O‘zbekiston | 23:09 / 23.02.2019
147792
6 daqiqa o‘qiladi

Kirish imtihonlarida kutilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma'lumot 

23 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda keyingi o‘quv yillarida oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari uchun kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi.

Joriy yilning 15 fevral kuni regulation.gov.uz portaliga «Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.

Mazkur qaror loyihasiga ko‘ra kirish imtihonlarida bir necha keskin o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘zgarishlarning zarurati va amalga oshirilish tartibi yuzasidan Davlat test markazi rahbariyati bayonot berdi.

«Hujjat topshirish uchun poytaxtga kelish shart emas»

DTM rahbariyatining aytishicha, oliy ta'lim muassasalarining aksariyati poytaxtda joylashgani bois o‘qishga hujjat qabul qilinadigan hamda imtihon o‘tkaziladigan yoz oylarida abituriyentlar Toshkent shahriga qatnashga majbur bo‘lardi.

Endilikda abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish maqsadida ularning yashab turgan manzilidagi Davlat xizmatlari markazlari orqali barcha OTMlarga hujjat qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.  Bu xizmat uchun 10-20 ming so‘m atrofida to‘lov undirilishi mumkin.

DTM direktor o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyevga ko‘ra, davlat xizmatlari markazlari hujjatlar qabulining ishonchliligini, himoyalanganligini o‘z bo‘yniga oladi.

Shuningdek, abituriyent tomonidan tanlanayotgan ta'lim muassasasining joylashgan hududidan qat'i nazar, o‘zi yashab turgan hududda test sinovlarida ishtirok etishi ham qaror loyihasiga kiritildi. DTM rahbariyati bu ishlar qanday tashkil etilishi yuzasidan aniq ma'lumot bildirmadi. 

«Stajga ega» abituriyentlar imtihon uchun pul to‘laydi

Qaror loyihasiga ko‘ra, joriy o‘quv yilida oliy ta'lim muassasasiga kirish imtihoni uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida to‘lov qilinishi amaliyotga kiritiladi.

Karimovning ma'lum qilishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun yig‘im faqatgina oldingi o‘quv yillarida ta'lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan undirilishi nazarda tutilgan. Joriy yilda maktab, litsey va kollejlarni tamomlovchi yoshlar uchun test sinovlari mutlaqo bepul, ular talabalik uchun hech qanday to‘lovlarsiz imtihon topshirishadi.

«Bu to‘lovlardan keladigan mablag‘ imtihon jarayoni shaffofligini ta'minlovchi – videokamera, shaxsni identifikatsiyalovchi, test natijalarini tekshiruvchi, jarayonni onlayn translatsiya qiluvchi qurilmalar uchun sarflanadi. Yig‘imlarning nimaga yo‘naltirilishi Davlat test markazi saytida e'lon qilib boriladi», – deydi DTM rahbari.

Karimovning qo‘shimcha qilishicha, to‘lovning aniq miqdori bo‘yicha hozirda Moliya vazirligi hisob-kitob ishlarini olib bormoqda.

Bir vaqtning o‘zida uchta OTM

Qaror loyihasida abituriyentlarning o‘qishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida ularga bir vaqtning o‘zida uchta bakalavriat ta'lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati berilmoqda

DTM rahbariyatining aniqlik kiritishicha, imtihon uchun to‘lov qilayotgan abituriyentlar nechta yo‘nalishga hujjat topshirishidan qat'i nazar bir marta pul to‘laydi. Bundan tashqari, imtihonlar bo‘yicha 30 foizdan yuqori natijani qo‘lga kiritgan abituriyentlarga amal qilish muddati uch yil bo‘lgan sertifikat beriladi. Sertifikatdan ular uch yil davomida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun foydalanishi mumkin.

3+2 fanlar tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

«AQSh, Janubiy Koreya, Qozog‘iston mamlakatlarining imtihon tizimini o‘rgangan holda, 2020 –2021 o‘quv yilidan boshlab, 3+2 fanlar majmuini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqdamiz», – deydi Majid Karimov.

Ya'ni abituriyent tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha uchta majburiy fandan, ikkita o‘zi tanlagan tanlov fanidan imtihon topshiradi. DTM direktoriga ko‘ra, fanlar majmuasi sentabr-oktabr oyida ma'lum qilinadi.

Shuningdek, abituriyentlarning savodxonlik darajasini oshirish maqsadida ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq)dan yozma ish olish rejalashtirilgan. Yozish ko‘nikmasini baholash asosiy imtihonlarga qo‘shimcha ravishda tashkil etiladi, ammo buning aniq mexanizmlari hali ishlab chiqilmagan. Agar abituriyent yozma sinovdan yetarli ball to‘plasa, ona tili fani bo‘yicha testni topshirmasligi ham mumkin. Ushbu tizimning amalga oshirish tartibi joriy yilning oktabr oyiga qadar rasman e'lon qilinadi.

Test jarayoniga xalqaro ekspertlar jalb etiladi

Davlat test markazi direktorining bayonotiga ko‘ra, test jarayonlarining xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida, baholash jarayoniga xalqaro ekspertlar guruhini jalb etish uchun Xalqaro ilmiy-metodik markaz tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ekspertlar test materiallarining sifati, to‘g‘ri tuzilganligini ham nazorat qilib boradi.

Anjumanda taqdim etilgan ma'lumotlarga qaraganda, kirish imtihonlarida katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda va ular talabalikka da'vogarlarning bilimini yuqori aniqlikda va shaffof tarzda belgilashga qaratilgan. Yangiliklar amalda ham qaror loyihasida bayon etilganchalik real samara berishini esa vaqt ko‘rsatadi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Mavzuga oid