O‘zbekiston | 16:22 / 18.02.2026
4820
2 daqiqa o‘qiladi

Ramazonda O‘zbekistondagi 1,7 mingdan ortiq masjidda to‘liq «Xatmi Qur’on» qilinadi

Bu yil O‘zbekistondagi 2101 ta masjidda tarovih namozi, ularning 1 762 tasida esa to‘liq xatmona bo‘ladi. Jarayonga 3,6 mingdan ortiq qori jalb qilingan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ko‘ra «Xatmi Qur’on» tadbirlari barcha masjidlarda bir tartibda boshlanib, Ramazonning 27-kechasida yakunlanadi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yildagi Ramazon oyiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda tegishli idoralar tomonidan ko‘rilgan tashkiliy choralar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan fazilatli oyda «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» g‘oyasi asosida amalga oshiriladigan vazifalar belgilandi.

Xususan, Ramazon oyida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 2 148 ta masjiddan 2101 tasida tarovih namozlari o‘qiladi. Shundan, 1 762 tasida to‘liq xatmona — «Xatmi Qur’on» tadbirlari o‘tkaziladi. Ushbu jarayonga 3 642 nafar iqtidorli qori saralab olindi.

So‘nggi yillardagi ijobiy tajribadan kelib chiqib, bu yil ham «Xatmi Qur’on» tadbirlari barcha masjidlarda bir xil vaqtda boshlanadi. Yakuni esa Ramazonning 27-kuni – taxminiy «Qadr kechasi»da yakunlanishi belgilangan.

Tarovih namozlari bugun, 18 fevral kuni xufton namozidan so‘ng boshlanadi. Musulmonlar idorasiga ko‘ra, ularning boshlanish vaqti sharqiy hududlarda 20:20 dan g‘arbiy hududlarda 21:00 gacha cho‘ziladi. Toshkent viloyati va poytaxtda tarovih namozlari 20:30 da boshlanishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarovih namozlarida o‘qiladigan Xatmi Qur’on sahifalarining kunlik taqsimotini e’lon qildi.

Tarovih namozlarida o‘qiladigan Qur’on sahifalarining kunlik taqsimoti

Tarovih tadbirlarini tartibli o‘tkazish maqsadida Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari, shuningdek, 2 104 ta maxsus texnika jalb etiladi.

Tarovih namozlari o‘qiladigan vaqtlar

 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid