O‘zbekiston | 23:15 / 14.03.2026
461
4 daqiqa o‘qiladi

Avtobus uchun ajratilgan bo‘laklarda boshqa mashinalar yurmasligi uchun kameralar o‘rnatyapmiz - hokim o‘rinbosari

Poytaxt hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning aytishicha, avvalo, “A” belgili yo‘laklarning davlat standarti talablariga mos bo‘lishi ta’minlanishi kerak. Shuningdek, avtobus uchun ajratilgan yo‘lakda qoidani buzgan holda harakatlangan haydovchilarni jarimaga tortish uchun kameralar o‘rnatish va ishga tushirish ishlari hamon davom etyapti.

12 mart kuni poytaxtdagi transport harakati masalasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev jamoat transporti uchun ajratilgan maxsus “A” belgili tasmalar ayrim holatlarda ishlamayotganiga oid savolga javob berdi.

Uning aytishicha, ayrim joylarda bunday yo‘laklar o‘z vazifasini yaxshi bajaryapti, ayrimlarida esa ishlamayapti. Hokim o‘rinbosari buni ushbu yo‘laklarning davlat standarti bo‘yicha talablarga javob bermasligi va avtomobillar harakati bilan bog‘ladi.

“Deylik, mahalladan chiqayotganda mashina avtobusga xalaqit berib qolyapti. Ikkinchisi, shu bizning yengil mashinalarimiz zarurat bo‘lganda tezroq yurib ketaman deb “A polosa”ga tushib olgan holatlari bor. O‘sha ikkita masalada muammolarimiz bor. Shu ikkita masalaning muammosini yechsak, “A polosa” ishlab ketadi”, – deydi u.

Avtobus yo‘lagi uchun kameralar o‘rnatilgandi, ular nega ishlamayapti?

2023 yil boshida avtobuslarga ustuvorlik berish uchun tashkil etilgan “A” tasmali yo‘laklardan qoidani buzgan holda harakatlangan haydovchilarni jarimaga tortish maqsadida yo‘llarda 55 ta videokamera o‘rnatilgan edi.

360 gradusli kameralar qoidabuzarliklarni qayd qilib, tizimga yuborishi, ichki ishlar xodimlari bularni ko‘rib chiqib, haqiqatan qoidabuzarlik sodir etganlarni jarimaga tortishi aytilgandi.

Ammo 3 yil o‘tdi, videokameralar to‘liq ishlayotgani yo‘q. Abdurahmon Baxtiyev bu masala hanuz muhokama qilinayotganini ma’lum qildi. Uning gaplariga ishonilsa, kameralar o‘rnatilishi davom ettirilyapti, hamma yo‘laklarda ham mavjud emas.

“Kameralar ko‘p joylarda qo‘yilgan. Ichki ishlar tizimi bilan hamkorlikda qo‘yilmoqda, lokatsiyalar belgilanmoqda. Har bitta o‘sha “polosa”ning kamera kuzatuvini tashkillashtiramiz. Hozir birinchi navbatda test rejimida yana bitta-ikkita ko‘chani qilib ko‘rmoqchimiz.

Uni o‘rnatish, ulash, serverlarga ulanish – juda ko‘p texnik masala bor. Faqat kamerani o‘rnatib qo‘ysangiz, ish bitmaydi. Mendagi ma’lumot bo‘yicha, hamma narsaga tayyorgarlik ko‘rildi, hamma ish amalga oshirildi. Hozir o‘sha fiksatsiya qilish imkoniyati bor, qonunchilik darajasida ham imkoniyati bor. Ishga tushirsak bo‘ldi”, – dedi hokim o‘rinbosari.

Abdurahmon Baxtiyev Toshkent transport tizimining master-rejasi haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, master-rejani ishlab chiqish uchun 90 dan ortiq kompaniyaga e’lon berilgan, tanlov boshlangan. Hozircha shundan 10 tasi taklif bilan chiqqan. Tez kunlarda bu muhim hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma tuzilishi kutilmoqda.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid