AQSh yangi milliy xavfsizlik strategiyasini e’lon qilingach, NATO, Yevropa Ittifoqi va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar yana savol ostida qoldi. Hujjatda Yevropa o‘z mudofaasini o‘zi ta’minlashi haqida ham so‘z boradi. Shuningdek, kelajakda Yevropa hududidan tashqaridagi davlatlar ham NATOga qo‘shilishi, bu esa alyans faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish ehtimoli mavjudligi qayd etilgan. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida ekspertlar ushbu mavzu xususida so‘z yuritdi.

AQShning yangi strategiyasi NATO-Yevropa Ittifoqi va AQSh munosabatlarini shubhaga qo‘yadimi?

Hikmatilla Kazakbayev: Bugun Yevropa uchun eng asosiy muammolardan biri — millatchilik va ultra o‘ng kuchlarning ta’siri kuchayib borayotganidir. AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasida ham aynan Yevropadagi ichki muxolifatni qo‘llab-quvvatlashga ishoralar bor. Ya’ni agar Yevropa davlatlari Vashington istagan siyosatni yuritmasa, ayrim hukumatlarni almashtirish masalasi ham kun tartibiga chiqishi mumkinligi seziladi. Masalan, Germaniyada bahorda bo‘lib o‘tgan saylovlarda “Germaniya uchun muqobil” partiyasining ikkinchi o‘rinni olishi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Bu jarayonni Vens ham, Ilon Mask ham ijtimoiy tarmoqlarda ochiq qo‘llab-quvvatladi. Shunga o‘xshash vaziyat Vengriya, Slovakiya va Fransiyada ham kuzatilmoqda. Fransiyada Marin Le Pen siyosatdan chetlashtirilgan bo‘lsa-da, uning yosh shogirdi keyingi prezidentlik saylovlarida asosiy da’vogar sifatida maydonga chiqmoqda. Bu holatlar AQShning Yevropadagi bugungi siyosiy jarayonlardan jiddiy noroziligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, demografik o‘zgarishlar, qadriyatlar masalasi va demokratik erkinliklar bilan bog‘liq jarayonlar Yevropaning an’anaviy qiyofasini o‘zgartirib yubormoqda. AQSh strategiyasida “Yevropa o‘z holiga qaytishi kerak”, degan mazmundagi ishoralar ham mavjud. Bunday sharoitda bir paytlar Emmanuel Makron ilgari surgan “Yevropaning o‘z NATOsi bo‘lishi kerak” degan g‘oya yana dolzarb bo‘lib qolishi mumkin. Agar AQSh tomonidan bosim kuchaysa, Yevropa davlatlari NATO doirasidagi hamkorlikni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Chunki oxirgi yillarda ko‘plab masalalarda Yevropa va AQSh pozitsiyalari tobora bir-biridan uzoqlashmoqda. Bunga Ukraina bo‘yicha 28 bandli reja ham yaqqol misol bo‘la oladi. Tramp ilgari surgan bu reja Yevropa uchun mutlaqo maqbul emas. AQSh Rossiya qo‘yayotgan ayrim talablarni — Ukraina hududlaridan voz kechishi, armiyasi sonini cheklashi kabi shartlarni qabul qilish tarafdori. Yevropa esa bu masalada mutlaqo boshqacha pozitsiyada turibdi. Chunki Ukraina, Polsha, Germaniya va Fransiya Yevropa xavfsizligining tayanch ustunlaridir. Bu davlatlardan birida xavfsizlik izdan chiqsa, butun Yevropa xavf ostida qoladi. Shu sababli Ukraina masalasidagi kelishmovchilik Yevropani o‘z xavfsizlik arxitekturasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Albatta, milliy xavfsizlik strategiyasi ommaga e’lon qilinadigan faqat ochiq qismi xolos. Aslida AQShning Yevropa, Rossiya va boshqa mintaqalar bo‘yicha yopiq, ancha chuqur strategiyalari ham mavjud. E’lon qilingan hujjat esa shunchaki qisqacha rezyume vazifasini bajaradi. Shunga qaramay, Yevropada bu hujjat salbiyroq ruhda qabul qilinmoqda. Bu esa Yevropa oldida jiddiy strategik tanlovlar turganini ko‘rsatadi.