O‘zbekiston | 08:35 / 25.06.2021
4325
2 daqiqa o‘qiladi

Pora bilan qo‘lga tushgan MIB xodimiga hukm o‘qildi

Foto: KUN.UZ

Pora talab qilgan Majburiy ijro byurosi Mingbuloq tuman bo‘limida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosariga sud hukmi o‘qildi

2020 yilning avgust oylarida bo‘limga tuman davlat soliq idorasi tomonidan «Muhammad bobur yengilmas trans» MChJga nisbatan 898 919 351 so‘m qo‘shimcha soliqni undirish yuzasidan ijro hujjati kelib tushgan.

Ushbu ijro hujjatini nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari U.R. zimmasida bo‘lgan. «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 40-moddasiga asosan jamiyatning 898 919 351 so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligini undirish imkoniyati yo‘qligi sababli 2020 yil 21 sentyabrda MIB ijrochisi tomonidan tamomlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 

Buni bilgan holda U.R. jamiyat rahbari M.K. bilan uchrashib, unga qarzlarni to‘lashi lozimligini aytgan, keyin pulga ehtiyoji borligi sababli M.K.ni telefon orqali bo‘limga chaqirgan va u bilan ko‘rishib ijro ishi bo‘yicha gaplashib, ishini yengillashtirib berishni so‘ragan. 3 000 dollar bersa, ijro ishini tamomlab berishini aytgan. 

2020 yil 5 oktyabrda U.R. 2000 dollarni olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.
 
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, 2021 yil 5 fevraldagi hukmiga asosan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan aybli deb topilib, 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid