O‘zbekiston | 12:50 / 08.02.2018
416316
3 daqiqa o‘qiladi

«Ularga vakolat bergan odam yo‘q hozir». Prezident MXXning sobiq mulozimini xoin deb atadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq generali, MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovni xoin deb atadi. Prezidentning Surxondaryo viloyatidagi yig‘ilishda aytgan so‘zlari yozilgan audio internetda tarqalgan.

Unda prezident o‘tgan davrda MXX mulozimlariga katta vakolatlar berilganini tanqid qiladi.

«Bilasizlarmi, bular hali xalqning qadriga yetmagan. Bular olgan maoshiga, unvonlariga arzirli ish qilib qo‘ygani yo‘q. Bironta ish qilgani yo‘q.

Bularning o‘z ishi bor, bu ishni man bilan gaplashishi kerak. Oddiy hokimning ortidan quvib yuradigan vaqt o‘tdi. Nima emish, bir tumanning noinsof MXX boshlig‘ini tuman hokimining mashinasi quvib o‘tibdi, keyin hokimni olib borib qamab qo‘yibdi.

Kimsan o‘zi? Kim senga vakolat bergan? Pogoningni olib tashlayman kerak bo‘lsa!

Bu zamon o‘tib bo‘ldi. 13 yil bosh vazir bo‘lganman. Vaziyatni bilaman. Hokim hech kim emasdi. Hamma hokimlar ularning xonasida bo‘lardi.

Sal qarshi gap bildirsa, g‘iybat qilib ishdan olib tashlardi. O‘g‘riga chiqarardi, bir aybni bo‘yniga qo‘yardi.

Endi u zamon tugadi. Man bularning birontasiga ishonmayman, bularning ma'lumoti kerak emas. Shuni bilinglar.

Endi to‘rt rahbar ko‘kragingni kerib ishla. Xalq uchun, vatan uchun ishla. Endi hech kim emas ular. Ularga vakolat bergan odam yo‘q endi.

Surxondaryoda bu masalada og‘ir edi. Shuning uchun bu yerga bitta ham biznesmen kelmagan, keldimi darrov qamardi. Bu falonchining odami, bu pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami, deb. San kimsan, o‘zing pul bermaydiganmiding, san G‘ulomov. Sotqin. Poraning boshida o‘zi o‘tirardi», degan prezident.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning yanvarida 51 yoshli general-leytenant Shuhrat G‘ulomov Milliy Xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ishdan olingan va Surxondaryo viloyati boshqarmasiga o‘tkazilgandi. Shuhrat G‘ulomov MXXdagi faoliyatini aynan Surxondaryodan boshlagandi.

Foto: o‘rtada Shuhrat G‘ulomov

O‘tgan yilning avgustida O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy mahkamasi G‘ulomovni davlatga milliardlab zarar yetkazish, qurol-yarog‘ kontrabandasi va pul yuvishda ayblab, umrbod qamoq jazosiga mahkum qilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Mavzuga oid