O‘zbekiston | 09:34 / 30.10.2019
22481
3 daqiqa o‘qiladi

Chet elda ishlovchilarga pensiya beriladimi?

Foto: Ilya Pitalev

Endilikda chet elda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari respublikaga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida Pensiya jamg‘armasiga to‘lovlarni amalga oshirish orqali ish stajiga ega bo‘lishlari mumkin.

Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 oktyabrdagi 889-son qarori bilan, “Chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib bo‘lmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lovlari to‘lash tartibini, shuningdek ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2016 yil 22 fevraldagi 46-son Qaroriga muvofiq tasdiqlangan Nizomining 9-bandiga o‘zgartirish kiritildi.

Ushbu o‘zgarishga asosan, chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Respublikaga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida Pensiya jamg‘armasiga to‘lovlar (yagona ijtimoiy to‘lov)ni amalga oshirish orqali ish stajiga ega bo‘lishlari mumkin (avvalgi tartib bo‘yicha ushbu muddat uch oyni tashkil etar edi).

Ya'ni, chet elda ishlagan fuqaro chet elda bo‘lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, pasportdagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) hamda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning boshqa davlatda bo‘lgan vaqti va konsullik hisobiga qo‘yilganligi ma'lumoti ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadi va bir yillik davri uchun hisoblash bazaviy miqdorining 4,5 barobari (223000 x 4,5 = 1 003 500 so‘m) miqdorida yagona ijtimoiy to‘lov amalga oshirish orqali bir yillik ish stajiga ega bo‘lishlari mumkin.

Qayd etilishicha, ushbu ish stajlari kelgusida pensiya hisoblashda inobatga olinadi.

Mavzuga oid