Jahon | 23:05 / 24.02.2026
15734
8 daqiqa o‘qiladi

Oq emas, ko‘k-sariq bayroq ko‘tardik – Zelenskiy urushning 4-yilida murojaat yo‘lladi

Ukraina prezidenti Rossiya bosqini boshlanganining 4 yilligida xalqiga murojaat yo‘llab, Ukraina o‘z davlatchiligini saqlab qolganini, Putin «uch kunlik» deb boshlagan hujumida g‘alaba qilolmaganini ta’kidladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy katta urush boshlanganining to‘rt yilligida ukrainlarga murojaat qildi. U o‘z mamlakati va aholisi 2022 yil 24 fevralidan buyon qanchalik katta yo‘lni bosib o‘tgani haqida gapirdi hamda Kiyevning Bankova ko‘chasidagi mashhur bunkerni ko‘rsatdi – Rossiya hujumining ilk oylarida bu yer uning ish kabinetiga aylangandi.

«Bugun Putin Kiyevni egallash uchun uch kunlik harakatini boshlaganiga roppa-rosa to‘rt yil bo‘ldi. Bu bizning qarshiligimiz, Ukraina butun shu vaqt davomida qanday kurashgani haqida ko‘p narsani anglatadi. Ushbu so‘zlar ortida millionlab odamlarimiz, beqiyos jasorat, aql bovar qilmas darajadagi og‘ir mehnat, chidam va Ukraina 24 fevraldan beri bosib o‘tayotgan uzoq yo‘l turibdi», – dedi prezident.

Zelenskiy urushning dastlabki onlarida nima qilgani, o‘zini qanday tutgani va hamkasblari bilan urush boshlangach o‘tkazgan birinchi telefon qong‘iroqlarini esladi. Uning aytishicha, Bankova ko‘chasidagi bunkerda joylashgan kichik xonadan dunyo yetakchilariga qo‘ng‘iroq qilgan, o‘sha vaqtdagi AQSh prezidenti Bayden esa Zelenskiydan Ukrainani tark etishni so‘ragan.

«Biz bu obektni ilgari hech qachon ko‘rsatmagan edik – hozir u bo‘sh, albatta, lekin urush boshida bu yerda yuzlab odamlar bor edi… Bu ofis – Bankova ko‘chasidagi bunkerdagi mana shu kichik xona – urush boshida dunyo yetakchilari bilan ilk suhbatlarimni o‘tkazgan joyimdir. Shu yerda men prezident Bayden bilan gaplashganman va aynan shu yerda: „Vladimir, xavf bor. Siz Ukrainani zudlik bilan tark etishingiz kerak. Biz bunga yordam berishga tayyormiz“, degan gaplarni eshitganman. Va aynan shu yerda menga „taksi emas, o‘q-dori kerakligi“ni aytganman», – deya xotirlaydi u.

Prezident ukrain xalqining birdamligi 4 yildan beri qarshilikning asosiy ustuni bo‘lib kelayotganini ta’kidlagan.

«Tanlov shunday edi. Millionlab ukrainaliklar o‘shanda qilgan tanlov. Xalqimiz oq bayroqni ko‘tarmadi – ular ko‘k-sariq bayroqni himoya qilishdi. Bu yerda gul ko‘targan olomon kutib olishini o‘ylagan bosqinchilar esa buning o‘rniga harbiy komissariatlardagi navbatlarni ko‘rishdi. Xalqimiz qarshilikni tanladi. Jangchilarimiz mahkam turdi, tinch aholi esa shahar va qishloqlarni, ko‘cha va hovlilarni himoya qildi. Oddiy odamlar „tirik devor“ bo‘lib, harbiy texnika kolonnalarini to‘xtatib qoldi va hammamiz birgalikda yo‘lini yo‘qotgan Rossiyaga yagona to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib qo‘ydik», – deydi Ukraina rahbari.

U Ukrainaga berilgan har bir yordam, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ortida qattiq mehnat turganini qayd etadi.

«Rostini aytsam, ba’zida vaziyat boshqacha edi – bu yerda ham rasmiy, ham qo‘pol til ishlatilgan, chunki har bir yordam paketi, Rossiyaga qarshi har bir sanksiya, har bir qurol jo‘natmasi – bularning barchasi uchun chinakamiga kurashish kerak edi. Biz Ukrainadagi ishonch uchun jon-jahdimiz bilan kurashishimiz lozim edi. Biz dunyoning rostdan ham aralashishiga ishonch hosil qilishni istadik», – deya ta’kidladi prezident.

