O‘zbekiston | 15:05 / 30.09.2019
98487
3 daqiqa o‘qiladi

Shuhrat G‘aniyev aybini tan oldi, unga qattiq ogohlantirish va 3 oy sinov muddati berildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishida Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevning masalasi ko‘rib chiqildi.

Unda Shuhrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqi tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda komissiya vakillari Farg‘ona viloyat hokimining majlislardan birida ayollarning ro‘mol o‘rashi bilan bog‘liq fikrlari uchun qattiq qoralashgan va qat'iy chora ko‘rilishini so‘rashgan.

Shuhrat G‘aniyev ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga bildirilayotgan tanqidlar to‘g‘riligini e'tirof etib, o‘zining aybini tan olgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan muhokamalar to‘g‘ri. Aybimni tan olaman. O‘zimni oqlash uchun biror so‘z topa olmayman. Mening avlodim, ota-onam milliy liboslar kiyadi. O‘zim ham uyimda milliy libos kiyaman. O‘sha majlisda quyushqondan chiqib ketganman. Imkoniyat bersangiz, xulosa chiqarib, chin dildan mehnat qilaman. Har qanday jazoga loyiqman.

Xalqdan va Prezidentdan kechirim so‘rayman. Imkon berilsa, chin dildan mehnat qilishga tayyorman», deya viloyat hokimining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yakunda Senat raisi Tanzila Norboyeva tomonidan Shuhrat G‘aniyev qattiq tanqid qilinib, unga qat'iy ogohlantirish va uch oylik sinov berilgan.

Bundan avvalroq, Farg‘ona viloyati hokimi soqol, ro‘mol va ish joylarida namozga qarshi chiqib, bunga bo‘ysunmaganlarni qamash bilan tahdid qilgani yozilgan audio tarqalgan edi. Farg‘ona viloyati hokimi selektor davomida turk insvestorining soqolini olishni buyurgan, viloyatdagi ish joylarida namoz o‘qishga sharoit yaratiladigan holatlar aniqlansa, o‘sha korxona rahbariga jinoyat ishi ochilishini aytgani, shuningdek, oldida kim bo‘lishidan qat'i nazar ro‘mol o‘rab olgan ayolga ko‘zi tushsa, uning ro‘molini o‘sha tuman hokimi og‘ziga tiqib qo‘yish bilan tahdid qilgan.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati Shuhrat G‘aniyevning tarqalgan audiosi bo‘yicha rasmiy bayonot berib, hokimning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilingani, shu bilan birgalikda Shuhrat G‘aniyev ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlardan xulosa chiqarganini bildirgandi.

Mavzuga oid