Jahon | 15:45 / 07.09.2025
7117
10 daqiqa o‘qiladi

Hibsga olingani aytilgan vazir, Dushanbeda harbiy parad va eksporti ko‘payadigan turkman gazi – MO hafta ichida

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri hibsga olingan-olinmagani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tojikiston prezidenti Xitoydagi paraddan keliboq parad o‘tkazdi. Turkmaniston ShHTga a’zo davlatlarga ko‘proq gaz yetkazib berishga tayyor. Qirg‘iziston Ilon Maskning Starlink internet tarmog‘iga ulanishga tayyorgarlik ko‘ryapti. Afg‘onistonda zilzila ro‘y berdi, minglab odamlar o‘ldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qozog‘iston vaziri hibsga olingani haqida feyk axborotlar tarqadi

Shu hafta Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri hibsga olingani haqida matbuotda xabarlar tarqadi. Biroq Respublika axborot vazirligi bu xabarni rad etib, vazir hibsga olinmaganini ma’lum qildi. Oradan 1 kun o‘tib esa Murat Nurtleuning ish joyida ekani rasmi e’lon qilindi. Matbuotga ko‘ra, vazir 5 sentabr kuni “Harvest Group” kompaniyasi vakili Almaz Alsenov bilan uchrashgan. Vazirning hibsga olingani haqida 4 sentabr kuni O‘rda nashri xabar bergandi. Tahririyatga ko‘ra, nafaqat Nurtleu, balki tadbirkor Gadji Gadjiyev va Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining ayrim yuqori lavozimli amaldorlari ham qo‘lga olingan. Nashr huquq-tartibot idoralaridagi manbaga tayanganini qo‘shimcha qilgan.

Vazirning hibsga olingani haqidagi ma’lumotni mamlakat axborot vaziri Aida Balayeva inkor qildi.

49 yoshli Murat Nurtleu bosh vazir o‘rinbosari hamda tashqi ishlar vaziri hisoblanib, hokimiyatda prezident To‘qayevning o‘ng qo‘li hisoblanadi, davlatning bosh diplomatlaridan biri.

Olmaotalik Nurtleu oddiy oiladan chiqqan, otasi haydovchi, onasi esa ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lgan.

Muratning akasi tadbirkor Shalkar Nurtleu. Sobiq o‘qituvchi neft sanoatida ishlagan, «Kokshetauminvody» va Sharqiy Qozog‘iston mintaqaviy energetika kompaniyasi direktorlar kengashi raisi lavozimlarida ishlagan. Vazirning yana bir qarindoshi Sayat Sauranbayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasida, singlisi Jamila Smayil esa Tashqi ishlar vazirligida ishlagan, Instagramʼda blog ham yuritadi. 

Nurtleu 1998 yildan beri vazirlikda ishlaydi, Qozog‘istonning Malayziya, Finlandiya va Estoniyadagi elchixonalarida ishlagan. Karerasining eng yaxshi davrlari To‘qayev prezidentligiga to‘g‘ri kelmoqda.

2022 yilning yanvar voqealari fonida Nurtleu va uning sheriklari martabasi oshdi.

Murat Abugaliyevich davrida Qozog‘iston xalqaro huquq normalariga rioya etishni talab qilib, BMT Nizomiga muvofiq muvozanatli tashqi siyosat yuritishga intilmoqda. Nurtleu davlatlar o‘rtasidagi barcha kelishmovchiliklarni faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal qilish kerakligini aytib keladi. Siyosatchi Xitoy, Rossiya va AQSh vakillari bilan muzokaralar olib borib, suv resurslari tugashini Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy muammolaridan biri deb atagan.

Tojikistonda harbiy parad o‘tkazildi

Tojikiston prezidenti Xitoy safarini paradda ishtirok etish bilan yakunlab, davlatiga qaytgach, oradan 2 kun o‘tib o‘zi ham harbiy parad o‘tkazdi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, harbiy tadbir Tojikiston Milliy gvardiyasi tashkil etilganining 30 yilligi, mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tdi.

Imomali Rahmon barcha harbiy xizmatchilarni yubiley bilan tabriklab, ularga mamlakat mustaqilligi va tinchligini himoya qilish muhimligini eslatdi, shuningdek, gvardiyaning davlatchilik rivojidagi xizmatlarini yodga oldi.

Paradda 5000 dan ortiq harbiy xizmatchilar, jumladan, Qurolli kuchlar, xavfsizlik idoralari va huquq-tartibot idoralari vakillari qatnashgan. Zirhli texnika va harbiy texnikalar namoyish etildi, jangovar samolyotlar osmonda manyovrlar qildi.

Milliy gvardiya 1995 yilda suverenitet, jamoat tartibi va strategik obektlarni himoya qilish uchun tashkil etilgan.

“Bugun tojik xalqining tarixiy an’analarini hisobga olgan holda yangi milliy davlatchilik timsoli sifatida tarafimizdan tashkil etilgan Milliy gvardiya maxsus maqsadlardagi qudratli harbiy tuzilmaga aylandi, bu esa o‘z navbatida mustaqillik va erkinlik, mamlakatimiz hududiy yaxlitligi, shuningdek, davlat va jamiyat xavfsizligini himoya qilishning muhim omillaridan biridir”, - dedi prezident.

Imomali Rahmon harbiy va xavfsizlik kuchlarini professionallik, hushyorlik va vatanga sadoqat namunasi bo‘lishga chaqirdi.

Respublika Milliy gvardiyasi mamlakat Qurolli kuchlari bo‘linmalaridan biri bo‘lib, prezidentga, Qurolli kuchlar Oliy bosh qo‘mondoniga bo‘ysunadi va davlat rahbarining zaxiradagi kuchi hisoblanadi.

Qirg‘iziston Ilon Maskning Starlink internet tarmog‘ini sinovdan o‘tkazishga tayyorlanmoqda

Prezident qarori asosida Qirg‘izistonda Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlarini ko‘rsatish uchun sharoit yaratish bo‘yicha tajriba loyihasi tayyorlanmoqda. Bu haqida Raqamli rivojlanish vazirligi e’lon qildi.

Deputat Dastan Bekeshev ham vazirlikka Starlink tizimiga qonuniy ulanish masalasi bilan murojaat qilganini yozdi. Unga 2 iyul kuni idoralararo ishchi guruh tuzilib, qonunchilikdagi cheklovlarni o‘rganib, pilot loyihani amalga oshirish taklifi kiritilganini vazirlik ma’lum qilgan.

“Pilot loyihaning ishga tushirilishi Starlink kompaniyasiga loyihadagi ishtiroki bilan Qirg‘iziston hududida sun’iy yo‘ldosh aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi”, - deyiladi departamentda.

Deputat Dastan Bekeshevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, fuqarolar Starlinkka ulanish uchun qonuniy imkoniyatga ega bo‘lishadi, bu arzonroq va tezroq internet degani.

Starlink bu – Ilon Maskning SpaseX kompaniyasi global loyihasi bo‘lib, u past Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi internetni ta’minlaydi. Tizim optik tolali yoki mobil aloqa mavjud bo‘lmagan uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlarda ham tarmoqqa kirish imkonini beradi. Ulanish uchun foydalanuvchiga maxsus terminal kerak – sun’iy yo‘ldosh antennasi va router.

13 avgust kuni Starlink Qozog‘istonda sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini rasman ishga tushirgandi. Qirg‘izistonda esa 2025 yil oxirigacha, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda 2026 yilda ishga tushirilishi kutilayotgani xabar qilingan.

Qirg‘izistonning tog‘li hududlari uchun bu haqiqiy yutuq bo‘lishi mumkin: baland tog‘li qishloqlar va yaylovlar aholisi barqaror internetga ega bo‘ladi, bu esa ta’lim, biznes va tashqi dunyo bilan aloqa qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. 

Turkmaniston ko‘proq gaz beradi

Turkmaniston ShHTga a’zo davlatlarga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini oshirishga tayyorligini e’lon qildi. Bu haqida prezident Sardor Berdimuhammedov Tyanszindagi sammitda gapirib o‘tdi. 

«Biz energetika sohasida yaqin hamkorlik tarafdorimiz. Turkmaniston ShHT davlatlariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini oshirishga tayyor», - dedi Turkmaniston prezidenti.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Turkmaniston ham elektr energiyasiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

«Biz elektr energiyasi yetkazib berishning amaliy jihatlarini muhokama qilish, yo‘nalish va hajmlarni kengaytirishga tayyormiz. Umuman olganda, biz elektroenergetika sohasini ShHT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz», - deya qo‘shimcha qildi Berdimuhammedov.

 Afg‘onistonda talafoti katta zilzila bo‘ldi

31 avgustdan 1 sentabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston sharqida ro‘y bergan zilzila minglab insonlarning hayotdan ko‘z yumishiga olib keldi. Yana 4000 nafardan ortiq inson jarohatlangan. Bu haqda «Tolibon» hukumati rasmiysi Zabihullo Mujohid ma’lum qildi.

«Mahalliy rasmiylar va aholi jabrlanganlarni qutqarish uchun hamma choralarni ko‘ryapti. Poytaxtdan va atrof viloyatlardan yordam guruhlari allaqachon yo‘lda. Insonlarni qutqarib olish uchun barcha resurslar yo‘naltiriladi», - deya yozdi Mujohid X tarmog‘idagi postida zilziladan keyin.

8 mingdan ortiq uylar vayron bo‘ldi. BMT va qator davlatlar yordam ajratilishini e’lon qildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Afg‘oniston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi.

«Tolibon» harakati xalqaro yordam so‘rab murojaat qildi. BMT o‘zining favqulodda vaziyatlarga javob berish jamg‘armasi (SERF) orqali 5 mln dollar ajratdi. Buyuk Britaniya jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 million funt sterling ajratishini e’lon qildi. Xitoy, Hindiston va Shveytsariya ham insonparvarlik yordami ko‘rsatishga va’da berdi, deb yozdi BBC News.

AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila mahalliy vaqt bilan 31 avgust soat 23:47 da sodir bo‘lgan, episentri Nangarhor viloyatining Jalolobod shahridan 27 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. U atigi 8 kilometr chuqurlikda bo‘lgan, chuqur bo‘lmagan zilzilalar esa odatda katta halokatlarga olib keladi.

Taxminan 20 daqiqadan so‘ng o‘sha viloyatda 4,5 magnitudali aftershok qayd etilgan. Yer silkinishlari tog‘li Kunar viloyatida ham sodir bo‘lgan. Ofat ta’sir qilgan hududlarda ko‘plab loyli va toshli uylar vayron bo‘lgan.

Mavzuga oid