O‘zbekiston | 09:09 / 18.08.2020
34721
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi qonun loyihasi: yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiq belgilanadi

2020 yil 17 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining videokonferensaloqa tarzidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Parlament saytida yozilishicha, unda “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi Oliy sud tomonidan prezidentning 2019 yil 13 dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 6-bandining ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Shu bilan birga, taklif etilayotgan qonun loyihasi mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun loyihasiga yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish bo‘yicha ularning vakolatlarini cheklash, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yish vakolatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish va shu kabilarni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish taklif etilmoqda.

Fraksiya a'zolari qonunlarning yuqori sifati va barqarorligiga erishish, ularni hayotga tatbiq etishning ishonchli mexanizmini yaratish partiya deputatlik korpusining dasturiy vazifasi ekanini qayd etib, taklif etilayotgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, deyiladi ma'lumotda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid