O‘zbekiston | 16:30 / 14.10.2024
12828
10 daqiqa o‘qiladi

“Dushman obrazi”, askar yetishmovchiligi va ksenofobiya - RFdagi migrantlarimizni kim himoya qiladi?

Urush davrida Rossiya jamiyatida kuch tuzilmalarining ta’siri oshib ketdi. Natijada eng zaif qatlam bo‘lmish migrantlardan “dushman obrazi” yasalib, ular asossiz tarzda yoki arzimagan sabablar bilan qamoqqa olinyapti, ko‘plari urushga jo‘natilyapti. Kun.uz muxbiri dolzarb mavzuni huquqshunos Botirjon Shermuhammad va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan muhokama qildi.

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, qator savollarga javob olish uchun ko‘rsatuvga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari ham taklif etilgandi, lekin ular bir haftadan ko‘p muddatda ham turli sabablar bilan suhbatga kelmadi.

Nima uchun mehnat muhojirlariga kurash asosiy mavzular qatoriga chiqib qoldi? Jamiyatda migrantofobiyani shakllantirish, ularning sharoitlarini og‘irlashtiruvchi normalarni qabul qilishdan maqsad nima?

Botirjon Shermuhammad:

– Men 2015 yilda ham Moskvada muhojirlarga atalgan dahshatli kamsituvchi yorliqlarga ko‘zim tushgan, aytmoqchimanki, bu faqat bugun bo‘lmayapti. Anchadan buyon bor. Migrantlar orasidagi jinoyatchilik Rossiyada 4 foizni ham tashkil etmaydi, lekin ularning jinoyatlari doim bo‘rttirib ko‘rsatiladi. Hozir esa muhojirlarga bo‘lgan munosabat avvalgi davrlarga nisbatan ancha jiddiylashgan.

Rossiya televideniyelarida ham qiynash, insonlarga shafqatsizlik videolari bemalol qo‘yilyapti – misol uchun, “Krokus”da gumonlanuvchilarning kaltaklangani tasviri. Jamiyatda shafqatsizlik oddiy qabul qilinmoqda. Bunga sabab jamiyatdagi kuchli norozilik eng kuchsiz qatlam bo‘lmish muhojirlarga zarar yetkazish bilan chiqarib berilmoqda. Chunki Rossiyada muhojirlar – eng zaif va himoyasiz qatlam.

Kamoliddin Rabbimov:

– Har qanday demografik qisqarib borayotgan davlat muhojirlar masalasiga qattiq norozilik bilan qaray boshlaydi. Ular bizning hududni begonalar egallab bormoqda deb o‘ylaydi. Putin hokimiyatga kelganiga chorak asr bo‘lgan bo‘lsa, ruslarning demografik o‘sishi biroz ko‘paydi. Neft narxi oshgan davrda Rossiya demografik qisqarishni kamaytirish uchun ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Ammo bu ham katta foyda bermadi.

Boshqa tomondan, Rossiya avtoritar davlat bo‘lgani uchun ham ksenofobiya ancha keng tarqalgan. Avtoritar davlatlarda “dushman qiyofasi”ning bo‘lishi juda muhim. Ichimizda va tashqi dunyoda dushmanlarimiz bor va bunga qarshi birlashishimiz kerak, degan narsa bu. Misol uchun, G‘arbga qarshi kurash, ukrainafobiya anchagina yashirin, lekin chuqur bo‘lgan islomofobiya kabi holatlardan Rossiya juda ham ustakorlik bilan foydalanib kelyapti.

Migrantlar esa eng himoyasiz qatlam, shu yilning bahoridagi “Krokus siti”dagi harakatlar ham migrantlarning bo‘yniga qo‘yildi va tezda bosdi-bosdi qilindi.

Botirjon Shermuhammad:

– Ukraina urushidan oldin, tinchlik davrida Rossiya hukumatidagi iqtisodiy blokning ta’siri bor edi. Ular “bizga sog‘lom-liberal bozor kerak, migrantlarga ehtiyojimiz bor”, deb doim aytishardi. Hozir Rossiya iqtisodiy ko‘rsatkichlarga deyarli e’tibor bermay qo‘ydi, urush qatnashchilariga to‘lash orqali juda katta pullar iqtisodiyotga kiritilyapti. Uning inflatsiyaga ta’siri hisobga olinmayapti. Dastlab urushga borganlarga bir martalik 200-400 ming rubl berilgan bo‘lsa, hozir 3 million rublgacha chiqdi.

Hozir hech narsa hisobga olinmayapti-da, faqat kuch tuzilmalarining lobbizmi kuchaydi. 2024 yilning o‘zida Rossiyadagi chel el fuqarolarining holatiga doir qonunga 19 marta o‘zgarish taklif qilingan. Deyarli har hafta qaysidir amaldor yoki deputat migrantlar haqida biror salbiy taklif ko‘tarib chiqyapti. Nafaqat oddiy migrantlar, balki ularning huquqini himoya qiluvchilarni ham umuman ovozini o‘chirishmoqchi.

Kamoliddin Rabbimov:

– Rossiyadagi eng yirik ish birjasi 53 foiz ishchilar yetishmayotganini aytmoqda. Putinga yaqin bo‘lgan Markaziy bank raisi Elvina Nabiulina esa 72 foiz korxonalarga ishchi kuchi yetishmayotganini aytmoqda. Nega bunday holatda migrantlarga kuchli bosim bo‘lyapti? Buning bir qancha sabablari bor. Tashqi sabablar: Rossiya vaqti-vaqti bilan migrantlarga bosim qilish orqali migrantlar ko‘p keladigan davlatlarga geosiyosiy bosim qiladi. Bu asosan Tojikiston, Qirg‘iziston yoki O‘zbekistonga signal berish usuli, rasmiy Kremlning qarori bo‘ladi.

Bundan tashqari, har doim avtoritar davlatlarda kuchishlatar tuzilmalar o‘zining borligini, davlatdan olayotgan judayam katta resurslari, pullarini oqlash uchun ularga “dushman obrazi” judayam kerak. Biz bo‘lmasak, osmon uzilib yerga tushadi, degan ma’noda… Rossiyada ichki muxolifat, erkin OAV qolmadi, tozalandi. Endi ishlatish qulay bo‘lgan omillardan biri sifatida migrantlar qoladi.

Rossiyada ultrao‘ng kuchlar doim bo‘lgan va ular aynan migrantlarni yo‘qotish tarafdori. Yaqinda Rossiya tergov qo‘mitasi raisi aynan migrantlardan 30 ming kishiga bosim qilingani, natijada 10 ming kishini urushga yuborishga “muvaffaq bo‘lgani”ni aytmoqda. Ular urishishni bilmaydi-ku, degan savolga: “Hech bo‘lmasa okop qaziy oladi-ku”, degan rossiyalik amaldor. Urushga jalb qilingan migrantlarning ko‘pchiligi halok bo‘ladi.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya aeroportlarida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini kiritmaslik, ularga fuqarolik taklif qilib, rad qilsa, qaytarib yuborish holatlari ko‘paygan. Ba’zi hollarda ular birinchi marotaba Rossiyaga borayotgan bo‘lsa ham. Bunday vaziyat nega yuzaga kelmoqda? O‘zbekiston hukumati bu borada nimalar qilyapti?

Kamoliddin Rabbimov:

– Markaziy Osiyo davlatlari bu borada kutish siyosatini amalga oshirmoqda. Agar biz birin-ketin norozilik bildirsak, bu urushga biz ham tortilamiz deb o‘ylashmoqda. Shu sababli ham davlatlar jim turishga va e’tibor bermaslikka harakat qilishmoqda. Ammo bir necha Markaziy Osiyo davlatlari birlashib, Rossiyaga javob qaytarishsa, Rossiya ham bunga e’tibor qilishga majbur bo‘ladi. Afsuski, biz bu imkonni qo‘ldan boy beryapmiz.

Rossiyadagi muhojirlar masalasiga to‘xtalsak, Islom Karimov davrida Rossiyadagi muhojirlar rasman tan olinmayotgan edi. Bu orqali O‘zbekistonga turli bosimlar o‘tkazilishining oldini olishga urinilgan. Tojikiston bilan Rossiya o‘rtasida muhojirlar masalasi rasmiy ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ammo barcha Markaziy Osiyo davlatlari bu borada Rossiyaning kuchli bosimini sezadi va bunga javob berishdan ko‘ra e’tibor bermaslikni afzal bilishadi.

Botirjon Shermuhammad:

– Rossiyaga kirish va chiqish to‘g‘risida qonun bor, undagi belgilangan tartib buzilsagina Rossiya hududiga boshqa davlat fuqarolarini kiritmasligi mumkin. Bu asoslar 17 tani tashkil etadi, biz bu bilan shug‘ullanamiz. Ammo chegarada turganlar asosan kayfiyatiga qarab fuqarolarni chegaradan o‘tkazishmoqda. Kimningdir soqoli yoki sochi yoqmasa, yoki boshqa sabablar bilan.

Hatto Rossiya fuqaroligini olgan, ammo ota-onasi boshqa davlatdan bo‘lganlarni ham ba’zida davlat hududiga kiritmay qo‘yishmoqda. Bu qanchalik qonunchilikka mos holat? Rossiyaga kiritilmayotganlarga hatto qonuniy hujjat ham, asos ham berishmayapti. Biz Rossiya fuqarolarini sababsiz O‘zbekistonga kiritmay qo‘ymayapmiz-ku.

Rossiyaning ichida bo‘lib turgan mehnat muhojirlarimiz soni qariyb 2 million. Xavotirli tarafi u joyda Rossiyaning Ukrainadagi urushiga jalb qilish uchun o‘zbek tilida targ‘ibotlar olib borilmoqda. Bunga qarshi qanday ishlar qilinyapti? TIV darajasida so‘rovlar yuborilganmi?

Botirjon Shermuhammad:

– O‘tgan yili Tashqi ishlar vazirligi xodimi Rossiyaga shu masalada murojaat qilingani va Rossiya hukumati o‘zbeklarni boshqa urushga safarbar qilmasligi to‘g‘risida aytib o‘tgan edi. Ammo mana, oradan vaqt o‘tdi, biror katta yangilik bo‘lmadi. Kuch tuzilmalari nima qilib bo‘lsa ham urushga odam yig‘ishni xohlaydi. Hatto sud jarayonidagi yoki hukmga mahkum qilingan jinoyatchi bo‘lsa ham urushga qatnashishni xohlasa, uni jazodan ozod qilib urush jarayoniga yuborishmoqda. Bundan korrupsioner amaldorlar foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda qamoqdan chiqib urushga jo‘nashini bildiruvchi videolar joylashmoqda.

Eng yomoni – rus tilini bilmaydigan fuqarolarimizni arzimagan bahonalar bilan qamoqqa olib, majburiy urushga yuborishmoqda. Menga bir muddat oldin bir jizzaxlik yigit nohaq qamalib, urushga borgani, urushda 4 ta barmog‘idan ajralib, kasalxonada yotganini va bu yerdan qanday qilib O‘zbekistonga qaytish mumkinligini so‘rab murojaat qilgan ekan.

Rossiyada urushga targ‘ibot kuchayib bormoqda. Hatto maktablarda birinchi partaga urushda halok bo‘lgan odamning rasmi yopishtirilib, qahramon sifatida bolalarning ongiga singdirishmoqda. Ko‘chalarda tojik, o‘zbek millatiga mansub odamlarning ismlari yopishtirilgan yorliqlarni ham ko‘rish mumkin.

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishib chiqishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid