Jahon | 11:51 / 14.09.2025
9336
12 daqiqa o‘qiladi

Turkmanlar ommaviy paxtada, Qirg‘izistonda o‘qituvchi defitsiti va «Tolibon»ning O‘zbekistonga da’vosi – MO hafta ichida  

Afg‘on matbuotida vertolyotlar qaytariladi, degan xabarlar tarqadi. O‘zbekiston TIV buni rad etdi. Qirg‘iziston maktablarida o‘qituvchi yetishmaganidan talabalar ishga olinmoqda. Tojikistonda muhtoj oilalarga pul tarqatildi. Qozog‘iston prezidenti parlamentni bir palatali qilishga bel bog‘ladi. Turkmanistonda ommaviy paxta terimi boshlandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Dushanbe meri odamlarga pul tarqatdi

Tojikiston poytaxti Dushanbeda 5 mingga yaqin muhtoj aholiga prezidentning o‘g‘li, shahar meri – Rustam Emomali nomidan pul tarqatiladi. Mahalliy nashr – Asia Plus Tajikistan’ning yozishicha, moddiy yordam oladiganlar qatorida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar va yetimlar, yo‘l xizmati xodimlari bor.

Bu bo‘yicha farmonni poytaxt meri Tojikiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan imzolagan. Poytaxt hokimligining xabarida ajratilgan yordam miqdori yoki shahar budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘larning umumiy miqdori ko‘rsatilmagan.

Bu yil 9 sentabr kuni qo‘shni davlat Tojikiston ham mustaqilligining 34 yilligini nishonladi, asosiy bayram tadbiri Ko‘lobda, Istiqlol maydonida bo‘lib o‘tgan. Bayram oldidan mahalliy tojik nashrlari 34 yilning eng asosiy voqealarini esladi. Bu avvalo – fuqarolar urushi.

Mustaqilligini e’lon qilgan Tojikiston o‘z tarixidagi eng og‘ir davrlardan birini - qonli fuqarolar urushini boshdan kechirgan. Emomali hokimiyatga kelib esa davlatni dunyoviy qilishi, demokratik huquqiy davlatlar tarafdori ekanini aytgandi. Fuqarolar urushi 1997 yildagi tinch-totuvlik bitimi bilan yakunlangan.

34 yillikning gigant loyihasi sifatida esa Rog‘un GESi ko‘rsatildi. 335 metrda joylashgan to‘g‘on dunyodagi eng baland bo‘lishi kutilgan. Qo‘shni davlat GES qurilishi yakunlanishi bilan Tojikiston elektr eksport qiluvchi davlatga aylanishiga umid bog‘lagan.

GES qurilishi sovet davrida, 1976 yilda boshlangan. Biroq SSSR parchalanib ketganidan keyin va fuqarolar urushi davrida loyiha muzlatib qo‘yilgan: mablag‘ yetishmasligi, suv toshqinlari inshootlarning bir qismini vayron qilgan. Keyinchalik mamlakat chet ellik investorlarni jalb qilishga urinib ko‘rdi, keyin esa Rog‘un GESi qurilishini o‘z kuchi bilan yakunlashga qaror qildi.

Tojikistondagi demografik o‘sish aholi sonidan nisbat olib qaraganda birinchi o‘rinda ketmoqda. Bugun bu davlatda 10,6 million aholi yashaydi va asosan yoshlar.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda tug‘ilish koeffitsiyenti har bir ayolga 3,3 bola bilan to‘g‘ri keladi, bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich deyiladi. Mana shu 3 omilni tojik nashrlari mustaqillik oldidan davlat erishgan yutuqlar sifatida ko‘rsatib o‘tdi.

Turkmanistonliklar ommaviy paxtaga chiqarildi

10 sentabrdan e’tiboran Turkmanistonda ommaviy paxta terimi boshlandi. TDH’ning yozishicha, davlatning barcha oblast va tumanlarida terim – qishloq xo‘jaligi kampaniyasi o‘laroq start olgan. Prezident Vazirlar mahkamasining 5 sentabr kungi majlisida 10 sentabrdan paxta mavsumini ochiq deb e’lon qilib, dalaga chiqqan kimki bor ularga omad tilagan. An’anaga ko‘ra, hamma qo‘lini duoga ochib, keksalar duo o‘qib paxta terish boshlangan.

O‘tgan yilning noyabr oyida Turkmanistonda paxta yetishtirish hajmini yanada oshirish maqsadida Prezident qaror imzolagan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «Turkmanpag‘ta» davlat konserni va barcha viloyatlar hokimliklariga 2025 yil uchun yillik paxta plan bo‘laklab berilgan.

Turkmanistonda har yili boshlanadigan paxta terimi aholi uchun televizordan ko‘rsatilganidek quvonchli voqea emas. Asosan davlat ishchilari dalaga haydaladigan terimni hukumatdagilar “Oq oltin mavsumi, boyish mavsumi” deb ko‘rsatishga urinishadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti o‘tgan yili ham Turkmanistondagi paxta terimida aholi yana majburiy mehnatga jalb qilingan deb topgandi. Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil kuzida mehnat tashkilotining 40 nafar mutaxassisi Turkmanistondagi paxta terimi davrida ishchilarni yollash va mehnat sharoitlari bo‘yicha mustaqil monitoring o‘tkazgan.

Ular davlatning barcha besh viloyati, 472 paxta dalalarida bo‘lgan. 1762 nafar terimchi va 472 nafar fermerlar bilan suhbatlashgan. Shuningdek, kuzatuvchilar 379 ta davlat muassasasida bo‘lib, ularda 2047 nafar xodim va 385 nafar rahbar bilan suhbatlar o‘tkazgan. Monitoring natijalariga asoslangan holda hisobot tayyorlangan. Unda kelishicha, monitoring olib borish xalqaro tashkilot vakillari uchun oson kechmagan, qarshiliklar bo‘lgan.

Suhbatda qatnashgan fermerlarning 20 foizi terimchilar davlat idoralarining dalaga majburan chiqarilgan xodimlari ekanini tan olgan. Yana bir guruh fermerlar esa voyaga yetmagan bolalar, tibbiyot muassasasi xodimlari va farroshlar ham dalada ekanini tasdiqladi. Suhbat o‘tkazilgan terimchilarning 16 foizi davlat ishchisi ekani, dalaga majburan olib kelinganini shaxsiy ma’lumotlari sir qolishi sharti bilan aytgan.

Kimki paxtaga chiqmasa, maoshidan ushlab qolinishi bildirilgan, bunga ko‘nganlar ham bor.

To‘qayev parlamentni bir palatali qilmoqchi

Qozog‘iston prezidenti mamlakat parlamentini bir palataliga aylantirmoqchi. Bu haqida To‘qayev o‘zining parlamentga qilgan yillik murojaatida aytib o‘tdi. Biroq jamoatchilik va siyosiy tahlilchilar bu tashabbusni turlicha tushunmoqda. Ba’zilar bu davlatda avtokratiyaning tugashi desa, ba’zilar qaror demokratiyaga yetaklamaydi degan fikrda.

Masalan, siyosiy jurnalist Gaziz Abishev fikricha, Nursulton Nazarboyev davridagi ikki palatali parlamentning yuqori palatasi – ya’ni Senat prezidentni himoyalash, uning hokimiyatini esa parlamentdan himoya qiluvchi institutga aylanib qolgandi.

Shu bois Prezident To‘qayev parlamentning ikkinchi palatasi mavjudligidan ma’no ko‘rmayapti, chunki bu tizim qonun ijodkorligi jarayoni samaradorligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Konstitutsiyada prezident ichki va tashqi siyosatni belgilaydi, oliy bosh qo‘mondon hisoblanadi, bosh vazir, huquq-tartibot idoralari rahbarlari nomzodini ko‘rsatadi, istalgan vaqtda ularni ishdan bo‘shatishi va parlamentni tarqatib yuborishi mumkinligi haqidagi qoidalar saqlanib qoladi, deydi Abishev.

Yana bir tahlilchi Nurseit Niyazbekovga ko‘ra, fikrlar plyuralizmi bo‘lmagan parlament adolatli bo‘lolmaydi. “Bunday tashabbus sabablari haqida gapirar ekanman, To‘qayevning nutqida men taklif etilayotgan parlament islohoti tarafdori bo‘lgan birorta dalilni sezmadim. Asosan, parlament islohoti bo‘yicha yigirma yillik muhokamalar qanday muhokama qilinayotgani ma’lum emas. Balki muhokamalar parda ortida o‘tkazilgandir, lekin bu masala jamoatchilik e’tiboriga havola qilinganini albatta eslolmayman.

Respublikaning ko‘p millatli va ko‘p konfessiyaliligini inobatga olgan holda, siyosiy tizimning demokratik xususiyatini, jumladan, uning turli xalq ommasining vakillik qobiliyati bilan o‘lchash kerak. Hozirgi parlament hech qachon nazorat va muvozanat tamoyiliga ko‘ra ijro hokimiyati ustidan nazoratni amalga oshiradigan samarali va mustaqil hokimiyat bo‘lmagan. Lekin yuqori palataning tugatilishi, albatta, davlat boshqaruvi tizimini demokratlashtirishga olib kelmaydi, dedi professor Niyazbekov.

Prezident To‘qayev esa Qozog‘iston parlamentini bir palatali qilish va Senatni tugatish taklifiga izoh berarkan, mamlakatda “kuchli prezident – nufuzli parlament – hisobdor hukumat” modeli saqlanishini alohida ta’kidladi. Qozog‘istonda parlament respublikasi joriy etish rejalashtirilmagan.

To‘qayev bu masala bo‘yicha referendum o‘tkazilishini va bunday muhim qarorlar xalq bilan kelishgan holda qabul qilinishini ma’lum qildi. Referendum 2027 yilda o‘tkazilishi haqida gap-so‘zlar bor.

Qirg‘iziston maktablarida o‘qituvchilar yetishmayapti

Davlat majburlikdan hattoki talabalarni ham ishga olmoqda. Bishkek shahar kengashining ijtimoiy masalalar bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilishida ta’lim bo‘limi mudiri Rahat Musayevaning aytishicha, o‘qishni bitirmagan talabalar rasman ishga qabul qilinyapti. Ta’lim vazirligi esa kadrlar yetishmovchiligi bo‘yicha choralarni ko‘rayotgani e’lon qilingan.

Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarining pedagogika fakultetlarining so‘nggi yillardagi talabalarini maktablarga ishga jalb qilish bo‘yicha xatlar berildi. Dual ta’lim doirasida ular bir yil davomida maktabda o‘qish va ishlashni davom ettiradi. To‘g‘risi, hafta boshida shunday buyruq berildi, talabalarni maktablarga jalb qilish ishlari boshlab yuborildi. Umid qilamizki, bu yaxshilikka xizmat qiladi”, - deydi Musayeva. Uning qo‘shimcha qilishicha, talabalarga maosh ham beriladi.

Deputat Erkinbek Salymbekov davlat granti bilan o‘quvchi talabalarning ishlash muddatini oshirishni taklif qildi. "Budjet asosida to‘rt yil o‘qiydi, stipendiya oladi, bir yil emas, to‘rt yil ishlagan taqdirda ham. To‘lov-kontrakt bo‘limi bitiruvchilari 20-25 ming so‘m maoshga ishlashga rozi bo‘lmasligi mumkin", - deydi deputat.

Eslatib o‘tamiz, o‘quv yili boshidan buyon Qirg‘izistonda ota-onalar o‘qituvchilar yetishmasligini aytib,  dars o‘tilmayotganidan shikoyat qilayotgandi.

Afg‘on matbuotida vertolyotlar qaytadi degan gap tarqadi, O‘zbekiston buni rad etdi

Afg‘oniston matbuoti O‘zbekiston hukumati 2021 yil avgust oyida olib o‘tilgan “57 ta harbiy vertolyot”ni Afg‘onistonga qaytarishga rozi bo‘lgani haqida xabar berdi. O‘zbekiston TIV matbuot xizmati bu xabarlarni rad etib, ularni «feyk» deb atadi.

8 sentabr kuni Afghanistan international manbalarga tayanib, “yaqin kunlarda O‘zbekiston Afg‘onistonga 2021 yilda avvalgi rejim qulashi paytida mamlakatdan olib chiqilgan 57 ta harbiy vertolyotini qaytarishi mumkinligi” haqida xabar berdi. 

Biroq shu paytgacha faqat 46 ta harbiy samolyot va vertolyot muhokama qilingandi.

11 sentabr kuni The Kabul Times nashri Afg‘oniston muvaqqat hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidga tayanib, O‘zbekiston Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytarishga rozi bo‘lganini yozdi.

57 ta harbiy vertolyotning topshirilishi tez orada amalga oshishi kutilmoqda va Afg‘oniston havo kuchlarini qayta qurish, shuningdek, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi”, — deya Mujohid so‘zlarini keltiradi nashr.

Eslatib o‘tamiz, AQShning Afg‘onistondagi 20 yili davomida rejim kerakli harbiy uskuna, samolyot va vertolyotlar bilan ta’minlangan edi. 2021 yil avgust oyida «Tolibon» Kobulni egallab olgan kunlarda 585 nafar qurolli afg‘on harbiy xizmatchilar bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot O‘zbekiston havo hududiga kirgan.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati aviatexnikalar Afg‘oniston mulki ekanini bir necha bor ta’kidlagan. O‘zbekiston rasmiylari esa samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanini va ularni qaytarib bo‘lmasligini aytgan.

2024 yil avgust oyida AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik aviatexnikalar O‘zbekistonga o‘tkazilayotganini aytib, “ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan”ini eslatgandi.

Mavzuga oid