Antivirus dasturlari ishlab chiqaruvchi Malwarebytes kompaniyasi bir necha kun oldin 17,5 million Instagram foydalanuvchisining «maxfiy ma’lumotlari» sizib chiqishi aniqlanganini xabar qildi. Kompaniyaga ko‘ra, sizib chiqqan ma’lumotlar ichida Instagram foydalanuvchilarining ID va nomlari, jismoniy manzillar, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va boshqa ma’lumotlar bor.
Kompaniya bu sizib chiqishni darknetni muntazam skanerlash jarayonida aniqlagan. Ma’lumotlar sizib chiqishi – 2024 yilda sodir bo‘lgan Instagram API'siga taalluqli hodisaga aloqador bo‘lishi mumkin.
Malwarebytes bu hujumni «Solonik» nomidan foydalangan haker bilan bog‘lagan. Hisobotga ko‘ra, ma’lumotlar 2026 yil 7 yanvarda BreachForums'da joylashtirilgan va shu orqali boshqa kiberjinoyatchilar uchun ham ochiq bo‘lib qolgan.

Sizib chiqish natijasida ko‘plab foydalanuvchilar Instagramʼdan parolni tiklash bo‘yicha bir nechta xat ola boshlagan. Mutaxassislarga ko‘ra, sizib chiqqan ma’lumotlar fishing hujumlari yoki akkauntlarni egallab olish kabi yanada jiddiy xurujlarga olib kelishi mumkin.
Biroq Meta kompaniyasiga tegishli Instagram ma’lumotlar sizib chiqmaganini va foydalanuvchi akkauntlari «xavfsiz» ekanini aytdi.
«Biz tashqi shaxslar ayrim odamlar nomidan parolni tiklash xatlarini yuborishga imkon bergan muammoni tuzatdik. Tizimlarimiz buzilmadi va Instagram akkauntlaringiz xavfsiz», — deyiladi Instagram raddiyasida.
Instagram, shuningdek «bu xatlarni e’tiborsiz qoldirish mumkinligini aytib, yuzaga kelgan chalkashlik uchun uzr» so‘ragan.
Instagram bu hodisani ma’lumotlar sizib chiqishi emas, deb aytsa-da, Meta ilgari ham bir necha bor ma’lumotlar sizib chiqishi bilan bog‘liq mojarolarga duch kelgan. Shu bois, kiberxavfsizlik mutaxassislari ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Instagram’da ham ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqish va parolni yangilash har doim foydali ekanini eslatgan.












