Jahon | 22:15 / 08.03.2026
7875
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil BAA Eronga zarba bergani haqida xabar qildi. BAA bu xabarni rad etdi

3 mart kuni ham Isroilning «12 kanal»i Qatar Eronga hujum qilgani haqida xabar bergandi. Ammo Doha bu xabarni rad etgan, mamlakat tashqi ishlar vazirligi Qatar Eronga qarshi kampaniya ishtirokchisi emasligini bildirgandi.

Foto: Bloomberg

Birlashgan Arab Amirliklari Eronga zarba berdi, deb xabar qildi Isroilning Ynet nashri hamda Kan 11 telekanali jurnalisti Itay Blyumental.

«Urush boshlanganidan buyon birinchi marta BAA Erondagi suvni chuchuklashtirish inshootiga zarba berdi», — deb yozdi jurnalist X tarmog‘ida o‘z manbasiga tayanib.

Ynet nashrining yozishicha, Isroil bu zarbani Eronga berilgan shunchaki signal deb baholamoqda. Qayd etilishicha, agar Eron BAAga zarbalarni davom ettiradigan bo‘lsa, amirliklar cheklangan shaklda bo‘lsa ham Eronga qarshi harbiy kampaniyaga qo‘shilishi mumkin.

BAA mudofaa vazirligi Eronga zarba berilgani haqida e’lon qilmadi. Keyinroq BAAning yuqori martabali mulozimlaridan biri The Jerusalem Post nashri bilan suhbatda bu xabarni rad etdi. BAA federal milliy kengashi huzuridagi mudofaa qo‘mitasi raisi Ali Rashid an-Nuaymi ham Eronga zarba berilganini inkor qildi.

3 mart kuni ham Isroilning «12 kanal»i Qatar Eronga hujum qilgani haqida xabar bergandi. Ammo Doha bu xabarni rad etdi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi Qatar Eronga qarshi kampaniya ishtirokchisi emasligini bildirdi.

Shu bilan birga, Isroil OAV Iroqdagi kurd kuchlari Eronga hujum boshlaganini yozdi. Bu xabar ham inkor etildi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid