23:01 / 10.05.2021
20228

Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabalariga vazir borishi oldidan «demokratik fikrlar»ni aytmaslik buyurildi

Topshiriq egasi, institutning pedagogika fakulteti dekani o‘rinbosari Shavkat Omonqulov shu voqealardan keyin o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti pedagogika fakulteti dekani o‘rinbosari Shavkat Omonqulovning tarix kafedrasi o‘qituvchilariga Telegram tarmog‘i orqali yuborgan topshirig‘i surati tarqaldi.

Unda dekan o‘rinbosari tomonidan institutga vazir (oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov – tahr.) kelishi mumkinligi hamda u bilan bo‘ladigan uchrashuvda «es-hushi joyida» talabalar ishtirok etib, tizimdagi islohotlardan minnatdorlik kayfiyatini namoyon qilishi kerakligi buyuriladi.

«Vazir bilan institutimizda buladigan uchrashuvga es xushi joyida talabalarni tayyorlab, ogoxlantirib kuying. Umuman, qaysi guruxga kirilsa xam, talabalarimiz Prezidentimiz tomonidan oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan isloxotlar uchun minnatdorchilik kayfiyatini namoyon etishlari kerak, Denovda yaratilgan sharoitni kullab kuvvatlashlari kerak.

Xar xil demokratik fikrlarini menga va sizga aytishsa yetadi. Xamma sharoit yetarli, faqat biz yoshlar yaxshi ta'lim va tarbiya olishimiz lozim degan goyani gapirishsin, televizorda xam zur chikadi. Uzi shundogam jamiyat bokimandalarga tulib ketdi, osmondan tushsa yotib yeyman deydigan» (topshiriq matni tahrirlarsiz keltirildi – tahr.), – deyiladi Shavkat Omonqulovning topshiriq xatida.

Oliy ta'lim muassasasi dekani o‘rinbosarining o‘qituvchilarga bu tarzda topshiriq berishi hamda talabalardan «qolip»dagi fikrlarni aytishni talab qilishi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

«Oliy ta'limda hech narsa o‘zgarmadi. O‘sha eskicha tizim, o‘sha yolg‘onlar va o‘sha eskicha talablar. Darslar, ta'lim sifati haqida esa hech kim so‘ramaydi, nazorat qilmaydi, hamma e'tibor shaklbozlikka qaratilgan», – deb yozdi muloqot tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri.

Kun.uz muxbiri ko‘pchilikning tanqid va kulgisiga sabab bo‘layotgan voqea bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati xodimi Zafar Amirqulovdan izoh oldi.

Matbuot xizmati xodimiga ko‘ra, Shavkat Omonqulov shu voqealardan keyin o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shagan.

«Dekan o‘rinbosarining xatti-harakatlari institut rahbariyati ishtirokida jiddiy muhokama qilingan. Muhokama va o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, institut odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Shavkat Omonqulovga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

U shu voqealardan bir necha kun o‘tib, institut rahbariyatidan o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatishni so‘ragan.

Ayrimlar bu voqeada vazirni ham ayblab yozdi. Lekin bu topshiriq suratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan paytda vazir Abduqodir Toshqulov Termiz davlat universiteti qoshida yangi tashkil qilingan Pedagogika institutiga direktor tayinlash uchun borgandi.

Umuman u kishining (vazirning – tahr.) Denov tadbirkorlik va pedagogika institutiga tashrifi ham reja qilinmagandi.

Sobiq dekan o‘rinbosarining bu tarzdagi qo‘pol va kurakda turmaydigan topshirig‘i uning professionallik layoqatining pastligidan. U o‘zicha qandaydir yangi kashfiyot qilmoqchi bo‘lgan ko‘rinadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi markaziy apparati, ayniqsa, vazir bu kabi ko‘zbo‘yamachilik holatlarini yoqtirmaydi.

Vazirlik talaba va o‘qituvchilardan hamisha ochiq bo‘lishni, muammolarni aniq-tiniq aytishni so‘raydi. Asosli tanqid va aniq takliflar har doim vazirlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi», – dedi Zafar Amirqulov.

Top