Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chilonzorda minorali kran quladi: xavfsizlik va odamlar taqdiri oxirgi o‘rindami?
Tumanning Tirsakobod mahallasidagi qurilish obektida minorali kran qulashi oqibatida 1 kishi vafot etdi. Mahalliy aholi o‘lganlar ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tirsakobod mahallasidagi qurilish obektida oldin ham baxtsiz hodisalar yuz bergan. Odamlar bu qurilish jarayonlaridan, xususan, minorali kranlar ularning uylari yaqinida tiklanayotganidan norozi.
Chilonzor tumani Tirsakobod mahallasida “Omega agro stroy” MChJ qurayotgan turar joy majmuasida minorali kran qulab tushdi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Kun.uz muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun manzilga bordi.
Guvohlarning aytishicha, 25 yoshli yigitdan tashqari tez yordam mashinasi olib ketgan boshqa bir fuqaro ham vafot etgan bo‘lishi mumkin.
“Bir kishi shu yerda o‘ldi, boshqasi boshidan og‘ir jarohat oldi, yana biri esa yengilroq jarohatlandi. Kranning og‘irligini qarang, ag‘darilganda suv o‘tadigan quvurni teshib yuborgan. Ertalabdan beri xo‘jayinlarning bittasi ham kelgani yo‘q. Mening fikrimcha, kranni har doim ko‘cha tomonga emas, uyning orqa tomoniga qo‘yish kerak. Umumiy hisoblasangiz, shu paytgacha 4 yoki 5 nafar kishi halok bo‘ldi”, deydi fuqarolardan biri.
Mahallada yashovchi yana bir fuqaroga ko‘ra, shifoxonaga olib ketilgan fuqaro ham yo‘lda jon bergan.
“Kranning tagida yashaymiz. U nosozmasmi, umuman texnika xavfsizlik qoidalariga javob beradimi-yo‘qmi, bilmaymiz. Bu tag‘in ham 6-qavatda bo‘lgan, hozirgisi esa 14-qavatini qilyapti. Boshida bizga 50 metr uzoqlikda 4 qavat bo‘ladi deb aytishgan. Hozir bu yerda 50 metr ham chiqmaydi. 16 qavat qurishyapti. Hech bo‘lmasa kranini bizdan uzoqroq tomonga olib o‘tsin. Bizning ham uyda bolalar bor, har kuni maktab o‘quvchilari o‘tadi”, deydi uyi qurilish obektiga yaqin ayol.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qurilish ishlari davomida yuzaga keladigan chang ham aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
“Oldin bu yerlar harbiy qism bo‘lgan, daraxtzor edi. Toza havo kelib turardi. Hozir tinchimiz buzilgan. Mana, tepamizda kran aylanadi. Tahlikada yashayapmiz. Shu voqeadan keyin uy sotib olganlar kelib, “otmen” qilib ketishdi”, deydi ayol.
Mahallada yashovchilar tun-u kun qurilish ishlari olib borilayotganidan ham norozi ekanliklarini bildirishdi.
“Bular 16 qavatli quramiz deb aytishmagan. Mahallaning yig‘ilishida 5 qavat deyishgan. Odamlar qo‘l qo‘ygan deydi, masalan, mening oilam qo‘l qo‘ymagan. Lekin biz shu qurilishni qilishayotganidan norozimiz. Juda bo‘lmaganda 9 qavat qilganda ham bo‘lardi. Havo yo‘q. Soat 22:00dan keyin ishlamasin. Bular kechasi bilan ishlaydi”, deydi suhbatdosh.
Mahalla vakillari ushbu qurilish obektida oldin ham baxtsiz hodisalar bo‘lganini aytmoqda.
“Ko‘zimiz bilan ko‘rmadigu, yosh-yosh yigitlar halokatga uchrab, jon berganini eshitdik. Mana shu “moyka”da ham, odamni tok urib ketgan. Mahallamizda notinchlik, mana shu “zabor”ga yaqin qilib qurilyapti. Mahalladan ruxsat olinmagan. Buni mahalla raiis hal qilgandir balki. «Dom»larning ichida (qurilish obektida) itlar ko‘payib ketgan, odamlarga tashlanyapti. Kran mana shunday turibdi, ko‘chada odamlar, mashinalar yuribdi. Mumkinmi shunaqa ishlash? Bu yerda texnika xavfsizlik qoidalariga amal qilinayotganini ko‘rayotganimiz yo‘q. O‘shaning uchun ham odamlar o‘lyapti. Bu qon bilan qurilayotgan dom”, deydi mahalla faoli.
Uning ta’kidlashicha, hodisa yuz bermasidan 10 soniya oldin ona-bola ko‘chadan o‘tib ketgan.
Holat yuzasidan buyurtmachi “BM group construction” MChJ rahbari Dilshod Komilov bilan bog‘landik.
“Biz quruvchi kompaniyamiz, minorali kranlarni montaj qilishga litsenziyamiz yo‘q. U 3-tashkilotning vazifasi. Bu ish bilan IIO xodimlari shug‘ullanyapti. Xulosani ular beradi”, deydi u.
Shuningdek, Dilshod Komilov aynan ularning qurilish obektida oldin bu kabi baxtsiz hodisa va o‘lim bo‘lmaganini, odamlarning uyiga yaqin joylashgan kranlar joyi almashtirilishini, mutaxassislar o‘rganib xulosasini berishini ma’lum qildi. U kranni montaj qiluvchi tashkilot nomini ochiqlamadi hamda hodisada necha kishi vafot etgani haqidagi savolni javobsiz qoldirdi.
Hozirda minorali kran qulagan obektda qurilish ishlari to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 8 sentabr kuni Chilonzordagi qurilish obektida minorali kranning qulab tushgan va buning oqibatida 1 kishi vafot etgandi. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga ko‘ra, montaj ishlari olib borilayotganda kranning tayanch oyoqlarini asosga o‘rnatib ushlab turuvchi qismi mustahkam qotirilmagan. Shu sababli kranning keyingi qismini qo‘yish uchun harakatlanish davrida kran bir tomonga og‘ib ketgan va uning asosga qotirilmagan 2 ta oyog‘i ko‘tarilib ketishi oqibatida yerga qulagan.
Mavzuga oid
09:03 / 20.11.2025
Chilonzorda YTHdan so‘ng elektromobil yonib ketdi
20:31 / 10.11.2025
Toshkentdagi ko‘p qavatli uy liftlarida 37 mingdan ortiq nosozlik qayd etildi
22:00 / 18.10.2025
Quyoshli bolalar uchun yangi imkoniyat: Toshkentda “Tabassum” ustaxonasi ochildi
11:38 / 09.09.2025