyi oqimidagi noyob ekotizimlarning tanazzulini 60-100 yilga uzaytiradi. Bu haqda «Chegara bilmas daryolar» (Rivers without Boundaries) xalqaro ekologik koalitsiyasi o‘z hisobotida ma’lum qildi.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, ulkan GES loyihasining transchegaraviy ta’sirini baholash Jahon bankining ekologik va ijtimoiy standartlariga «to‘liq mos kelmaydi va fundamental kamchiliklarga ega». Hisobotda ta’kidlanishicha, baholash 2014 yildagi eskirgan ma’lumotlar va statik ssenariylarga asoslangan. Ular iqlim o‘zgarishi dinamikasini va Amudaryo havzasidagi real gidrologik vaziyatni hisobga olmasligi ta’kidlanmoqda.

Ekologlar fikriga ko‘ra, Rog‘un GES loyihasini ishlab chiquvchilar asosiy tashqi omillarni e’tiborsiz qoldirgan. Ular orasida Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali qurilishi ham bor bo‘lib, u mintaqaning suv muvozanatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

«Ekologik ruxsatnomalar va sun’iy suv toshqinlari bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni joriy etmasdan, loyiha noyob tabiiy majmualarning tanazzulini aslida bir asrga uzaytiradi, bu esa xalqaro moliya institutlarining tabiatni muhofaza qilish tamoyillarini bevosita buzishdir», dedi «Chegara bilmas daryolar» koalitsiyasining xalqaro koordinatori Yevgeniy Simonov.

Hisobotda Amudaryo deltasining Ramsar konvensiyasi bilan muhofaza qilinadigan biologik xilma-xillik va suv-botqoq yerlari uchun xavf-xatarlarga alohida e’tibor qaratilgan. Rog‘un GES ta’sirini baholashda qurg‘oqchil davrlarda ushbu muhim hududlarga suv yetib borishini kafolatlaydigan aniq mexanizmlar mavjud emas. Koalitsiya ekspertlari quyi mintaqa mamlakatlarida jamoatchilik va manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuvlar jarayonida jiddiy bo‘shliqlar mavjudligini ta’kidlamoqda. Bu loyihaning ijtimoiy maqbulligi to‘g‘risida chiqarilgan xulosalarning qonuniyligini shubha ostiga qo‘yadi.

«Biz quyi hududlarda joylashgan aholi va ekotizimlar manfaatlarini e’tiborsiz qoldirishning xavotirli tendensiyasini kuzatmoqdamiz», dedi «Chegara bilmas daryolar» koalitsiyasining mintaqaviy koordinatori Aleksandr Kolotov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmanistonda loyihaning ta’sir zonasida maslahatlashuvlar o‘tkazilmagan. Oqimning mavsumiy qayta taqsimlanishi va Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi bilan bog‘liq xavflar umuman e’tiborsiz qoldirilgan.

«Bu mintaqadagi eng yirik infratuzilma loyihasi transchegaraviy hamkorlikning ishonchli poydevorisiz va qo‘shnilarning fikrini hisobga olmasdan ilgari surilayotgan xavfli pretsedentni yaratadi», dedi Kolotov.

Vaziyatni o‘nglash uchun «Chegara bilmas daryolar» koalitsiyasi butun Amudaryo havzasi miqyosida to‘laqonli strategik ekologik baholash (SEB) o‘tkazishni tavsiya qilmoqda. Ekologlar oqimni boshqarishning qonuniy majburiy rejalarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlamoqda. Ular iqlim o‘zgarishiga moslashish va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olishi kerak.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, ta’sirni baholash yondashuvlarini tubdan qayta ko‘rib chiqmasdan va zararni kamaytirish va qoplash mexanizmlarini joriy etmasdan turib, Rog‘un GES loyihasi Markaziy Osiyoda uzoq muddatli ekologik va ijtimoiy keskinlik manbasiga aylanish xavfi mavjud.

Rog‘un GES – Tojikistondagi eng yirik energetika loyihasidir. Loyiha quvvati 3600 MVt bo‘lib, GES oltita agregati yiliga 13,1 mlrd kVt·soatdan ortiq energiya ishlab chiqarish imkonini beradi. Hozir obektda har birining quvvati 600 MVt bo‘lgan ikkita agregat ishlab turibdi. Gidroelektrstansiya qurilishining barcha bosqichlarini 2031 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Buning uchun taxminan 6,29 milliard dollar kerak bo‘ladi.

2008-2024 yillarda Tojikiston Rog‘un GES qurilishiga 42,5 milliard somoniy (taxminan 4 milliard dollar) yo‘naltirgan. Jahon banki 2024 yil dekabr oyida qurilishni yakunlash dasturining birinchi bosqichi uchun 350 million dollar miqdorida grant ajratishni ma’qulladi. Bu jarayonga Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) va boshqa qator muassasalar ham jalb etildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid