O‘zbekiston | 19:36 / 13.02.2026
6778
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bosh rejasi bahorda o‘zgartirilishi mumkin – Murad Buildings

Toshkent shahri bosh rejasi tasdiqlanganidan 1,5 yil o‘tar-o‘tmas o‘zgarishi mumkin. Murad Buildings kompaniyasi operatsion direktori Vyacheslav Krivosheyev bu o‘zgarish bahorda bo‘lishini kutayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi yer bozorining “mutlaqo spekulyativ” xarakteri o‘zgarib, oxirgi bir yil ichida “birmuncha madaniylashgan” holatga kelgan.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga shu yil bahorda o‘zgarish kiritilishi mumkin. Bu haqda Murad Buildings operatsion direktori Vyacheslav Krivosheyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot.

Toshkentda o‘tayotgan Move Real Estate Summit sammitida so‘z olgan Krivosheyevga ko‘ra, hozir bozorda yer uchastkasini sotib olish tartibi “birmuncha madaniylashgan”. Bir yil oldin bozor “mutlaqo spekulyativ” holatda, “hayotdan va iqtisodiyotdan uzilib qolgan” edi.

Xususan, katta yer egalari yerlarni shunaqangi narxda sotardiki, bu narxlarni moliyaviy modellarga sig‘dirib bo‘lmasdi, bu esa mablag‘ yetishmasligi va loyihalarning to‘xtab qolishiga olib kelardi.

“Kimdir iqtisodiy hisob-kitobni noto‘g‘ri qilib, tavakkaliga loyiha boshlar, lekin uni amalga oshirishga ulgurmasdi”, deydi Murad Buildings top-menejeri.

Vyacheslav Krivosheyevning so‘zlariga ko‘ra, yer bozorida ikkita asosiy yo‘nalish shakllangan: poytaxtda renovatsiya (brownfield) va Yangi Toshkentda noldan qurilish (greenfield). Yerlarni asosan davlatdan – Yangi Toshkent direksiyasi, Tashkent Invest kompaniyasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi orqali xarid qilish mumkin.

Shu bilan birga, shaharda xususiy yer egalari ham yo‘q emas, lekin Toshkent bosh rejasining tasdiqlanishi vaziyatni keskin o‘zgartirgan: hujjatda qurilish qavatlari asosan 5−8 qavat qilib cheklab qo‘yilgan, kamdan-kam hollarda esa 9 qavatga ruxsat berilgan. Loyihalar iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashi uchun bu uchastkalarda premium obektlarni qurish kerak, buni esa har doim ham uddalab bo‘lmaydi, deydi Krivosheyev.

“Ba’zi odamlar bor, o‘zini vositachi deb atab, qavatlar soni masalasini hal qilib berishi yoki bosh rejaga o‘zgartirish kirita olashini aytadi. Ularga ishonmaslik kerak. Loyihalarni va bosh rejaga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqadigan ma’lum komissiyalar bor. Bunday loyihalar juda kam. Ular aynan shu bahorda e’lon qilinadi – biz bu qaror chiqishini kutmoqdamiz. Kelajakda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish juda mushkul bo‘ladi”, – deya ta’kidladi quruvchi kompaniya vakili.

Kun.uz bosh rejaning o‘zgarishi masalasida Qurilish vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot xizmati bu jarayonlardan bexabarligi, tafsilotlar keyinroq ochiqlanishini ma’lum qildi.

Toshkent shahrining 20 yillik bosh rejasi 2024 yil dekabr oyida tasdiqlangan edi. Lekin oradan bir necha oy o‘tib, bosh rejani o‘zgartirish ustida ish boshlangani ma’lum bo‘ldi.

2025 yil dekabr oyida qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov bosh rejani o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini aytgandi. Vazirga ko‘ra, o‘zgarishlar bosh reja tasdiqlangunga qadar bo‘lgan davrda, ya’ni 2024 yil dekabrgacha auksionga chiqarilgan joylarga taalluqli bo‘ladi, bu joylarning ayrimlari konservatsiya zonasidan chiqarilib, qavatlar bo‘yicha cheklovlar yumshatiladi.

Avvalroq Kun.uz bosh rejaga zid bo‘lishiga qaramay, ilgari surilayotgan yirik qurilish loyihalaridan ayrimlari haqida yozgandi. Ular shaharning markaziy nuqtalariga oid bo‘lib, bosh rejada ruxsat etilganidan karrasiga baland qilib loyihalashtirilgan.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid