Iqtisodiyot | 20:16 / 09.08.2025
4296
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda svet o‘chmasligi uchun yana 1,8 trillion so‘m ajratiladi

Oxirgi ikki yilda Toshkentda elektr ta’minotini yaxshilash uchun 2 trillion 800 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Prezident huzuridagi taqdimotdan keyin energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, bu ishlarni davom ettirish uchun yana 1,8 trln so‘m ajratilmoqda.

"O‘zbekiston 24" efiridan kadr

“Ikki yil ichida olib borilgan ishlar, ularning natijadorligi shuni ko‘rsatyaptiki, yuqori kuchlanishli tarmoqdan tortib toki mahalla kesimigacha bo‘lgan ishlarni amalga oshirmasak, avariyalar ortib boradi va sodir bo‘lishi ehtimoli katta. Shuni inobatga olib, Toshkent shahridagi har bir tuman kesimida bajariladigan ishlar, mas’ullar, hammasi belgilandi”, – dedi vazir “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida.

Mirzamahmudovga ko‘ra, hozirda generatsiya quvvatlari yetarli, lekin uni kafolatli yetkazib berish maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida energiya saqlash tizimlari qurilishini jadallashtirish, bunday loyihalarni yirik iste’molchilar kesimida ham amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

“Energetika sohasida ham mas’uliyatni [oshirish], ham zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishni ko‘zda tutuvchi normativ hujjatlarni, umuman qonunchilikni o‘zgartirish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi”, – dedi Energetika vazirligi rahbari.

Avvalroq prezident matbuot xizmati ushbu yig‘ilish haqida bergan xabarda Toshkentda bu yil 374 km elektr tarmog‘i, 11 ta nimstansiya va 62 ta transformator yangilanishini ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, bu yil yozda ham poytaxtda ko‘plab elektr uzilishlari ro‘y berdi. Buning ortidan “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ boshlig‘i, 11 ta tuman ETKlar boshliqlari va boshqa mansabdorlar intizomiy javobgarlikka tortildi.

Mavzuga oid