Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yakkasaroyda aholi e’tirozlariga sabab bo‘lgan mehmonxona quriladigan bo‘ldi
To‘qimachi mahallasi fuqarolari 5 qavatli mehmonxona qurilishiga norozi bo‘lib, “Toshneftgazishchita’minot” MChJni sudga bergan edi. Bir necha oy davom etgan sud ishida quruvchi yutib chiqdi. Qurilishni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi dastlabki himoya chorasi bekor qilindi.
6 avgust kuni birinchi instansiya sudi qurilish obektida joylashgan daraxtlar taqdiriga aniqlik kiritishga qaror qilgan edi. 19 avgust kungi sud yig‘ilishida Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi inspektori Mirkomil Abduvohidov ishtirok etib, hududdagi daraxtlar yuzasidan izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonaga tutash joyda 2 ta yong‘oq va 1 ta o‘rik daraxti bor. Quruvchi o‘rik daraxtini quritib qo‘ygan.
“Bu daraxtlar ularning kadastridan tashqari bo‘lgan hududda joylashgan. Qonun bo‘yicha biz bularning “Inter-inshoot” MChJ va “Toshneftgazishchita’minot” korxonasiga ogohlantirish xati chiqardik. Telefon nomerlarini olib bog‘landik, lekin hech qanaqa reaksiya bo‘lmadi. Hurmatli sudya, ular bitta o‘rik daraxtini quritib qo‘ygan, bitta yong‘oq daraxtini shikastlantirgan, ildizlarini ochib tashlagan, o‘zi tepa qismidan qurishni boshlagan”, – deydi Abduvohidov.
Inspektorning aytishicha, o‘rikdan tashqari 2 ta yong‘oq daraxti ko‘p yillik bo‘lgani uchun moratoriyga tushgan. Shu bilan birga, inspektor o‘rik daraxtining qurib qolishi ekologiya organlari bergan qurilishga ruxsat xulosasini bekor qilishga asos bo‘lmasligini aytdi.
Quruvchi manfaatini himoya qilayotgan Marat Hayitov yong‘oq daraxtlari kesilmasligini bildirdi.
“Hozir 2 ta yong‘oq daraxti to‘g‘risida aytildi. Ular avtoturargohdan tashqarida, ya’ni quriladigan mehmonxona va ofis binolari o‘rtasidagi yashil hududda joylashgan. U daraxtlar kesilmaydi. Bu loyihamizda ham ko‘rsatilgan. Loyiha belgilangan tartibda, hammasi elektron ravishda kiritilgan, uni xohlagan joydan chiqarib kelishsa bo‘ladi.
2023 yil 24 dekabr kuni Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlandi. Biz qurayotgan hududning orqasidagi joylar hammasi qayta rekonstruksiyaga tushgan binolar hisoblanadi. Ya’ni buzilib, 2045 yilgacha qayta qurilishi kerak. Bu hudud “Eco House” MChJga ajratilgan. Ular bilan kelishuvimiz bor. Ya’ni ular tomonidan bosh rejaga muvofiq loyihalashtirilgan binolar qurilishiga mehmonxona binosi ta’sir qilmaydi. O‘shalarni hisobga olib, arizachi Rahimova hamda boshqalarning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilmagani sabab arizani qanoatlantirishdan rad etishingizni so‘rayman”, – dedi Hayitov.
Ishni o‘rganib chiqqan sudya, da’vogarlarning javobgar Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga nisbatan loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha 2024 yil 15 iyuldagi 125381700-sonli xulosani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talabini qanoatlantirishni rad etdi.
To‘rt nafar da’vogar hisobidan davlat budjetiga 362 500 so‘m davlat boji va Oliy sud departamentiga 43 000 so‘m videokonferensaloqa xarajatlari undiriladi.
Qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatish haqidagi dastlabki himoya chorasi bekor qilindi.
Mavzuga oid
19:35 / 25.12.2025
Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan sudyalar ishdan olindi
18:28 / 25.12.2025
“Credit House” ishida sud boshlandi: birinchi kun qanday o‘tdi?
18:56 / 22.12.2025
“Credit House” ishi bo‘yicha sud boshlanmoqda
18:18 / 18.12.2025