O‘zbekiston | 15:29 / 27.09.2021
53766
2 daqiqa o‘qiladi

«4 qavatli uy qurib nima qilasan?» – Shavkat Mirziyoyev prokuratura tizimini 70 foiz almashtirganini aytdi

Shavkat Mirziyoyev Namanganda saylovchilar bilan uchrashuvi chog‘ida endi islohotlar asosan mahallalarda amalga oshirilishini aytib, eski tizimdagi rahbarlarni tanqid qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

“Oldin mahalla raisi hokimning, prokurorning oldiga kira olmasdi. Birinchi ish kunimdan boshlab prokuratura tizimida tozalash olib bordim, 70 foizini almashtirdim. Chunki juda ko‘pchiligining oyog‘i yerdan uzilgan, xalqni mensimasdi. 4 qavatli uy qurib, har yili mashinangni almashtirib nima qilasan? Xalqning ko‘ziga yomon ko‘rinib nima qilasan?” – dedi amaldagi prezident.

Shuningdek, prezidentlikka nomzod boshqa nomzodlarning tashabbuslari bo‘yicha fikr bildirdi:

“Boshqa nomzodlarimiz ham harakat qilishyapti, tashabbuslar ko‘rsatishyapti. Ayrimlari “Temir daftar”ni tanqid qilishyapti. Lekin bu hayotdan uzoqlikni bildiradi. Agar “Temir daftar” bo‘lmaganida pandemiyada muhtojlarni aniqlab olarmidik, kerakli yordamni manzilli berarmidik? Mendan qo‘shni davlat rahbarlari ham “Temir daftar” nimaligini so‘rashdi. “Odamingizni jo‘nating, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib o‘rgansin”, deb javob berdim”, – deya prezidentlikka nomzodning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid