Qirğizistonda sobiq prezidentning öğli hibsga olindi. Turkmanistonda ikkita suv ombori butunlay qurib ketdi. Afğonistondan Tojikiston çegarasiga qurolli hujum uyuştirildi, 3 qurbon içida Xitoy fuqarosi ham bor. Qozoğistonda parlament bir palatali bölişi aniqlaşmoqda, prezident konstitutsiyaga özgartiriş kiritiş uçun referendum ötkazmoqçi. Bu uning muddatini ham nollaştiradi.
Sobiq prezidentning öğli hibsga olindi
Qirğizistonda bir neçta siyosiy arboblar va ular qatorida sobiq prezident Almazbek Atamboyevning öğli Qodirbek Atamboyev hafta boşida qölga olindi.
Gap şundaki, 30 noyabr kuni qöşni davlatda parlament saylovlari ötkaziladi. Mana şu siyosiy jarayon avvalidan ommaviy tinçlikka salbiy ta’sir ötkazişi mumkin bölgan potensial xavf sanaluvçilar uşlanmoqda. Qirğiziston Milliy xavfsizlik davlat qömitasi davlat qöriqlaş xizmati sobiq rahbari Damir Musakeyev, sotsial-demokratlar siyosiy partiyasi yetakçisi Temirlan Sultonbekov, Qirğiziston parlamentining sobiq deputatlari Şaylobek Atazov va Kubaniçbek Qodirov ham hibsga olinganlar qatorida.
Respublika içki işlar vazirligi bayonotiga köra, qölga olingan aynan şu beş nafar şaxs parlament saylovlari yakunlari e’lon qilingaç, “ommaviy norozilik kayfiyati bor degan tasavvur yaratiş maqsadida mitinglar boşlaşni” rejalaştirgan. Xususan, ular “konstitutsiyaga zid talablar”ni ilgari suriş va “ma’muriy binolar, telekanallar, kuç tuzilmalari obektlari, qurol-yaroğ hamda jazoni ijro etiş muassasalarini egallab olişga uriniş”ni közlagan. Ya’ni bunday olib qaraganda hibsga olinganlar yana xalqni kötarişni reja qilgan deyilmoqda.
Masalan, IIV matbuot xizmatiga köra, tintuvlar çoğida qurol-yaroğ, öq-dorilar, granatalar, aloqa vositalari, moliyalaştiriş hujjatlari, harakat rejalari, giyohvand moddalar, şuningdek, 150 ming AQŞ dollari miqdoridagi pul mablağlari topilib, söng musodara qilingan.
Uşlanganlarga mamlakat Jinoyat kodeksining “ommaviy tartibsizliklarni uyuştirişga tayyorgarlik köriş” moddasi böyiça ayblov e’lon qilindi. Jami qölga olinganlar soni 10 kişi. Ularning barçasi sud qarori bilan 2026 yil 17 yanvarga qadar tergov izolyatorida qoladigan bölmoqda, xususan sobiq prezidentning öğli ham.
Hibsga olingan barça şaxslarning iş materiallarida 36-modda — “jinoyatga tayyorgarlik köriş” va 41-modda — “jinoyat iştirokçilarining turlari” qayd etildi.
Eslatib ötamiz, Qirğiziston parlamentiga saylovlar muddatidan oldin ötkazilmoqda. Çunki rejaga muvofiq bu siyosiy jarayon 2026 yilga möljallangan edi. Biroq şu yilning 25 sentabr kuni deputatlar öz vakolatlarini ixtiyoriy ravişda topşirgani sabab saylov oldinga belgilandi.
Sobiq prezidentning öğliga kelsak, u mamlakatda kuçli siyosiy figura emas, Qodirbekni hamma Almazbek Atamboyevning öğli sifatida taniydi xolos.
Turkmanistonda ikkita suv ombori quridi
Turkmanistonning Bolqon viloyatida Mammetköl va Delili suv omborlari butunlay qurib qoldi. Umuman qöşni davlatda ham qurğoqçilik har yilgidan-da jiddiyroq davom etmoqda. «Meteojurnal»ning yozişiça, 2024-2025 yillarning sovuq mavsumida yoğingarçilik kamligi tufayli yuzaga kelgan uzoq muddatli qurğoqçilik va Etrek daryosidan suv kelişining töxtaşi sabab ikki suv omborlari töliq qurib qolgan.
Mammetköl suv ombori 1964 yilda işga tuşirilgan bölib, uning umumiy siğimi 20,5 million kub metr, foydali hajmi esa 17,9 million kub metrni taşkil etadi. Delili esa 1970 yilda foydalanişga topşirilgan, uning umumiy va foydali hajmi 5,32 million kub metrga teng.
Etrek meteostansiyasi ma’lumotlariga köra, 2025 yilning faqat fevral va mart oylarida yoğingarçilik me’yorida bölgan, qolgan oylarda ularning miqdori me’yordan sezilarli darajada past bölgan. Iyun-avgust oylarida yomğir yoğmadi, kuz ham quruq keldi.
2025 yilning birinçi yarmida yoğingarçilik kamayişi tufayli Amudaryo havzasiga kirmaydigan suv havzalari va daryolarda gidrologik qurğoqçilik kuçaydi. Bu esa Murğob va Tajan suv omborlarida suv hajmining keskin kamayişiga olib keldi.
Turkmaniston qurğoqçilik masalasini qöşnilari bilan muhokama qilmoqda. Ba’zi OAV davlat qurib bormoqda, degan sarlavhali materiallarini e’lon qildi.
Afğonistondan Tojikiston çegarasiga hujum qilindi
Afğonistondan Tojikiston çegarasiga qurolli hujum uyuştirildi. Rasmiy Duşanbega köra, uşbu hujum oqibatida 3 kişi halok bölgan.
Ma’lum bölişiça, 26 noyabrga ötar keçasi Afğoniston hududidan “Şohin SM” MÇJ xodimlariga qurolli hujum uyuştirildi. Hodisa Xatlon viloyatining Şamsiddin Şohin tumanida joylaşgan “Yöl” çegara otryadi mas’ul hududida sodir bölgan.
Öqotar qurol va granatalar bilan jihozlangan dron yordamida amalga oşirilgan hujumda korxonaning uç nafar xodimi, jumladan, Xitoy fuqarolari halok bölgan.
Tojikiston Taşqi işlar vazirligi Afğonistonda joylaşgan jinoiy guruhlar çegaraoldi hududlarda vaziyatni beqarorlaştirişga qaratilgan harakatlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Tojikiston tomoni çuqur taşviş bildirgan holda jinoiy guruhlar harakatini keskin qoraladi. Şuningdek, Afğonistonning amaldagi rasmiylarini qöşni davlat çegarasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlaş böyiça samarali çoralar körişga çaqirdi.
Ma’lumot örnida, “Tolibon”ning Badaxşon viloyati gubernatori Ismoil Ğaznaviy boşçiligidagi delegatsiya Tojikistonga borgan. Ularning safari aynan xavfsizlik masalalarini muhokama qiliş maqsadida taşkillaştirildi. “Tolibon” gubernatori Tojikiston Milliy xavfsizlik xizmati boş ştabi rahbari va boşqa rasmiylar bilan uçraşuv ötkazgan, deyiladi matbuotdagi xabarlarda.
Eslatib ötamiz, bu hujum KXŞTning Qirğizistondagi sammiti kunlari arafasida röy bermoqda. Qozoğistonning sobiq boş vaziri va uşbu taşkilotning hozirgi boş kotibi Imangali Taşmagambetov Afğonistondan Markaziy Osiyoga terrorizm real xavf ekanini gapirgan edi.
Qozoğistonda yana referendum ötkaziladi
Qozoğistonda prezident 2027 yilda umumxalq referendum ötkazilişini aytdi. Töqayev Ostona şahridagi muloqotda qatnaşib, nutq sözlar ekan davlatda bir palatali parlament bölişi, buning uçun esa konstitutsiyaga özgartiriş kiritiş kerakligini ma’lum qildi.
Tengrinews naşrining yozişiça, prezident qonun çiqaruvçi organ, ya’ni parlamentga malakali, çinakam tajribalilarni yiğmoqçi. Parlament professional bölişi kerak, u bir palatali qilinadi. Xalq 1 yillik muhokamadan ötsa, 2027 yilga umumxalq referendum belgilanadi. Demak, odamlar mohiyatan yangi konstitutsiya uçun ovoz berişi söraladi.
"Maqsadimiz – professional parlament yaratiş. Yangi qömitalar tuziş masalasini ham körib çiqişimiz kerak. Men raqamlaştiriş va mintaqaviy rivojlaniş qömitalari alohida tuzilma sifatida faoliyat yuritişi kerak deb öylayman. Bu masalalarning barçasi maxsus işçi guruh tomonidan çuqur örganiladi. Yana köplab islohotlar takliflari bor, ular atrofliça örganilib, keyin e’lon qilinadi. Qozoğiston prezidentining ham bu mavzuda bir qator muhim takliflari bor”.
Töqayev şuningdek, prezident tomonidan deputatlik uçun körsatiladigan nomzodlar metodini butunlay yöq qilmoqçi. Saylov bitta bölişi kerak va öşanda hammasi aniqlanmoği lozim.
“Şuning uçun referendumda xalq mohiyatan yangi konstitutsiya uçun ovoz beradi, desak xato bölmaydi. Ana şunday murakkab va hal qiluvçi davrda mamlakatimizda tinçlik va barqarorlikni saqlaş, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. Bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz “Qonun va qonunçilik” konsepsiyasini hayotga tatbiq etişga qaratilişi kerak. Huquq-tartibot idoralari öz kasbiy mahoratini namoyiş etib, iğvogarlik va “soya” siyosiy faoliyat bilan şuğullanişga urinişlarning oldini olişi kerak”.
Eslatib ötamiz, şu yilning 8 sentabr kuni prezident yaqin kelajakda Qozoğistonda bir palatali parlament yaratiş masalasini körib çiqişni taklif qilgan edi. U ikki palatali parlament ölaroq köplab deputatlar bölişini rad etmoqda.
“Uşbu islohot fuqarolik jamiyatida, ekspertlar va albatta, hozirgi parlamentda ham har tomonlama muhokama qilinadigan mavzu bölişi kerak. Öylaymanki, islohotning favqulodda xususiyatini inobatga olgan holda muhokama kamida bir yil davom etadi, şundan söng 2027 yilda umumxalq referendumi ötkazilişi, keyin esa konstitutsiyaga zarur özgartirişlar kiritilişi mumkin”.
Masalaning yana bir nozik tomoni borki, agarda konstitutsiyaga özgartiriş kiritiş uçun referendum ötkaziladigan bölsa, prezidentning muddati ham nollaşadi. Oxirgi marta saylov 2022 yilda ötkazilgan ekan, keyingisi 2029 yilda böladi. Töqayev konstitutsiyaga özgartiriş kiritib, prezidentlik muddatini 7 yilga bir martalik qilib qöydi. Avval Qozoğistonda 5 yilga ikki marta prezident böliş imkoni bor edi. Ba’zi OAVlar parlament bir palatali bölişi taklifi ortidan konstitutsion özgarişlar Töqayevga yana bir imkon berişi mumkinligi haqida ham yozmoqda. Lekin intervyularidan birida u 2029 yilda lavozimini topşirişi aniq ekanini bildirgandi.
















