O‘zbekiston | 08:55 / 22.08.2020
70758
3 daqiqa o‘qiladi

Hokimlarning vakolati qisqaradi

Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish vakolati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berilyapti.

Qonunchilik palatasining 2020 yil 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar «Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Parlament quyi palatasida joriy etilgan yangi amaliyotga muvofiq, parlamentda qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanayotgan sub'yekt vakili tegishli mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish uchun ma'ruza bilan chiqib, uni konseptual jihatdan asoslab berdi hamda deputatlar oldida himoya qildi. Ushbu masala yuzasidan Oliy sud raisining o‘rinbosari B.Isoqov so‘zga chiqdi.

Ta'kidlanganidek, yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish bo‘yicha vakolatlarini cheklash qonun loyihasi normalarida o‘z aksini topmoqda.

Shuningdek, loyiha bilan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish vakolati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berilyapti.

Korxonalarni (tashkilotlarni) davlat tasarrufidan chiqarish hamda mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi normalar ham qonun loyihasiga kiritilishi nazarda tutilmoqda. 

Shu bilan birga, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari va Yer kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Deputatlar ta'kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mulkdorlar huquqlarini, ularni mulk huquqidan asossiz ravishda mahrum etishdan himoya qiladi. Shuningdek, yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarining o‘rni (shu jumladan davlat tomonidan) to‘liq qoplanishi, mulkdorlarning davlatga va uning organlariga bo‘lgan ishonchi ortishiga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi, deyiladi parlament saytida. 

Mavzuga oid