Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aholi daromadlarining oshishi sekinlashdi. Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi tafovut yanada kattalashgan
2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda aholi umumiy daromadlarining real o‘sishi 7,8 foizni, jon boshiga daromadlarning real o‘sishi esa 5,8 foizni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi – 10,3 foiz. Natijada poytaxt va eng past ko‘rsatkich kuzatilgan Namangan viloyati o‘rtasidagi daromadlar farqi 4 barobardan oshdi.
Foto: Kun.uz
2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 263,2 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirib o‘tilgan.
Yanvar-mart oylarida aholi daromadlarining nominal ko‘rinishdagi o‘sishi 15,5 foizni, real o‘sish sur’ati esa 7,8 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich mos ravishda 20,9 va 9,8 foiz bo‘lgandi.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlar esa nominal qiymatda 13,5 foizga (2025 yilning mos davrida – 18,5 foiz), real ko‘rinishda 5,8 foizga (7,6 foiz) ko‘paydi. Natijada hisobot davrida aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 6,9 mln so‘mni (5,9 mln so‘m) tashkil etdi.
Hududlar kesimida daromadlarning eng yuqori o‘sishi Toshkent shahri (+10,3 foiz), Navoiy viloyati (+8,9 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+6,9 foiz) qayd etilgan. Poytaxt va 3 ta viloyatda (Navoiy, Buxoro, Toshkent) aholi jon boshiga umumiy daromadlar respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan baland bo‘lgan.

Bu boradagi eng quyi ko‘rsatkichlar Namangan (4 mln 617 ming so‘m), Surxondaryo (4 mln 706 ming so‘m) va Qashqadaryo (4 mln 896 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan.
Hududlar kesimida daromadlarning o‘sishi
2018 yildan 2025 yilgacha – 7 yil ichida Toshkent shahrida aholi jon boshiga umumiy daromadlar nominal hisobda 4,5 barobarga yoki 16,2 mln so‘mdan 73,9 mln so‘mgacha ko‘paygan. Bu davrda respublikaning boshqa hech bir hududida 4 barobar o‘sish kuzatilmagan. Poytaxtdan keyingi eng yaxshi ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan – 3,6 barobar. Eng kichik o‘sish Jizzax viloyatida kuzatilgan – 2,9 barobar. 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, poytaxt va Namangandagi daromadlar farqi 4,13 barobarni tashkil etyapti.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yil birinchi choragi bilan taqqoslaganda poytaxtga nisbatan eng yuqori nisbiy kambag‘allashgan hudud Navoiy viloyati bo‘lgan. 2021 yilda o‘rtacha navoiylikning umumiy daromadi o‘rtacha toshkentlik umumiy daromadining 68,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 55,1 foizgacha pasaygan (13,6 foiz band qisqarish).
Shuningdek, Toshkent (daromad ulushining qisqarishi 11,5 foiz band), Jizzax (-8,9 foiz), Sirdaryo (-8,6 foiz) hamda Buxoro viloyatlarida (-8,5 foiz) daromadlar poytaxt bilan taqqoslaganda nisbiy eng yuqori qisqargan.

«Qiziq jihati bu davrda hech qaysi hudud Toshkentga nisbatan nisbiy boyimagan (ya’ni daromad ulushi oshmagan). Ya’ni poytaxtda daromadlar boshqa hududlarga nisbatan doimiy yuqori o‘smoqda. Bu holat xizmatlar sohasidagi yuqori o‘sish bilan izohlanishi mumkin», deya qayd etgan iqtisodchi.
Aholining umumiy daromadlari tarkibi
Hisobot davrida aholi umumiy daromadlarining katta qismini yollanma ishchilarning daromadlari tashkil qilgan – 30,9 foiz. Shuningdek, mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar (29,8 foiz) hamda transfertlardan olingan daromadlar (27,5 foiz) ham salmoqli ulushni egallaydi.

Transfertlardan olingan daromadlarning ulushi Farg‘ona (35,9 foiz), Samarqand (36,6 foiz) va Andijon viloyatlarida (41 foiz) aholi umumiy daromadlariga nisbatan 35 foizdan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiy viloyatida mazkur daromad turining ulushi eng past – 14 foiz bo‘lgan.

Xususan, aholining umumiy daromadlarida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi 17,5 foiz bo‘lgan.

Pul o‘tkazmalariga eng katta bog‘liqlik Andijon (31,2 foiz), Samarqand (25,9 foiz) hamda Farg‘ona viloyatlarida (24 foiz) kuzatilgan.
Mavzuga oid
12:47 / 25.04.2026
Uoll-stritda rekord daromad qayd etildi
13:45 / 24.04.2026
Birinchi chorakda O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 13 foizga oshdi
10:59 / 10.04.2026
O‘zbekistonliklar o‘qish uchun eng ko‘p Rossiya va Koreyaga ketmoqda
09:29 / 10.04.2026