Zelenskiyga ko‘ra, 2022 yilning 24 fevrali eng uzun kun bo‘lgandi. Shundan so‘ng kurashayotgan tomon ushbu asnoda hafta, oy va shunday qilib 4 yilni o‘tkazdi. Ukrainlar buni unutmaydi, bugun haliyam rus neftini bemalol sotib olayotganlar buni eshitsin, deydi u. Prezident faqat mudofaa emas, Ukraina qarshi hujumni ham amalga oshirganini aytdi.

«Ukraina nafaqat bardosh berdi, nafaqat mudofaani ushlab turdi, balki qarshi hujum ham qildi. Butun shaharlarimiz tarixga kirdi, ular qahramon shaharlardir. Balakliya, Izyum, Kupyansk, Xerson. Bosqinchilar Kiyevdan, Sumidan, Chernihivdan qanday quvib chiqarilganini ko‘rdik. Dushmanning harbiy inshootlari va neftni qayta ishlash zavodlarining yonib ketayotgani tasvirlaridan boshqa hech narsa Ukraina kayfiyatini ko‘tarmaydi. Bu birinchi marta sodir bo‘lganida – bu katta yangilik edi. Hozir esa bu deyarli har kuni bo‘lmoqda», – deydi Ukraina rahbari.

Zelenskiyga ko‘ra, Putin Ukrainani jang maydonida mag‘lub eta olmasligini tushungan va shuning uchun dunyodagi ikkinchi armiya deyilgan rus armiyasi ko‘p qavatli uylar va elektr stansiyalari bilan urushmoqda. Deyarli har kechamiz dahshat, bunga yana kim bardosh bera olardi hayronman, deydi prezident.

«Urush orasida hamma joyda natijaga erishish, har bir hujumdan keyin o‘zini tiklash, har safar havo mudofaasini raketalar bilan to‘ldirish, har kuni ertalab ishga borish, doimiy ravishda safda turish, dunyo bilan teng huquqli ravishda gaplashish. Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olish, minglab mahbuslarimizni uyga qaytarish, Davosdan BMTgacha bo‘lgan barcha xalqaro platformalarni ukrainaparast qilish, Ukrainaning ovozini dunyoda balandroq qilish, «Yevrovideniye»da g‘alaba qozonish, «Oskar» va «BAFTA» mukofotlarini olish, boks bo‘yicha mutlaq jahon chempioni bo‘lish va ukrainaliklar eng yuqori darajadagi sharafga ega ekanliklarini isbotlash – bu bema’ni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining har qanday oltinidan ancha qimmatliroqdir», – dyedi prezident.

Murojaati davomida Zelenskiy urush davrida Ukrainaga kelgan davlat rahbarlarining safarlarini ham esladi. Ular do‘st ekani, hech nimadan qo‘rqmagani, ikkilanmagani, Putinni g‘azablantirib qo‘ymaslik haqida qayg‘urmaganini ta’kidladi. Men tarixda yorug‘lik tomonini tanlagan har bir rahbarga, Ukrainani tanlaganlarga rahmat aytaman, dedi u. Zelenskiy kun kelib hozirgi AQSh prezidenti ham Ukrainaga kelishi, haqiqiy azob nima ekanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, kimga bosim o‘tkazish kerakligini tushunishidan umidvor ekanini qo‘shimcha qildi.

«Bu ko‘cha jangi emas, bu kasal davlatning suveren davlatga hujumi va bu urush Putinniki. U uning boshlanishi sababi va oxiriga to‘sqinlik qiluvchi asosiy sabab», – deya te’kidladi Zelenskiy.

So‘zi oxirida esa prezident chindan ham urush tugashini istashini, lekin Ukraina tugashiga yo‘l qo‘ymasligini aytib o‘tdi.

«Biz mustaqilligimizni himoya qildik, davlatchiligimizni yo‘qotmadik. Ukraina nafaqat xaritada bor, balki Ukraina xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisidir. Poytaxtimiz tik turibdi, Xarkiv, Sumi, Chernihiv, Dnipro, Zaporijjya, Kramatorsk, Odessa, Lviv ham. Boshqa shaharlar ham. Putin o‘z maqsadlariga erishmadi. U ukrainlarni sindira olmadi. U bu urushda g‘alaba qozonmadi. Biz Ukrainani saqlab qoldik va tinchlik hamda adolatni ta’minlash uchun hamma ishni qilamiz», – deya so‘zini yakunladi Volomidir Zelenskiy.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid