Jahon | 15:05 / 30.08.2025
2990
10 daqiqa o‘qiladi

Isroil bilan savdoni uzgan Turkiya, Falastin rasmiylarini vizadan mahrum qilgan AQSh va Ukraina uchun yangi Patriotʼlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Turkiya Isroil bilan savdo aloqalarini uzdi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan mamlakat Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni to‘xtatganini ma’lum qildi.

«Isroil ikki yildan buyon butun dunyo ko‘z o‘ngida asosiy inson qadriyatlariga ko‘z yumib, G‘azo sektorida genotsid jinoyatlarini sodir etmoqda. Biz falastinliklarni G‘azodan quvuvchi rejaga qarshimiz. Qanday reja taklif etilmasin, bu biz uchun amal qilmaydi», dedi u Turkiya Buyuk millat majlisida qilgan chiqishida.

Fidanning ta’kidlashicha, «Agar Isroilning G‘azoga telbavor hujumlar qilishiga imkon beriladigan bo‘lsa, bu butun dunyoda yong‘in kelib chiqishiga olib keladi».

«Biz Isroil bilan savdomizni butunlay to‘xtatdik, portlarimizni isroillik kemalarga yopdik va turk kemalariga Isroil portlariga borishga ruxsat bermaymiz. Biz Isroilga qurol va o‘q-dori olib borayotgan konteyner kemalarini portlarimizga kiritmaymiz, samolyotlarni ham havo hududimizga qo‘ymaymiz,» dedi Fidan.

Reuters’ning turk diplomatik manbasiga ko‘ra, Fidanning havo hududiga doir so‘zlari «Isroil hukumatining rasmiy parvozlariga va Isroilga qurol yoki o‘q-dori olib borayotgan parvozlarga” taalluqli. Tranzit tijoriy parvozlar bundan mustasno.

Fidan, shuningdek, Turkiya G‘azoga havodan yordam tashlash operatsiyasini o‘tkazishga prezident ruxsatini olganini bildirdi. «Samolyotlarimiz tayyor, Iordaniya ruxsatini olishi bilanoq biz buni amalga oshira olamiz», dedi u parlament a’zolariga.

Isroil hozircha Turkiyaning sanksiyalariga izoh bermadi. Faqat Isroil Milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta o‘ng radikal siyosatchi Itamar Ben-Gvir bundan qattiq jahli chiqqani ko‘rinib turibdi. U o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Turkiyani Hamasga teng deb post qoldirdi.

AQSh falastinliklarni Nyu Yorkdagi BMT yig‘ilishiga kirishiga ruxsat bermadi

Amerika Qo‘shma Shtatlar Davlat departamenti Falastin ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbosni kelasi oy Nyu Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMTning dunyo yetakchilari yig‘ilishiga borishiga ruxsat bermadi.

Davlat departamenti rasmiysining aytishicha, bu qaror natijasida Abbos va yana qariyb 80 nafar falastinlik rasmiylar vizadan mahrum qilinadi yoki ularning vizalari bekor qilinadi. Ular G‘arbiy Sohilda joylashgan Falastin ma’muriyati a’zolari hisoblanadi.

Mahmud Abbos Nyu Yorkdagi BMT bosh ofisi va Fransiya–Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan sammitda qatnashishi kerak edi. Bu yerda Britaniya, Fransiya, Avstraliya va Kanada kabi davlatlar Falastinni rasman davlat sifatida tan olish majburiyatini olgan.

Abbosning idorasi viza berilmasligi qaroridan hayratda qolganini bildirdi va bu qaror BMTning «shtab-kvartira to‘g‘risidagi kelishuvi»ni buzishini ta’kidladi.

Davlat departamenti juma kuni o‘z qarorida AQSh va Isroilning uzoq yillik da’volarini takrorladi: «Falastin ma’muriyati va FOT ekstremizmni rad etmagan va Falastinni «bir tomonlama tan olish»ga intilmoqda». Falastinlik rasmiylar bunday ayblovlarni rad etadi.

Davlat departamentining qo‘shimcha qilishicha, BMTdagi Falastin ma’muriyatining doimiy vakolatxonasi ushbu cheklovlarga kirmaydi. BMT matbuot kotibi Stefan Dujarrik bu masala BMT va AQSh o‘rtasidagi «shtab-kvartira to‘g‘risidagi kelishuv»ga muvofiq muhokama qilinishini bildirdi.

AQSh 1988 yilda ham FOT rahbari Yosir Arofatga viza bermagan edi. O‘sha yili BMT Bosh assambleyasi uni tinglash uchun yig‘ilishni Nyu York o‘rniga Jyenevada o‘tkazgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Rossiya qo‘shinlari 30 avgust, shanba tongida Ukrainaga zarba beruvchi dronlar va raketalar bilan hujum qildi. Ukrainaning aksariyat mintaqalarida havo hujumi xavfi e’lon qilindi. Xususan, Zaporojiye va Dnipro hujum ostida qoldi.

«Rossiyaliklar ommaviy hujum vaqtida Zaporojiye bo‘yicha kamida 12 zarba bergan», – deb yozdi viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana sakkiz kishi, jumladan bir bola, jarohatlangan. Xususiy uylar vayron qilingan, ko‘p qavatli uylar va sanoat korxonalari binolari shikastlangan.

Dnepropetrovsk viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lysak Dnipro va Pavlogradda portlashlar bo‘lganini bildirdi.

Rossiyaning bir necha kungi keng ko‘lamli hujumi oqibatida Kiyevda 25 kishi halok bo‘lgandi. AQSh shu kunlarda Ukrainaga umumiy qiymati 179,1 million dollar bo‘lgan Patriot havo mudofaa tizimlari va ular bilan bog‘liq jihozlarni sotishni ma’qulladi.

Bundan bir kun avval Davlat departamenti Ukrainaga 3 mingdan ortiq ERAM qanotli raketalarini sotishni ham ma’qullagandi. Ushbu xarid qiymati 825 million dollar deb baholangan.

«Xalqimiz yadro quroli sinovlaridan jabrlandi» — To‘qayev

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kunida qozoq xalqining SSSR paytidagi fojiasini eslatib, kelajak avlodlar uchun tinchlikni mustahkamlashga chaqirdi.

«Xalqimiz atom quroli sinovlarining eng og‘ir oqibatlari qurboni bo‘ldi. Bu fojia takrorlanmasligi kerak. Kelajak avlodlar uchun biz yadroviy qurolsizlanish va yadroviy sinovlardan voz kechish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirishimiz kerak. Tinchlik va xavfsizlik — butun insoniyatni birlashtiradigan eng oliy qadriyatdir», deb yozdi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

CCCR 1949 yildan 1989 yilgacha Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida yadro sinovlari o‘tkazgan. Bu davrda 450 dan ortiq yerusti va yerosti portlashlari amalga oshirildi.

Sovet ittifoqi parchalangach, 1991 yil 29 avgustda Semipalatinsk poligoni rasman yopildi. Qozog‘iston yadro qurolidan ixtiyoriy ravishda voz kechgan birinchi davlatlardan bo‘ldi.

Lekin SSSRning mustamlaka xalqlar boshiga solgan tashvishlaridan yana biri — yadro sinovlarining oqibatlari jiddiy radiatsiya ifloslanishiga olib keldi. Yaqin atrofdagi yuz minglab aholining sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Isroil rasmiylariga Londondagi harbiy yarmarkaga kirish taqiqlandi

Buyuk Britaniya Isroil rasmiylarining London qurol-yarog‘ yarmarkasiga kirishini taqiqladi. «Isroil hukumatining G‘azodagi harbiy operatsiyasini yanada kengaytirish qarori – xato. Shu sababli biz Isroil delegatsiyasi DSEI UK 2025 ko‘rgazmasiga taklif etilmasligini tasdiqlaymiz. Bu urush darhol tugashi uchun – zudlik bilan sulh, garovdagilarni qaytarish va G‘azo xalqiga humanitar yordam oqimini oshirish shart», deya hukumat vakilining so‘zlarini keltirmoqda CNN nashri.

Isroil mudofaa vazirligi esa Britaniya hukumatining qarorini keskin tanqid qildi: «Bu cheklovlar Isroil vakillariga nisbatan ataylab qilingan va afsuslanarli kamsitish harakati hisoblanadi». Shuningdek, u Isroil ko‘rgazmadan butunlay chiqib ketishini tasdiqladi.

Britaniya Mudofaa vazirligining tasdiqlashicha, hukumat vakillari chetlashtirilgan bo‘lsa-da, bu taqiq Isroilning xususiy qurol-yarog‘ kompaniyalariga tegishli emas. Xususan, Elbit Systems, Rafael, IAI va Uvision kabi Isroil mudofaa kompaniyalari ko‘rgazmada qatnasha oladi.

Fransiya hukumati ham iyun oyida Parijda bo‘lib o‘tgan dunyodagi eng yirik aviatsiya yarmarkasi – Paris Airshow'da Isroilning yirik qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalari Elbit Systems va Rafael stendlarini yopib qo‘ygandi. Sabab ular hujum qurollarini namoyishdan olib tashlashdan bosh tortgan edi.

Livandagi «moviy dubulg‘alilar» missiyasi tugatiladi

BMTning Livan janubidagi tinchlikparvar missiyasi Isroil va Livan o‘rtasidagi «moviy chiziq» deb atalmish hududda patrullik qilishni 2026 yil oxirida yakunlaydi. Bunday qaror BMT Xavfsizlik kengashining Nyu Yorkdagi yig‘ilishida qabul qilindi.

BMT Xavfsizlik kengashi bir ovozdan tinchlikparvar kuchlarning mandatini 2026 yil 31 dekabrgacha — missiya tarixidagi so‘nggi muddatga uzaytirish to‘g‘risida ovoz berdi. BMT rezolyutsiyasida aytilishicha, uning muddati tugagach, Livan hukumati bilan yaqin hamkorlikda missiyaning tashkiliy «xodimlarini qisqartirish va olib chiqish» boshlanadi. Bir yil ichida olib chiqish amalga oshiriladi, deya aniqlik kiritdi BMT.

BMTning Livandagi Muvaqqat kuchlari (UNIFIL) mamlakatda 1978 yildan buyon faoliyat yuritadi va 10 000 dan ortiq harbiy va fuqarolik xodimlaridan iborat. U Isroil va Livan o‘rtasida bufer bo‘lib xizmat qilish uchun yaratilgan. 2006 yilda Livanning «Hizbulloh» harakati va Isroil o‘rtasidagi urushdan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi asosida tinchlikparvar kuchlarning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. 

Mavzuga oid