O‘zbekiston | 09:30 / 30.12.2025
2162
2 daqiqa o‘qiladi

1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metrosi va avtobuslar harakati vaqti uzaytiriladi

Toshkent metrosi soat 1:00 gacha ishlaydi, yo‘nalishdagi avtobuslar ham bir soat ko‘proq harakatda bo‘ladi.

Foto: Kun.uz 

Yangi yil munosabati bilan poytaxt aholisi va mehmonlariga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida «Toshkent metropoliteni» DUK tomonidan metro harakati rejimiga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qayd etilishicha, fuqarolarning erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida metro poyezdlari 31 dekabr kuni soat 05:00 dan 1 yanvar kuni soat 01:00 ga qadar uzluksiz ravishda xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, yangi yil munosabati bilan belgilangan qo‘shimcha dam olish kunlarida metro poyezdlarining harakat oralig‘i quyidagi tartibda tashkil etiladi: 2025 yil 31 dekabr hamda 2026 yil 2 yanvar kunlari metro poyezdlari shanba kuni uchun tasdiqlangan jadval asosida harakatlanadi. 2026 yil 1 yanvar kuni esa poyezdlar yakshanba kuni uchun belgilangan jadval bo‘yicha qatnaydi.

Ma’lum qilinishicha, 5 yanvar dushanba kuni barcha uchun ish kuni hisoblanib, ushbu sanada metro harakati odatiy ish kunlari jadvali asosida tashkil etiladi.

«Toshkent metropoliteni» DUK yo‘lovchilardan belgilangan jadval va harakat vaqtlariga amal qilgan holda xizmatlardan unumli foydalanishni so‘ragan.

Toshkent shahrida avtobuslar ham 31 dekabrdan 1 yanvarga o‘tar kechasi soat 1:00 ga qadar harakatlanadi. Toshkent shahri transport bosh boshqarmasi xabar qilishicha, 1 yanvardan 4 yanvar kuniga qadar shahar avtobus yo‘nalishlarida qatnovlar yakshanba kuni uchun belgilangan ish tartibi asosida tashkil etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid