Jahon | 19:40 / 25.07.2025
9140
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp va’da qilgan Patriot tizimlaridan birinchisi Ukrainaga yetib keldi

Jurnalistlar NATOdagi ittifoqchilar Trampni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasidagi fikrini o‘zgartirishga qanday undagani haqida yozishdi.

Foto: Jens Büttner / dpa / Scanpix / LETA

Patriot qurilmasi Ukrainaga Germaniyadan o‘tgan hafta oxirida, AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu tizimlar Kiyevga NATO ittifoqchilari hisobidan o‘tkazilishini e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib yetib kelgan. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph nashri o‘z manbalariga tayanib yozmoqda. Jurnalistlar o‘z maqolasida Trampning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasidagi fikrini o‘zgartirishda ittifoqchilarga qanday voqealar yordam bergani haqida batafsil hikoya qiladi.

The Telegraph ma’lumotlariga ko‘ra, buning boshlang‘ich nuqtalaridan biri 4 iyulga o‘tar kechasi Kiyev shahri o‘qqa tutilishi bo‘lgan. O‘shanda hujum oqibatida Polshaning Kiyevdagi konsulligi binosi ham jabr ko‘rgan, shundan so‘ng Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Trampning maxsus vakili Kit Kellog bilan bog‘lanib, AQShdan Ukrainaga zenit o‘q-dorilari yetkazib berishni tiklashni so‘ragan (o‘sha paytda ular Pentagonning inventarizatsiya o‘tkazish qarori tufayli to‘xtatilgan edi).

Nashrning yozishicha, Kellog «suhbat chog‘ida NATO ittifoqchisining elchixonasiga zarba berilgani haqidagi ma’lumot ushlab olgan». U bu haqda Trampga darhol xabar bergan. Shundan keyin o‘sha kuni o‘t ochishni to‘xtatish taklifini yana bir bor rad etgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatlashgan AQSh prezidenti Pentagonga Patriot komplekslari uchun raketalar yetkazib berishni zudlik bilan blokdan chiqarishni buyurgan.

The Telegraph’ning yozishicha, bu qarorga «Tramp Kiyevning tinchlik kelishuviga erishish yo‘lidagi pozitsiyalarini mustahkamlash uchun Amerika kuchidan foydalanish muhimligini anglagan birinchi holat sifatida» qaralgan. Yevropa davlatlari bundan AQSh prezidentini Ukrainani faolroq qo‘llab-quvvatlashga undash uchun foydalangan.

Avvaliga Germaniya kansleri Fridrix Mers Kiyevga jo‘natish uchun AQShdan Patriot qurilmalarini sotib olish tashabbusini bildiradi, keyin esa NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyans ittifoqchilari tomonidan Amerika qurollari uchun to‘lov qilish g‘oyasini taklif etadi. Tramp bu g‘oyalarga tezda rozi bo‘ladi, chunki ular uning tushunchasida «Amerikani yana buyuk qilish» siyosatiga mos kelardi, deb yozadi The Telegraph.

Natijada 14 iyul kuni Tramp NATO bilan qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi va agar urush yoz oxirigacha tugamasa, Rossiyaga qattiq sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi. O‘shanda u 17 ta Patriot kompleksi jo‘natishga tayyorlanayotgani, ularning ba’zilari «yaqin kunlarda» Yevropa mamlakatlaridan yuborilishini aytdi. Natijada, The Times yozishicha, hafta oxiriga kelib Ukraina chindan ham Germaniyadan bitta Patriot qurilmasini qabul qilib olgan.

22 iyul kuni Mers yana beshta Patriot yetkazib berilishini e’lon qildi, ulardan ikkitasi uchun Germaniyaning o‘zi, yana biriga Norvegiya to‘laydi (qolgan ikkitasiga kim to‘lov qilishiga kansler aniqlik kiritmagan). Biroq, Der Spiegel yozganidek, bu qurilmalar Ukrainaga faqat bir necha oydan keyin yetib borishi mumkin. Germaniyaning o‘zi uchun Kiyevga topshirilgan Patriot o‘rniga AQSh navbatdan tashqari yangi Patriot ishlab chiqaradi – ular Shveytsariyaga ilgari va’da qilingan buyurtmalar doirasida qayta yo‘naltiriladi.

Ukrainaning «Suspilne» nashri 23 iyul kuni AQSh bir vaqtning o‘zida Yevropaning bir necha davlatlari bilan ikki tomonlama muzokaralarni davom ettirayotgani, ularni o‘z Patriot’larini Ukrainaga topshirishga, keyinchalik ularni AQShdan yangi yetkazib berish bilan almashtirishga ko‘ndirayotgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid