Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gigantga aylanib ulgurgan Xitoy: O‘zbekiston undan nimalarni o‘rgansa bo‘ladi?
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida Xitoyga ilk safari taassurotlari, xususan xitoyliklar cho‘llarni qanday o‘zlashtirayotgani va suv resurslari borasida fundamental muammoga ega O‘zbekiston uchun bunday tajribalarning ahamiyati haqida so‘z yuritadi.
O‘tgan hafta o‘zbekistonlik jurnalistlar va tadqiqotchilardan bir guruhi Xitoy Xalq Respublikasiga ilmiy-amaliy safar qilishdi. Ular safida men ham safarda ishtirok etdim. Biz XXRning Ninsya provinsiyasi poytaxti Inchuan shahrida hamda respublika darajasidagi shahar – Tianjianda bo‘ldik va universitetlar, suniy aql markazlari, sanoat korxonalari, yirik taraqqiyot loyihalari bilan tanishdik.
XXR – bugun dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti. Nominal yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha AQShdan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Biroq, YaIMni sotib olish qobiliyati pariteti (PPP) asosida baholanganda, XXR dunyoning eng yirik iqtisodiyoti sifatida ko‘riladi. Agar AQShning jahon iqtisodiyotidagi ulushi taxminan 15 foizni tashkil etsa, XXRning ulushi 18 foiz atrofida. Bu 3 foizlik farq bir qarashda katta ko‘rinmasligi mumkin, lekin amaliyotda u juda katta iqtisodiy ustunlikni anglatadi.
Keyingi 30 yil ichida XXRda taxminan 400 millionga yaqin aholi qashshoq va kambag‘al sinfdan o‘rta sinfga ko‘chdi. Ya’ni, 30 yilcha oldin bu 400 millionga yaqin aholining yaxshi uy-joy sharoitlari yo‘q edi, sifatli ovqatlanish va kiyinish, farzandlariga sifatli ta’lim berish, mashina olish va yilda bir marta bo‘lsa-da davlat ichida yoki xorijga safar qilish imkoniyati yo‘q edi. Bugun esa bunday imkoniyatlar bor. Bugun o‘rta statistik xitoy oilasida kamida bitta avtomobil, sharoitlari yaxshi uy-joy, farzandlarini o‘qitish uchun imkoniyatlar bor.
XXR – keyingi yillarda O‘zbekistonning, Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi yoki ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. XXR bilan mintaqamizning iqtisodiy bog‘liqligi o‘sib bormoqda va istiqbolda aloqalar faqat kuchayishi kutiladi. XXR – O‘zbekistonning, MOning qo‘shnisi. O‘zbekistonning Andijon viloyatidan XXRning chegarasigacha bo‘lgan masofa bor-yo‘g‘i 150 km. O‘rtada faqat Qirzig‘iston bor xolos. Bugungi kunda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, XXRni bog‘lovchi temiryo‘l ham qurilmoqda.
Safar chog‘ida O‘zbekiston vakillari Lenovo kompaniyasi zavodiga ham borib, kompaniya tarixi va yangi mahsulotlari bilan tanishdi. Lenovo – bugungi kunda personal kompyuterlar ishlab chiqarishda dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Kompaniyaning 2024/25 moliyaviy yildagi umumiy tushumlari 69 mlrd dollarni tashkil qilgan, yillik sof daromad esa o‘tgan yilgiga nisbatan 36 foizga oshib, 1,4 milliard dollarga yetgan.
Garchi bu safar chog‘ida o‘zbekistonlik jurnalistlar, siyosatshunoslar XXRning ko‘plab ahamiyatli loyihalari bilan tanishgan bo‘lsa-da, mening nazarimda eng ahamiyatlisi – quyosh energiyasini o‘zlashtirish va cho‘lni obodonlashtirish loyihalari edi.
