Jahon | 00:45 / 21.04.2020
18831
6 daqiqa o‘qiladi

Koronainqiroz: AQShda ko‘plab gazetalar og‘ir vaziyatda qoldi

AQShdagi koronainqiroz ommaviy axborot vositalarini ham chetlab o‘tmadi. Mamlakatdagi iqtisodiy taranglik 28 mingga yaqin media sohasi vakilining ishsiz qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Patrick T Fallon / Bloomberg via Getty Images

The New York Times’ning yozishicha, AQShda ishsizlik yuqori xavf solayotgan guruhlardan biri yangilik tarqatuvchilar hisoblanadi.

Inqiroz davrida aholining yangilikka bo‘lgan talab va ehtiyoji har doimgidan ko‘ra oshganiga qaramay, yangilik tarqatuvchi bosma va onlayn gazetalarning ahvolini ijobiy deb bo‘lmaydi.

Sabab esa oddiy – o‘z faoliyatini cheklashga yoki mutlaqo to‘xtatishga majbur bo‘lgan biznes sub'yektlari reklama uchun pul to‘lay olmayapti. Natijada yangilik tarqatuvchilar o‘zining moliyaviy manbasi bo‘lgan reklamadan mahrum bo‘lmoqda. Faqatgina reklamaga ixtisoslashgan nashrlar esa mutlaqo faoliyatini to‘xtatdi.

Indeed.com bosh iqtisodchisi Jyed Kolkoning yozishicha, vakansiyalar haqidagi e'lonlarning qisqarishi ham yangilik tarqatuvchilar faoliyatiga ta'sir ko‘rsatdi.

«Ishga taklif qilish, vakansiyalar haqida e'lonlar aprel oyi boshida o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 35 foizga kamaydi.

OAV va aloqa sohasida vakansiyalar haqidagi ma'lumotlar aprel oyi avvalida o‘tgan yilgiga nisbatan 35 foizga qisqargan. Bu yangilik tarqatuvchilarning moliyaviy holatiga yetkazilgan zararning 24 foizini tashkil qiladi», deb yozadi u.

Inqiroz Amerikadagi hech bir nashrni chetlab o‘tayotgani yo‘q: gazetalar u yoki bu darajada maoshlarni kamaytirmoqda, xodimlarini ishdan bo‘shatmoqda, haq to‘lanmaydigan mehnat ta'tillari e'lon qilmoqda; ayrim nashrlar esa faoliyatni to‘xtatdi.

The Denver Post

MediaNewsGroup kompaniyasiga tegishli, Qo‘shma Shtatlarning yirik yangilik tarqatuvchilaridan biri – The Denver Post gazetasi 13 nafar xodimini, shu jumladan, 4 nafar jurnalistni ishdan bo‘shatdi. Rahbariyat ishlab turgan xodimlarning har biridan aprel-iyun oylari mobaynida 3 haftalik haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqishni so‘rashga majbur bo‘ldi.

Foto: Poynter

Euclid Media Group

Tsinsinnati, Detroyt va San-Antonio shaharlarida haftalik nashrlarni tarqatuvchi bu mediaguruhning 50 nafar xodimi ishsiz qoldi, 7 nafari haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqdi. Bu – Euclid Media Group’ning ishchi kuchi hajmi 70 foizga qisqarganini anglatadi.

Gannett

USA Today, The Detroit Free Press va boshqa 250ga yaqin kunlik gazetalar bilan tanilgan Gannett nashriyoti 24 ming nafar xodimining maoshini 25 foizga qisqartirdi. Bundan tashqari, har bir xodim aprel-iyun oylarida 5 kunlik haq to‘lanmaydigan kichik ta'til olishiga to‘g‘ri keladi.

Mediaxolding ijrochi direktori Pol Baskobert ham inqiroz tugagunga qadar maoshsiz ishlaydi.

Gannett jurnalistlariga xizmat ko‘rsatuvchi NewsGuild kasaba uyushmasi mediaxoldingning bu harakatlarini tanqid qilmoqda.

«Inqiroz davrida yangiliklar sohasida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni ishdan bo‘shatish, haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarish adolatdan emas», deydi uyushma prezidenti Jon Shlyuz.

Eng ko‘p zarar ko‘rganlar – bort nashrlari

Faqatgina samolyot bortlarida tarqatiluvchi nashrlar koronainqiroz davrida eng ko‘p zarar ko‘rganlardan bo‘ldi. Ikki tomonlama zarba – aviasanoatdagi «katta tanaffus» va bizneslarning to‘xtashi ularning faoliyatiga sezilarli salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Delta aviakompaniyasi samolyotlari bortini bir necha 10 yillardan beri bezab turgan Sky jurnali chiqishdan mutlaqo to‘xtadi. Uning 16 nafar xodimi ishsiz qoldi.

Alaska Airlines aviakompaniyasi esa Alaska Beyond nashriga aprel va may oyi uchun buyurtmani bekor qildi.

Foto: CNN

Koronainqiroz natijasida 17 mln nafar amerikalik ishsiz qoldi

Vice Media

Vice Media kompaniyasi xodimlarining ish hajmi haftasiga 4 kunga qisqardi. Xodimlar maoshida ham jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi: yiliga 100 ming-125 ming dollar atrofida maosh oluvchilarning oyligi 10 foizga, 125 ming dollardan ko‘p oluvchilarniki esa 20 foizga qisqaradi.

Mediakompaniya ijrochi direktori Nensi Dubk ham avvalgi maoshining teng yarmiga ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tampa Bay Times

Floridada chiqadigan kunlik jurnal endi faqatgina haftasiga ikki kun – chorshanba va yakshanba kunlari dunyo yuzini ko‘rmoqda. Jurnal xodimlarining ayrimlari 8 haftalik haq to‘lanmaydigan mehnat ta'tiliga chiqishga majbur bo‘ldi. Tahririyat mart oyining boshidayoq 11 nafar xodimini ishdan bo‘shatib, maoshlarni 10 foizga qisqartirgan edi.

amNY

Schneps Media’ga qarashli, Nyu-Yorkda nashr etiladigan gazeta yaqindagina bepul tarqatila boshlangan edi. «Endi esa buning imkoni yo‘q. 30 nafar xodimni ishdan bo‘shatishimizga to‘g‘ri keldi. Ishchi kuchi 20 foizga qisqarayotgan bir paytda tekin gazeta tarqatish haqida o‘ylash mushkul», deydi nashriyot direktori Joshua Shneps.

BuzzFeed

Endigina foydaga kira boshlagan BuzzFeed xodimlarining oylik maoshini 40 ming dollargacha qisqartirishga majbur bo‘ldi.

Nashr ijrochi direktori Jon Parettining o‘zi ham inqiroz tugaguncha maoshsiz ishlashiga to‘g‘ri kelishini aytdi. «Faoliyatimizni kengaytirish maqsadida Germaniya va Braziliyada hamkorlar izlayotgandik. Agar hamkorlar topilmasa, u yerdagi ofislarimizni yopishga majbur bo‘lamiz», deydi Paretti.

The Stranger

Qo‘shma shtatlarning 1991 yildan beri chiqib kelayotgan bu yirik nashrida 18 nafar jurnalist ishsiz qoldi.

Gazeta bosma muharriri Kristofer Frizzel Amerika mediasining bugungi holatini avvaldan to‘g‘ri baholanmagan iqtisodiy voqealarning achinarli oqibati deya baholamoqda.

Mavzuga oid