Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada “nazorat ostidagi shaxslar” ro‘yxatidan 160 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi chiqarildi
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olim Abdullayevning O‘zbekistondagi Rossiya elchisi bilan uchrashuvi doirasida mehnat muhojirlari masalalari muhokama qilindi. TIVning Konsullik-huquqiy departamenti vakili Temur Hamidovga ko‘ra, Rossiya IIV “nazorat ostidagi shaxslar” reyestridan 160 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosini chiqargan, shularning 70 mingdan ortig‘i Rossiyada o‘z huquqiy maqomini tartibga solgan.
Temur Hamidov Foto: “Dunyo” AA
Toshkentda o‘tgan hafta tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olim Abdullayev Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv natijalari haqida Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti attashesi Temur Hamidov “Dunyo” axborot agentligiga ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, muloqot do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan. Suhbat chog‘ida, avvalo, Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari va ularning oilalariga oid masalalar ko‘rib chiqilgan. Jumladan, bolalarning maktabgacha va maktab ta’limiga kirish imkoniyatlarini saqlab qolish, oilalar bilan birga qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Migratsiya tekshiruvlari va reydlar masalasi ham muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni har qanday harakatlar adolatli, inson qadr-qimmatini hurmat qilgan holda, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini kamsitmasdan amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi. Tomonlar Rossiyada fuqarolarimiz va ularning oilalari uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Temur Hamidovga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi mehnat muhojirlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularni ish boshlashdan oldin tayyorlash va rus tilini o‘rgatishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda Rossiyadagi ish beruvchilar bilan hamkorlikda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, Toshkent va Jizzaxdagi Rossiya OTM filiallari huzurida rus tili, tarix va Rossiya qonunchiligi bo‘yicha o‘quv markazlarini tashkil etish masalalari muhokama qilingan.
Mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish TIV va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari uchun ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlandi. Konsullik muassasalari fuqarolarga nisbatan huquqbuzarlik holatlarini oldini olish va bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2025 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik missiyalari va konsullik muassasalari 50 mingdan ortiq murojaatni ko‘rib chiqqan. 3 200 dan ziyod fuqaroga ishga joylashish yoki mehnat nizolarini hal etishda yordam ko‘rsatilgan, 58 ming 600 dan ortiq yangi ish o‘rni aniqlangan. 380 dan ortiq fuqaroga vijdonsiz ish beruvchilardan qariyb 310 ming dollar miqdorida maoshni undirishga ko‘maklashilgan.
Shuningdek, 1 300 dan ortiq fuqaroning ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan pasportlari qaytarilgan. Og‘ir holatga tushib qolgan 500 dan ortiq hamyurtimizga 125 ming dollardan ortiq moliyaviy va moddiy yordam amalga oshirilgan.
Migratsiya amnistiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tushuntirish va fuqarolarni belgilangan muddatlarda migratsiya organlariga murojaat qilish yoki Rossiyadan chiqib ketish orqali huquqiy maqomni tartibga solishga chorlash bo‘yicha kompleks tadbirlar o‘tkazilgan. “Legalizatsiya” masalalari bo‘yicha 84 mingdan ortiq fuqaro konsullik muassasalariga murojaat etgan.
Noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolarni pasportizatsiya qilish doirasida 5 700 dan ziyod kishining xorij pasportini rasmiylashtirish uchun hujjatlari qabul qilingan, 17,4 ming fuqaroga vatanga qaytishda amaliy yordam ko‘rsatilgan. 1 560 nafar fuqaro uchun vatanga qaytish aviachiptalari xarid qilingan.
Eng muhim yangilik sifatida TIV vakili quyidagini qayd etdi: Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, “nazorat ostidagi shaxslar” reyestridan 160 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi chiqarib tashlangan. Shularning 70 mingdan ortig‘i Rossiya migratsiya organlarida o‘zining huquqiy maqomini tartibga solgani, qolganlari esa belgilangan muddatlarda Rossiyadan chiqib ketgani yoki boshqa sabablarga ko‘ra ro‘yxatdan chiqarilgan.
TIV vakiliga ko‘ra, Rossiyadagi elchixona va bosh konsulxonalar qoshida 24/7 rejimida ishlovchi koll-markazlar, “ishonch telefonlari” va onlayn konsullik xizmatlari fuqarolarga masofadan turib huquqiy va amaliy yordam olish imkonini bermoqda.
Mavzuga oid
20:57 / 06.01.2026
Nestle xavfli toksin tufayli ko‘plab mamlakatlarda bolalar ozuqasini qaytarib olmoqda
15:25 / 06.01.2026
Rossiyaning eng badavlat biznesmenlari 2025 yilda 24 mlrd dollarga boyidi
13:58 / 06.01.2026
Rossiyada umrbod qamoq jazosiga hukmlar soni 2005 yildan beri eng yuqori darajaga chiqdi
11:10 / 06.01.2026