Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronning neft eksportidan daromadi ikki baravar ortdi
Tehron «energetika urushi»da yutmoqda, deb yozadi The Economist.
CFOTO / Future Publishing / Getty Images
Urush tufayli Fors ko‘rfazidagi barcha mamlakatlar neft qazib olishni qisqartirdi va eksportdan daromadlari keskin tushib ketdi. Xuddi shu vaqtda Eron neft sotuvidan Amerika va Isroilning zarbalari boshlanishidan oldingi davrdagiga qaraganda ikki baravar ko‘proq foyda ko‘rmoqda, deyiladi The Economist maqolasida.
Eron eksport qilayotgan neftning aniq hajmini aniqlash qiyin. Mamlakat ko‘p yillardan buyon sanksiyalar sharoitida yashamoqda. Hozirda esa uning tankerlari neftni har qachongidan ko‘ra maxfiy ravishda tashimoqda, chunki urush tufayli Fors ko‘rfazidagi vaziyat haqida ma’lumot olish deyarli imkonsiz.
The Economist manbasiga ko‘ra, hozirda Eron kuniga 2,4–2,8 million barrel neft hamda neft mahsulotlari eksport qilmoqda. Shundan 1,5–1,8 million barrel xom neft hisoblanadi. Bu esa o‘tgan yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ko‘p bo‘lsa ko‘p, lekin kam emas. Bundan tashqari, endi neft ancha yuqori narxlarda sotilmoqda, Eronning neft infratuzilmasi esa harbiy zarbalar va sanksiyalarga chidamliroq bo‘lib qoldi. The Economist shundan kelib chiqib, Eron «energetika urushida yutmoqda», degan xulosa chiqargan.
Eron neft eksporti qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Rasmiy ravishda Eron neftini Eron milliy neft kompaniyasi (NIOC) eksport qiladi. The Economist maqolasida keltirilishicha esa, valuta yetishmovchiligini boshdan kechirayotgan mamlakatda amalda neft o‘ziga xos hisob-kitob vositasiga aylangan va hokimiyatdagi turli fraksiyalar – tashqi ishlar vazirligidan tortib politsiya va diniy jamg‘armalargacha uning sotuvi bilan shug‘ullanadi.
Erondagi manbalarga ko‘ra, bu tuzilmalarning barchasi taxminan 20 kishi tomonidan nazorat qilinadi. Ulardan ko‘pchiligi Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador, so‘ralgan ekspertlarning aytishicha, korpusning o‘z neft konlari ham bor.
Urush boshlanganidan keyin Muhofizlar korpusi neft tashuvi ustidan nazoratni kuchaytirdi. Korpus Ho‘rmuz bo‘g‘ozini, shuningdek, Fors ko‘rfazining katta qismidagi kommunikatsiyani nazorat qiladi. Unga Eron nefti ortilgan tankerlar haqidagi ma’lumotlar oldindan kelib tushadi, ekipajga maxsus kirish kodlari yuboriladi, shundan keyin korpus kateri kemani bo‘g‘ozdan o‘tkazib qo‘yadi.
Yaqinda sanksiyalar yumshatilganiga qaramay, Eron tankerlari kimning neftini tashiyotganini barcha usullar bilan yashirishga harakat qilmoqda: boshqa kemalarning o‘g‘irlangan ma’lumotlaridan foydalanilmoqda, hujjatlar soxtalashtirilmoqda, koordinatalar o‘zgartirilmoqda, Malayziya yoki Singapur qirg‘oqlari yaqinidagi ochiq dengizda neft boshqa kemalarga yuklanmoqda.
Eron neftini kimlar xarid qilmoqda?
Eron neftining 90 foizdan ortig‘i yakunda Xitoyga boradi. Uning xaridorlari – mamlakat shimolidagi Shandun provinsiyasida ishlovchi yuzdan ortiq kichik neftni qayta ishlash zavodlaridir. Rasman ular Xitoy davlat kompaniyalaridan mustaqil hisoblanadi (davlat kompaniyalari AQSh sanksiyalariga uchramasligi uchun), ammo ular bilan hamkorlik qiladi. Masalan, shunday zavodlardan biri, Eron neftini sotib olishda faol bo‘lgan Shandong Shouguang Luqing Petrochemical davlat kompaniyalari bilan hamkorlikdagi uchta qo‘shma korxonada ulushlarga egalik qiladi.
Urushga qadar Xitoydagi kichik neftni qayta ishlash zavodlari Eron neftini katta chegirma bilan xarid qilardi. Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘ta olmayotgani tufayli endi chegirmalar yo‘q, lekin Eron neftiga qiziqish saqlanib qolmoqda.
Jurnalistlarga ko‘ra, Xitoy ham Eron nefti uchun yashirin to‘lov sxemasida ishtirok etadi. Xitoy va boshqa mamlakatlardagi xaridorlar Eronga to‘lovni to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirmaydi, balki pulni Xitoyning kichik banklarida bunday bitimlar uchun maxsus ochilgan bir martalik trast hisob raqamlariga o‘tkazadi. Bu hisoblar ko‘pincha xitoylik vositachilar tomonidan haq evaziga ro‘yxatdan o‘tkaziladigan soxta kompaniyalarga rasmiylashtiriladi. Keyin pullar boshqa hisoblar zanjiri orqali Eron xohlagan joyga borib tushadi. Ushbu tizimni Eron mudofaa vazirligi va Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan nazorat qilinadigan kompaniyalardagi maxsus bo‘linmalar boshqaradi.