O‘zbekiston | 19:22 / 07.01.2026
5594
2 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Toshkentdagi onkologiya shifoxonalari o‘rnida yashil bog‘ va kreativ park tashkil etiladi

Toshkentda joylashgan eski Respublika onkologiya shifoxonasi va uning shahar filiali hududlari xususiy sektorga berilmaydi. Rasmiylarga ko‘ra, bu yerlarda jamoat yashil bog‘i va kreativ industrial park barpo etiladi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

24 dekabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazida o‘tkazilgan press-tur doirasida mazkur muassasaga qo‘shilayotgan eski respublika onkologiya shifoxonasi va uning Toshkent shahar filiali joylashgan hududlar taqdiri yuzasidan savol ko‘tarildi. Avvalroq ekofaollar ushbu hududlar yopiq qarorlar orqali xususiy qurilish uchun berib yuborilishi mumkinligi haqida xavotir bildirgan edi.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirbek Isabekov ushbu masala bo‘yicha aniq topshiriq berilganini ta’kidladi.

“Ikkala hudud ham xususiy sektorga berilmaydi. Ikkala hudud ham belgilangan tartibda davlat aktivlari agentligiga topshiriladi. Toshkent shahar onkologiya markazi (1000dan ortiq noyob daraxtlar bor) o‘rnida jamoat yashil bog‘i, Respublika onkologiya shifoxonasi (500 dan ortiq ko‘p yillik daraxtlar bor) o‘rnida kreativ industrial parki tashkil qilinishi to‘g‘risida aniq topshiriq olganmiz”, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 3 yil avval auksionga qo‘yilib keyin qaytarib olingan onkologiya shifoxonalari bosqichma-bosqich yangi onkologiya shifoxonasiga birlashtirilmoqda. Jamoatchilik esa ularning yashil hududlari qurilishlar uchun berib yuborilishidan xavotirda, onkologiya markazi xodimlari esa buning “navbatdagi biznes-reja” bo‘lishi mumkinligini ta’kidlayotgan edi. 

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid