Jamiyat | 16:23 / 24.11.2025
7359
18 daqiqa o‘qiladi

“Hokimiyat tomonidan tadbirkorni faqat ezish bo‘lib qoldi” – tadbirkorlar nimadan norozi?

Toshkentda hokimiyatdagilarning buyrug‘ini bajarmagani uchun tadbirkorlarning ishlab turgan obekti elektr tokidan uzib qo‘yilayotgani aytilmoqda. Kun.uz'ga murojaat qilganlarga ko‘ra, bu birinchi marta bo‘layotgan holat emas. “Hokimiyatdan kelishadi, unisini, bunisini muammo qilib, svetingni o‘chiraman deydi. Faqat topib olgan ishi svetni o‘chirish”, deydi tahririyatga intervyu bergan ishbilarmonlardan biri.

Mirzo Ulug‘bek hamda Olmazor tumanlarida ishlovchi 2 nafar tadbirkor Kun.uzʼga murojaat qildi. Ularning har ikkisida vaziyat o‘xshash: hokimiyat vakillarining buyrug‘ini bajarmagani sabab birining jarrohlik amaliyoti ketayotgan klinikasi, ikkinchisining mijozlarga xizmat qilib turgan restorani elektr tokidan uzib qo‘yilgan.

Tadbirkorlar rasmiylarning bu xatti-harakatidan qattiq e’tirozda. Ularning aytishicha, hokimiyatdagilar tomonidan bunday bosimlar doimiy qilib kelinadi, yurtdoshlarimiz buni tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish deya baholamoqda.

Yangi qarorlar, yangi qonunlar chiqdi degani, tadbirkorning ta’zirini ber degani emas-ku”

Xususan, Mirzo Ulug‘bekda restoran ishlatuvchi Xurshid Ahmedov 11 noyabr kuni tashqi reklamani olib tashlash bo‘yicha muammo yuzaga kelganini, restoran ma’muriyati buni bajarishga kechikayotgani uchun poytaxt hokimiyatidan tuzilgan maxsus shtab og‘zaki buyruq bilan obektning chirog‘ini uzganini ma’lum qildi.

11 noyabr kuni [Toshkent shahar] hokimiyat vakillari tashqi reklama bo‘yicha kelishdi. Men o‘zim ishxonada emas edim, menga qo‘ng‘iroq bo‘lyaptiki, restoranning svetini o‘chirib ketishdi, deb. "Nega o‘chirishadi?" desam, "Tashqi reklamani olib tashlashimiz kerak ekan", deyishdi. Keyin telefonni olib, "Ber, o‘sha hokimiyat vakiliga, kim ekan, qanaqa, tanishinglar-chi" desam, kelgan odamning o‘zi asli hokimiyatda ishlaydigan bola emas ekan. U shunchaki shtabga biriktirilgan xodim ekan. Hokimiyat vakili deb Ziyovuddinov Izzat aka degan odam tanishtirdi.

O‘sha odamning buyrug‘i bilan biz chiroqni o‘chirdik”, dedi. Bitta biznikini emas, bu yerda B&B kafe o‘chdi, keyin pastroqda yana ikkita-uchta restoranning svetlarini o‘chirishdi. Keyin ishxonaga keldim. Endi restoranda odam ko‘p bo‘lgan. Biz amerikancha ovqat [qilamiz], taomnomamiz shunaqa bo‘lgani uchun asosiy mijozlarimiz chet elliklar: turistlar, keyin Amerika elchixonasidan vakillar ko‘p atrofimizda turishadi, ko‘p kelib turishadi. Hatto mana menyularimizda ham ingliz tili, rus tilida versiyalar bor. Svetni taq etib o‘chirib qo‘yishgan, mijozlarni uzr so‘rab chiqarib yuborishgan. Nimaga, qanaqa — hamma hayron.

Orada to‘rt soat svet bo‘lmagan. Men shifoxonadan kelib, ularni topib, kim, nima, qanaqa, muammo nimadaligini bilib, kelib so‘rasam, muammo reklamalarni olish kerak ekan. Xo‘p, yaxshi, reklamalarni olamiz. Lekin nega svetni o‘chirdinglar, degan savol. Mana, meni hozir qiynayotgan narsa – qonunning ijrosi judayam qo‘pol ravishda, uni buzib, misol uchun, hech qanaqa sababsiz [shu ishni qilishdi]. Men HET (Hududiy elektr tarmoqlari)ga telefon qilyapman, “sizlar o‘chirdinglarmi?”, ularning umuman xabari yo‘q. Hech kimning hech narsadan xabari yo‘q. Faqatgina qanaqadir komanda bo‘lgan, kimdir uni “o‘chir” degan.

Bizga shunaqa shantajli ko‘rinishda aytilyaptiki: “yoki mana shu narsani qilasan, “svet”ingni yoqib beraman, yoki yoqmayman”. Bilasizmi, eng qiziq narsani aytib beraman. 3-4 oy oldin Mirzo Ulug‘bek HET bizga chiqib: “reklama uchun alohida hisoblagich qo‘yasizlar”, dedi. Alohida hisoblagich bo‘yicha tashqarida yongan har bitta reklamamiz uchun 3 150 so‘m pul to‘layotgan edik. Menda savol tug‘ildi, nega faqatgina reklamani o‘zining hisoblagichini emas, butun restorannikini o‘chirib qo‘ydinglar?

Pitssa qiladigan joy bo‘lganidan keyin sutli mahsulotlar muzlatkichda aynib qoladi. Telefonda o‘sha Izzat aka degan odamga tushuntiryapman: “Aka, mana bunaqa, mana bunaqa muammo. Mening majburiyatim bor, mijozlarim bor, stollar band qilingan. Hozir agar siz menga chiroqni yoqib bermasangiz bo‘lmaydi” dedim. “Mayli, men yoqib beraman, lekin tepangizda bitta odamim turadi. Agar siz mana shu narsani bugun mabodo qaysidir sabab bilan qilmasangiz, baribir o‘chiramiz”, deb shunaqa ohangda aytilyapti endi. Bilasizmi, kasal odam, men kechgacha shu yerda o‘tirdim, turdim”, – deydi Ahmedov.

Aslida tashqi reklama bilan bog‘liq qonunchilik Vazirlar Mahkamasining 2020 yil fevraldagi 104-sonli qarorida nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lsa tashqi reklama deb baholanadi va belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtirilib, to‘lov qilinishi talab etiladi.

Ahmedov bu qaror qabul qilinganiga 5 yil bo‘lganini, nega rasmiylar vaqtliroq tadbirkorlarga ogohlantirish berib, targ‘ibot ishlarini olib bormaganini tanqid qildi.

Bizni hokimiyat vakili yoki o‘sha shtab boshlig‘i chaqirib, mahallaga yig‘ib: “o‘rtoq tadbirkorlar, qonun o‘zgardi, mana bundoq, mana bundoq. Buni bundoq qilamiz, buni bundoq qilamiz”, deb bizga ogohlantirish berilganda, targ‘ibot-tashviqot ishlari bo‘lganda, bizda muammo bo‘lmas edi. Biz ularga bo‘ysunmasak yoki “yo‘q” deb haydab solsak, men tushunaman, bu – muammo. Lekin unaqa bo‘lmadi, biz xo‘p deyapmiz. “Bo‘ldi, qilamiz. Shuni qilish kerakmi? Bo‘ldi, hozir qilamiz. Faqat bizga vaqt beringlar. Bu chapak chalgan bilan bo‘lib qoladigan narsa emas. To‘rtinchi qavatdan [tashqi reklamani] tushirish kerak”. Shu orada qo‘shnimizga bitta alpinistni chaqirishdi, u alpinist yiqilib tushib, umurtqasini sindirdi. Ketma-ket bo‘lyapti. Men “shoshilinch ish mana shunaqa bo‘ladi”, deyapman.

Agar bir og‘iz aytib yoki qanaqadir sud qarori yoki bir parcha qog‘oz bilan kelib, “mana, bugun sizlarga shunaqa qaror chiqqan, hozir svetlaringni uzamiz-da, sizlarning faoliyatingizni to‘xtatamiz” deganda ham men tushunardim”, – deydi u.

4 noyabr kuni Toshkent shahar hokimiyatining Raqamli rivojlanish departamenti restoran egasiga tashqi reklama yuzasidan ogohlantirish xati yuborgan. Unga ko‘ra, binoning old qismiga o‘rnatilgan statik yozuvli LED monitori reklama sifatida baholangan va 3 kunda demontaj qilish talabi qo‘yilgan.

Shu LED ekraninglarga ruxsat olinglar, deyishdi. Xo‘p, deb biz ishga kirishdik, rasmlarni oldik, hokimiyatga topshirdik va ularning portalida bu narsa jarayonda ekan, hali to‘liq ishlamagan ekan, to‘liq javob bera olmadi. Orada qisqa muddat o‘tyapti, hech narsaga erisha olmaymiz. Biz aytyapmiz, biz hujjatni topshirdik, desak, “yo‘q, ko‘rishda endi olindi, endi biz bugun keldik, demak sizlar olib tashlashinglar kerak batamom”.

Xo‘p, olamiz, gap bo‘lishi mumkin emas. Faqat ozgina vaqt beringlar. Shu ozgina vaqtimiz ham yo‘q ekan-da. Mana, muammo shu yerda. Kelib, “aka, mana bugun keldim oldingizga, olib tashlang, boshqa qiling” deganda, hech qanaqa muammo bo‘lmas edi. Yechib olib chiqib, joy-joyiga qo‘yib qo‘yar edik. Qonun bor, lekin nima, qanaqa, umuman qiziq emas. To‘lash kerakmi, o‘sha solig‘ini to‘laymiz, chunki chet elda ham to‘laganmiz, bu yerda ham to‘laymiz. Hamma joyda bu narsa ishlaydi. Faqat uning ijrosi – unga yondashuv.

Bir davlat tomonidan yangi qarorlar, yangi qonunlar chiqdi degani, hukumat tomoniga bir qanaqadir yangi qamchi berdi, bu bilan endi tadbirkorning ta’zirini ber degani emas-ku. Balki u narsani bizga to‘g‘ri targ‘ibot, tashviqot bilan “akalar, mana bu, mana bu, mana bu narsalar mana buncha o‘zgardi” desa bo‘ladi.

18 yil chet elda bo‘lgan bo‘lsam, shundan 10 yili Amerikada bo‘lganman. Amerikada biznes yuritib yurgan paytimizda, mana hozirgi yangi prezidentimiz kelib, zamon o‘zgardi, kelinglar, tadbirkorlik bilan shug‘ullaninglar, boshqa qilinglar, deganda ishonib, biz bu yerga kelganmiz-da. Shu ishlarni qilyapmiz. Mana, Xudoga shukur, hozir ishlab turibmiz. Kamchiliklar yo‘q emas, bor, ishlarni yurgizib turibmiz. U yerda, bu yerda o‘rganyapmiz. Lekin muammo nimada? Muammo biznes bilan hukumat vakillari orasidagi munosabatda. Bilasizmi? Mana shu munosabat agar sog‘lom bo‘lsa, rivojlanish bo‘ladi. Agar bir tomon bir tomonga doim tazyiq o‘tkazaversa yoki qamchining kuchi bilan bu ishni bitkazadigan bo‘lsa, bu yerda qanaqa qilib ish bo‘ladi?

Men o‘zim doim hamma narsani qonuniy qilib yurishni yaxshi ko‘radigan odamman. Remen taqish kerakmi, remenimni taqib yuraman. Lekin bunaqa vaziyatda shuncha qilib turganingda ham senga mana bunaqa tazyiq o‘tkazganidan keyin odamning ozgina jahli chiqarkan. Shuning uchun mana shu narsani hukumat vakillari eshitib, ozgina biznes bilan murosa qilinsa yoki o‘shanga to‘g‘ri yetkazilsa... Men aytdim: “ukam, shu narsalarni 10 kun oldin hammani yig‘ib, bir joyda majlis qilib, joy bo‘lmasa, mana, bizga kelib, hammani mana shu yerda o‘tqazib, akalar, ukalar, mana bunaqa o‘zgarishlar kiritilyapti qonunga, falonchi chislodan mana shunaqa, mana shunaqaga majbur bo‘lamiz, shungacha harakatinglarni qilinglar”, desa bo‘larmidi? Yoki ko‘chadan dabdurustdan kelib, “bo‘ldi, sen bugun shu ishni qilasan, bo‘lmasa men svetingni o‘chiraman” deyish kerakmi? Ugroza-da bu. Mana shu ugroza odamni ozgina ranjitdi.

Toshkent shahar hokimiyati hokim yordamchisi Ziyovuddinov Izzat aka degan odam ekan. Shu odam boshchiligida bo‘ldi bu narsa. O‘zlari aytdi telefonda mana, mening familiyam shunaqa, Ziyovuddinov Izzat desa biladi meni, dedi”, – deydi murojaatchi.

Ahmedov rasmiylar o‘zini bunday tutganidan qattiq ranjiganini bildirarkan, aslida hokimiyatning elektr tokini uzib qo‘yish vakolati bor yoki yo‘qligini savol sifatida o‘rtaga tashladi. Material davomida bunga alohida to‘xtalib ham o‘tiladi.

Bu faqat hokimiyat tomonidan tadbirkorni ezish bo‘lib qoldi”

Ungacha esa Olmazor tumanidagi tadbirkorlardan birining vaziyati haqida gaplashsak. Shaxsi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz stomatologiya klinikasini yuritadi. Uning aytishicha, tuman hokimiyatining maxsus ishchi guruhi obektini tokdan uzgan vaqtida klinikada jarrohlik amaliyoti o‘tayotgan bo‘lgan.

Soat 1 dan 10 daqiqa o‘tganda tumanda obodonlashtirish ishlari bo‘lishi kerak ekan, o‘sha Beruniy shohbekati tomonida. Prezident tashrifi bor ekan. Men o‘zim sal uzoqroqda, shahar chetida edim. Qorovulim bilan uchrashib, nimaga obodonlashtirish ishlarini qilmadinglar, bruschatkalaring yaxshi emas ekan, devor fasadini bo‘yanglar, u yerda, bu yerda qilinglar deb besh-oltita takliflar berib ketishibdi. Tashqi reklamamiz yo‘q, biz bir hafta oldin to‘liq yechib tashlagan edik, ulardan muammo yo‘q edi. Olmazor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari o‘zlari kelib, o‘sha yerda turibdilar-da, he yo‘q, be yo‘q, bizning butun boshli binomiz svetini o‘chiribdi.

Svetga pulimiz bor, to‘lovlarimiz bor. Bizniki klinika. Klinikada mijozlar bor, o‘sha payt operatsiya bo‘layotgan edi, kun sovuq, kelib o‘zidan-o‘zi butun boshli binoning svetini butunlay o‘chirib qo‘ydi. Sababi nima? Men yo‘lda telefonda gaplashib kelyapman. Obodonlashtirish ishlari tashkil etilmaganini ro‘kach qilib o‘chirishibdi.

Menimcha, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashning o‘rniga, bular bilmayman, tuman hokimiyatlari qayoqqa qarayapti? Shu bilan soat ikki yarim, uchlarga yaqin keldim. Kelsam, shu yerda hokimiyat xodimlari turishibdi. Mana bu, mana bu ishlarni qilishingiz kerak ekan, bruschatkangizni yangilashingiz kerak ekan, deyishdi. Ekinlar ekishimiz kerak ekan, bino fasadining rangi yoqmabdi. Mayli, dedik. Xo‘p, bo‘ldi, bu hammasini qilib beraman. Baraka topkurlar, svetni qo‘shib beringlar, yoqinglar, desam, yo‘q deyishdi. Bizga topshiriq bo‘lgan, mana shu, mana shu topshiriqlarni qilganingizdan keyin svetingizni yoqib beraman, deyishdi.

Endi soat uch yarim, to‘rt. Usta topdik, bruschatka oldik, yarim kech bo‘lishiga qaramasdan, biz usta topdik, bruschatkalarimizni to‘g‘riladik, binoning fasadini qiling deyishdi, fasadlarni qildik. Ishonasizmi, kechqurun 8:30 da svetimizni zo‘rg‘a yoqib berishdi. Endi o‘sha kuni ob-havoni bir ko‘ring. Shu noyabrning boshida, 8 yoki 9 noyabr edi. Bu ketishda tadbirkor ishlaydimi yoki nima qiladi, tushunmadim-da. Shunga biz hayron qoldik. Bu endi birinchi marta bo‘lgan narsa emas-da. Hokimiyat tomonidan kelishadi, unisini, bunisini muammo qilishadi-da, svetni o‘chiraman deydi. Faqat topib olgan ishi – svetni o‘chirish”, – deydi u.

Tadbirkor o‘sha kunning o‘zida bu ishlar uchun 25 million so‘m xarajat qilganini bildirdi. U hokimiyat vakillarining bu tarzda bosim o‘tkazishini qattiq qoraladi.

Men Xudoga shukur, pul to‘layman, yer solig‘ini, svetga pul to‘layman. Biz jinoyatchi emasmiz. Prezidentimiz aytyaptilar, tadbirkorlarga qancha yordam beryaptilar. Nima bular tadbirkorga bir osmondan keladi? Bunday vakolati bormi? Xo‘p, har bitta binoga kirsin, “iltimos, mana bunaqa talablarimiz bor, mana bularni qarab qo‘yinglar”, desa, odamgarchilik yuzasidan aytsa, hamma tadbirkor qilib qo‘yadi. Uyimizda to‘y bo‘lib, mehmon kelsa, uyimizni chiroyli qilib qo‘yamiz-ku, hammamiz qilamiz. Tashqi reklamalarga ham kelishdi, kesib-kesib tashlashdi. Uch-to‘rt kun oldin kelib, “mana bunaqa qilinglar, buni olib tashlanglar, buni olib tashlanglar”, desa, hamma olib tashlaydi. Ha, kelib tars-turs qilib tashlashdi. Qo‘pol qilib aytganda, bu faqat hokimiyat tomonidan tadbirkorni ezish bo‘lib qoldi. Hali bir hokimiyatdan bitta foyda ko‘rmadik. Faqat kelib “svetingni uzaman”, deydi. Olmazor tumani hududiy elektr ta’minotiga chiqqanman. Ular ham hech nima qilib bera olmadi”, – deydi klinika egasi.

Kun.uz ayni masalada Hududiy elektr tarmoqlari AJ matbuot xizmati bilan bog‘lanib, izoh so‘radi. Ma’lum qilinishicha, elektr tokidan uzib qo‘yish vakolati faqatgina HETda mavjud. Amaliyot jismoniy va yuridik shaxslarning qarzdorligi bor vaziyatdagina tatbiq etiladi.

Tumanlarda hokimliklarning vakolati sal kengaygan. Biznikilar ham hokimliklar bilan borib, uzishda qatnashgan bo‘lishi mumkin. Lekin keyslar haqida ma’lumot olmagunimizcha buni aniq aytolmaymiz.

Agar elektr energiyasidan qarzdorlik bo‘lmasa, hech kim tadbirkorlik faoliyatiga aralashishi mumkin emas. Ular doim prezident himoyasida. Hokimlikning Hududiy elektr tarmoqlari AJga, tuman va shahar filiallariga aytib, elektr tokidan uzib qo‘yishga haqqi yo‘q”, – dedi AJ matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev.

Tahririyat shuningdek, Toshkent shahar hokimiyatiga ham bu bo‘yicha so‘rov jo‘natdi. Hozircha holatlar yuzasidan rasmiy izoh berilmadi.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid