Jahon | 22:48 / 17.02.2026
7887
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi mehnat migrantlari orasida o‘zbekistonliklar ko‘pligi ma’lum bo‘ldi

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda mehnat ruxsatnomasidan eng ko‘pini Turkiya fuqarolari olgan - 1 mingga yaqin. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston - 700 ga yaqin va Hindiston – 500.

Foto: UNIAN

Ukrainada mehnat migrantlarini jalb qilish uchun katta ehtiyoj mavjud bo‘lib, bu urush yillarida tobora kuchayib bormoqda. Biroq, Ukrainada ishlashni xohlovchilar soni kamayib bormoqda, dedi Ukrainaning «Ofis migratsionnoy politiki» rahbari Vasiliy Voskoboynik.

«Urush davrida berilgan ruxsatnomalar soni sezilarli darajada kamaydi. 2024 yilda 6 mingga yaqin mehnat ruxsatnomasi berilgan. 2025 yilda men hali raqamlarni ko‘rmadim, lekin butun mamlakat bo‘yicha 8-9 mingta ruxsatnoma bo‘ladi», dedi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urushdan oldin, 2021 yilda Ukrainaga ishga joylashish uchun 24 mingta ruxsatnoma berilgan yoki uzaytirilgan.

«Ajablanarlisi shundaki, 2024 yilda Bangladesh va Pokistondan butun mamlakat bo‘ylab bir necha yuz kishi bor edi. Eng ko‘pi bu Turkiya, O‘zbekiston, Ozarboyjon edi», dedi Voskoboynik.

Uning ta’kidlashicha, 2024 yilda eng ko‘p ruxsatnomani Turkiya fuqarolari olgan - 1 mingga yaqin. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston - 700 ga yaqin, Hindiston - 500, Ozarboyjon - 400, Xitoy - 350, Bangladesh - 319, Pokiston - 205 va Nepal – 146.

17 fevral kuni iqtisodchi Oleg Pensin Ukraina har yili taxminan 300-400 ming mehnat migrantini olib kelishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukraina mehnat bozori uchun katta chaqiriq.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid