Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ijtimoiy tarmoqlar osiyolik yoshlar uchun nega bu qadar muhim?
2008 yilda Indoneziyadagi Kalibiru qishlog‘i aholisi tog‘ning baland qoyasida ziplayn – po‘lat kanat bo‘ylab tog‘dan ekstremal tushishni sayyohlarni jalb etish uchun qurishdi. Biroq odamlar u yerga adrenalin emas, Instagram’ga ideal surat olish uchun kelishardi.
Mahalliy aholi ziplaynni qayta ishlab, ijtimoiy tarmoqlar uchun surat olish joyiga aylantirishdi. Kameralar o‘rnatishdi va suratkashlarni ishga olishdi. Maqsad – odamlarga g‘aroyib suratlarni olishga yordam berish. Suratlar darhol tashrifchilar telefoniga yuborilardi.
Osiyoda bu kabi instagram joylashuvlar juda ko‘p. Bunga talab ham bor – yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z taassurotlarini bo‘lishishni istaydi. Bugun odamlar nafaqat biror narsani ko‘rish uchun, balki ularni ko‘rishlari uchun ham sayohat qilishmoqda. Bu esa shaharlar uchun foydali. Ko‘p odamlar boshqalarning ta'tilidagi suratlarni ko‘rib, o‘zlari ham o‘sha joyga borishni istab qolishadi.
Instagram, WeChat va Facebook kabi blog va saytlar tufayli Kalibiru qishlog‘i juda mashhurlikka erishdi. Ba'zida suratga tushishni istovchilar olti soatlik navbatda turishlariga to‘g‘ri keladi. Bu qo‘shni manzilgohni 100 ming dollar to‘plash va qo‘riqxona o‘rmonida ikkinchi suratga tushish joyini ochishga undadi. Har ikkala qishloqqa har hafta 7 mingga yaqin kishi tashrif buyuradi.
McKinsey & Co., Visa Inc. va Singapore Tourism Board ma'lumotlariga qaraganda, Xitoydagi 97 foiz yosh sayyohlar o‘z ta'tillaridagi suratlarni internetga joylashtiradi. 2020 yilga kelib xitoyliklarning xorijdagi sayohatlari uchun xarajatlari 340 milliard dollargacha yetishi kutilyapti.
Endilikda Osiyoda mavqe Louis Vuitton va dizaynerlik kiyimlari bilan emas, sayohatlar bilan belgilanmoqda. Sayohatlar uchun Klook ilovasi asoschisi bu tendensiyani “boy berilgan foyda qo‘rquvi” deya nomlayapti. (ingl. FOMO – Fear of missing out). Odamlar do‘stlarining Facebook’dagi suratlarini ko‘rib, aynan shunday yoki undan-da yaxshirog‘iga erishishni istashmoqda.
“Barcha Instagram’da ideal suratga ega bo‘lishni istaydi. O‘ziga to‘q sayyohlarning yangi avlodi shaffoflikni xohlaydi, shuning uchun ham eksklyuziv, avval ma'lum bo‘lmagan joylarni izlaydi”, - deydi Indoneziyadagi Bawah Island eko-dam olish maskani egasi va raisi. Bu yerga tashrifchilar gidrosamolyotda yetkaziladi va u yerda mehmonxonaga tegishli dronlardan foydalanib, qush uchadigan balandlikdan g‘aroyib videolarni suratga olishi mumkin.
Tokio va Seulda foto-qahvaxonada stolda o‘tirib, tirik echki bilan latte ichib, suratga tushish mumkin. Sidneyda “akkauntlarni ijtimoiy tarmoqlarda mashhur qilish” bo‘yicha o‘z-o‘zini mutaxassis deb e'lon qilganlar odamlardan 123 dollar olishadi. Gonkongda 600 dollarga Instagram’da taomlar surati bo‘yicha ikki soatli kursni o‘tishingiz mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar osiyolik yoshlar uchun shu qadar muhimki, sayyohlarni suratga olishga taklif qilmaydigan gidlar saytlarda salbiy baholar oladi, - deydi Klook Travel onlayn-agentligi asoschilaridan biri Erik Gnok Fa.
U ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq ermaklar eng tez o‘sayotgan segmentlar qatoriga kiradi, deya hisoblaydi. Masalan, Kiotoda kimonolarni ijaraga olish mashhur – sayyohlar yaponlarning an'anaviy, yorqin kiyimini kiyadi, ularning sochi turmaklanadi, suratchilar esa kun bo‘yi ular bilan yurib, shaharning diqqatga sazovor joylarida suratga oladi.
Talabni oshirish maqsadida Klook’ning 1,5 mingga yaqin foydalanuvchisi o‘zlarining qiziqarli joylarda olingan suratlarini WeChat va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiradi. “Mashhur instagramerlarning postlari reklama o‘rnini bosyapti. Minglab obunachilarga ega tirik odamlar ko‘proq ta'sirga ega va samaraliroq”, - deydi Gnok Fa.
Klear tahliliy kompaniyasiga ko‘ra, 2016 va 2017 yillar davomida Instagram’dagi bunday postlar soni ikki baravar ko‘paydi.
Alliance Bernstein tashkiloti tahlilchilari mehmonxonalarga ijtimoiy tarmoqlarga ko‘proq sarmoya kiritishni tavsiya etishyapti. Ular sayyohlar uchun qanday qilib jozibali bo‘lish haqida maslahatlar ham berishadi. Masalan, “hovuzlarni instagramga mos qilish”, dizaynni esa “qiziqroq” ishlab chiqish.
Turar-joyni qisqa muddatli ijarasi Airbnb onlayn-maydonchasi xonadon egalariga uyni tasvirlashda yoshlarni o‘ziga jalb qiladigan biror buyum, masalan “yotoqxonadagi vintaj yopinchiq”ni ko‘rsatishni maslahat qilishmoqda.
Shunga qaramay, ba'zida sayyohlar joyni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib “hafsalalari pir bo‘lishi mumkin”. Ba'zilar Kalibiruning g‘aroyib suratlari haqiqatga mos kelmasligini aytishadi.
Ba'zida ideal selfini suratga olish istagi achinarli oqibatlarga olib kelishi ham mumkin. Xavfli joylarda suratga tushish vaqtida 260 ga yaqin kishi halok bo‘lgan yoki og‘ir jarohatlangan. Singapurlik erkak echkiemar bilan suratga tushmoqchi bo‘lganida jonzot unga hujum qilgan. Hindiston, Zambiya va Tailandda suratga tushayotgan to‘rt nafar sayyoh fillar oyog‘i ostida qolgan.
Avstraliyada gidlar hukumatdan Buyuk okean yo‘li yoqasida mustahkamroq to‘siqlar qurishni so‘rashyapti. Chunki ko‘plab tashrifchilar to‘siqdan oshib o‘tib, yaxshiroq surat olish uchun qoyaga ko‘tarilmoqda.
“Qoyalar tez maydalanuvchan, odamlar esa Instagram’ga surat olish maqsadida juda uzoqqa ketishni istashadi. Hozirda biror narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rish emas, barchaga sen o‘sha yerda bo‘lganingni ko‘rsatish muhim”, - deydi Melburndagi The Little Penguin Bus egasi va turoperatori Mak Makkrosti.
Mavzuga oid
20:34 / 16.01.2026
Avstraliya ijtimoiy tarmoqlarda bolalar davrini to‘xtatdi: qariyb 5 million akkaunt cheklandi
12:55 / 12.01.2026
Antivirus kompaniyasi millionlab Instagram foydalanuvchilarining ma’lumotlari sizib chiqishini qayd etdi. Instagram rad qildi
19:34 / 11.01.2026
Turoperatorlarga Malayziya va Indoneziyadan jalb qilingan har bir sayyoh uchun subsidiya beriladi
18:56 / 02.01.2026