Jahon | 10:43 / 21.09.2025
8100
6 daqiqa o‘qiladi

RF raketasi Dniprodagi uyga urildi, Ukraina Rossiyadagi zavodlarga zarba berdi

RF armiyasi navbatdagi marta Ukraina bo‘ylab yopirilma hujum uyushtirdi. Dniproda raketa ko‘p kvartirali uyga borib tushgan. O‘z navbatida, Ukraina dronlari «Rosneft»ning Saratov va Novokuybishevskdagi zavodlariga hujum qilgan. Samara oblastida to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Rossiya qo‘shinlari 20 sentabrga o‘tar kechasi Ukraina hududlariga raketa va dronlar bilan yoppasiga zarba berdi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 sentabr kuni kechqurun Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga 579 ta «Shahed» tipidagi dronlar va imitator dronlar, shuningdek, 40 ta raketa uchirgan.

Mykola Synelnykov / Reuters / Scanpix / LETA

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Dnipropetrovsk, Mikolayiv, Chernihiv, Zaporijjya, Poltava, Kiyev, Odessa, Sumi, Xmelnitskaya va Xarkiv oblastlari zarba ostida qolgan.

Dniproda kassetali o‘q-dorilar o‘rnatilgan raketa ko‘p qavatli turar joy binosiga kelib tushdi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Shaharda yong‘inlar sodir bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan bir nafari halok bo‘lgan, yana 36 nafari yaralangan. Sakkiz nafar jabrlanuvchi shifoxonalarda qolmoqda.

Mykola Synelnykov / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainian Emergency Service / AFP / Scanpix / LETA

Xmelnitskaya oblastida yana bir kishi halok bo‘lgan, ikki kishi yaralangan.

Chernihiv oblasti rasmiylari ham bir kishi halok bo‘lgani va sakkiz kishi jarohatlangani haqida ma’lum qilgan.

Shuningdek, dronlar Kiyev shahri va Kiyev oblastiga hujum qildi.

«Dushman hujumi oqibatlari Bucha, Borispol va Obuxov rayonlarida qayd etilmoqda. Borispol rayonida 10 ga yaqin garaj binolariga zarar yetgan. Obuxov rayonida dushman hujumi oqibatida xususiy turar joy binosida yong‘in sodir bo‘ldi», - deyiladi oblast hokimligi xabarida.

Bucha rayonida urib tushirilgan nishon bo‘laklari qulashi oqibatida beshta yengil avtomobil yonib ketgan.

«Bunday zarbalarning har biri – harbiy zarurat emas, balki Rossiyaning tinch aholini qo‘rqitish va infratuzilmamizni vayron qilish bo‘yicha ongli strategiyasidir. Aynan shuning uchun kuchli xalqaro javob kerak, – dedi Zelenskiy. – Ukraina o‘zini va Yevropani himoya qila olishini isbotladi, ammo ishonchli qalqon uchun [biz] birgalikda harakat qilishimiz kerak: havo mudofaasini kuchaytirish, qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘paytirish, Rossiya harbiy mashinasi va uni moliyalashtiruvchi sohalarga qarshi sanksiyalarni kengaytirish».

Rossiya mudofaa vazirligi esa Ukrainaning «Sapsan» komplekslari, dronlar va boshqa harbiy texnikalarni ishlab chiqayotgan harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga yopirilma zarba berilganini ma’lum qilgan.

Polsha rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya zarbalari tufayli Polsha va ittifoqchi samolyotlar mamlakat havo hududida patrullik qilgan. 10 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasining 20 ga yaqin droni Polsha hududiga kirib borgandi.

Mykola Synelnykov / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya hududi bo‘ylab javob zarbalari

Rossiya Ukrainaga zarbalar berayotgan bir paytda Ukraina qurolli kuchlarining dronlari neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qildi. So‘nggi oylarda Ukraina muntazam ravishda neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar berib kelmoqda, bu esa ularning faoliyatida uzilishlarga va benzin narxi oshishiga olib kelmoqda.

20 sentabrga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Saratov va Samara oblastlaridagi «Rosneft» zavodlariga hujum uyushtirdi.

Saratov neftni qayta ishlash zavodiga zarbadan keyin chiqqan yong‘in
Ukrainian monitoring group

Rossiya va Ukraina telegram-kanallari Saratov va Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, Samara oblastining Prosvet posyolkasidagi «Samara» dispetcherlik stansiyasiga zarbalar natijasida yong‘inlar kelib chiqqani aks etgan foto va videolarni e’lon qilgan.

Ukraina nashrlari ham Ukraina xavfsizlik xizmati va Ukraina qurolli kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlari dronlari «Kuybishev – Tixoretsk» quvurining neft haydash stansiyalariga zarba berganini xabar qildi. Samara stansiyasidan tashqari, «Zenzevatka» (Volgograd oblasti) va «Sovxoznaya-2» (Samara oblasti) stansiyalari dron nishoniga aylangani aytilgan. Mahalliy rasmiylar bu xabarlarga izoh bermadi.

Samara oblasti gubernatori Vyacheslav Fedorishchev Ukraina qurolli kuchlari uchuvchisiz apparatlari regionning yoqilg‘i-energetika majmuasi obektlariga qilgan hujumini tasdiqladi. Shu bilan birga, u aynan qaysi obektlar dronlar nishoniga aylanganiga aniqlik kiritmagan. Zarbalar oqibatida region hududida to‘rt kishi halok bo‘lgan, bir kishi yaralangan. Qaysi aholi punkti aholisi vakillari halok bo‘lgani va jabrlanganiga aniqlik kiritilmagan.

Saratov oblasti rasmiylari tunda Ukraina qurolli kuchlari dronlari Saratovga hujum uyushtirganini tasdiqlagan. Lekin bu region rahbari Roman Busargin ushbu hududdagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgani haqida xabar bermagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida shahardagi ikkita ko‘p qavatli uyning derazalari sinib tushgan, bir ayol jarohatlangan.

RF mudofaa vazirligi hisobotida 19 sentabr kuni tundan buyon Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari jami 12 regionda, shuningdek, Qora dengiz va Azov dengizi akvatoriyalari ustida ukrainlarning 149 ta dronini urib tushirganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid