O‘zbekiston | 14:50 / 26.02.2019
17502
2 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi poliklinikada isitish qozoni portladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan maktab o‘quvchilari jarohat oldi

Bugun, 26 fevral kuni soat 10:26da Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi «Issiqlik manbai» AJga qarashli isitish qozoni portladi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, favqulodda holat oqibatida poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shahardagi 4-umumta'lim maktabining 9-g sinf o‘quvchilari turli darajada yengil jarohat olishgan. Aniqlik kiritilishicha, 18 nafar o‘quvchi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya qabulxonasiga olib kelingan.

«Ular zudlik bilan zarur tekshiruvlardan o‘tkazilib, shifokorlar tomonidan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatildi. 18 nafar bemor kuzatuv ostida bo‘lib turibdi. Olib kelinganlardan 4 nafari holati tekshirilib, neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizildi, jumladan, 2 nafar bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 10 nafar qo‘shimcha murojaat qilganlarga ambulator-psixologik yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berildi», deyiladi xabarda.

Jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, zarur dori-darmonlarni yetkazib berish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan. Vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.

Ayni vaqtda Kun.uz muxbiri ham hodisa tafsilotlariga oydinlik kiritish uchun voqea joyiga yo‘l olgan. Yaqin vaqt ichida qo‘shimcha ma'lumotlar beriladi.

Mavzuga oid