Ninsya avtonom rayoni Xitoyning markazidan shimolda joylashgan. Markaziy shahri – Inchuan. Bu avtonom rayonda Tengeri, ya’ni o‘zbek tilida “Tangri” deb ataladigan yirik cho‘l mavjud. Bu cho‘l Xitoydagi to‘rtinchi yirik cho‘l hisoblanadi va umumiy sarhadi 43 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Ushbu Tengeri cho‘lida xitoylik mutaxassislar ikkita juda yirik loyihani amalga oshirishmoqda.
Birinchi loyiha – quyosh energiyasini o‘zlashtirish. Bugun Ninsya avtonom rayonida jami 6 milliondan oshiq quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu – dunyodagi eng yirik quyosh elektrostansiyasi hisoblanadi. Tasavvur qilish uchun, 6 million quyosh panellari bilan Antarktida materigini o‘rab chiqsa bo‘ladi. Quyosh panellari shu qadar katta sarhadni egallaganki, ko‘z nuri tushadigan olis nuqtalar ham quyosh panellari bilan qoplangan. Panellar muttasil quyoshga qarab burilib turadigan mexanizmlar ustiga, yerdan 3 metrgacha balandlikka o‘rnatilgan. Bu panellar ostida yovvoyi hayvonlar, tuyalar bemalol o‘tib yura oladi. Bu panellardan olinayotgan elektroenergiya 1,5 million oilaning barcha ehtiyojlarini to‘liq qoplaydi ekan.
Ikkinchi mega loyiha – bu cho‘llarni o‘zlashtirish, yashillashtirish. XXR cho‘l hududlarini juda samarali yashillashtirayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu loyihada ishtirok etayotgan mahalliy ekspertlar bilan suhbatlashdik. Ularning aytishicha, cho‘lni o‘zlashtirishdagi eng asosiy muammolar – qumning muttasil ko‘chishi, shamol sabab barhanlarning joyi o‘zgarib turishi ekan. Qum ko‘chishini to‘xtatish uchun xitoyliklar somondan panjaralar yasab, qum orasiga joylab chiqish texnologiyasini (straw grid method) qo‘llar ekan. Shunda 3-4 yil davomida qum ko‘chishining oldi olinar ekan. Natijada bu somonli kvadratlar o‘rtasiga kam suv iste’mol qiluvchi uzun tomirli o‘simliklar ekilar ekan. Oradan ma’lum yillar o‘tib, ushbu o‘simliklar orasiga o‘rta va ko‘proq suv iste’mol qiluvchi, o‘rta va katta bargli daraxlar ekilsa, ko‘karish ehtimoli osharkan. Odatda, cho‘lni to‘liq daraxtzorga aylantirish uchun 30 yillik vaqt va qarov kerak bo‘lishini tushuntirishdi. Ekilgan ekinlarning ko‘karish koeffitsiyenti 85 foizni tashkil qilishi aytildi. Bu – juda yaxshi ko‘rsatkich.
O‘zbekistonning ham kattagina sarhadlari dasht va cho‘ldan iborat. Qolaversa, aholini elektr eneriyasi bilan ta’minlash masalasi ham dolzarb. Bizda demografik o‘sish yuqori. Sanoatlashuv ham jadal ketmoqda. Suv resurslari esa, aksincha, taqchillashib bormoqda. Demak, biz suvni tejash va ayni paytda cho‘llarni o‘zlashtirish, quyosh enegiyasidan maksimal foydalanish borasida Xitoy tajribasidan ko‘p narsalar o‘rganishimiz mumkin.
Kamoliddin Rabbimov
Mavzuga oid
16:33 / 06.01.2026
«Rasm sifati yaxshi, to‘g‘rimi?» - Li Xitoy bilan munosabatlarni tiklashga urinmoqda
18:46 / 05.01.2026
Tojikiston va O‘zbekiston Xitoy va Yevropaga multimodal yo‘lakni ishga tushiradi
21:54 / 04.01.2026
Xitoyda internetda litsenziyasiz holda xabar tarqatish taqiqlandi
11:11 / 04.01.2026