Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Solovyov Bonyadan uzr so‘radi
Viktoriya Bonya yaqinda o‘zini qattiq haqoratlagan Vladimir Solovyovning efirida mehmon bo‘ldi. Ular yarashib olishdi va endi «murojaatlar bilan ishlash»da hamkorlik qilishi mumkin.
Foto: rutube
Teleboshlovchi Vladimir Solovyov bloger Viktoriya Bonyani jonli efirda haqoratlagani uchun uzr so‘radi.
Instagram yulduzi bo‘lgan Viktoriya Bonya (uning 14 millionga yaqin obunachisi bor) va propagandachi Vladimir Solovyov o‘rtasidagi mojaro bloger 14 aprel kuni o‘z akkauntida «xalq nomidan» Putinga videomurojaat e’lon qilishi ortidan boshlangandi. U «gubernatorlardan hech biri aytmaydigan» beshta muammoni sanab, odamlar Putindan qo‘rqishi, o‘zi esa qo‘rqmasligi haqida gapirgandi. Kremldagilar Bonya aytgan masalalar bo‘yicha «ish olib borilayotgani»ni ma’lum qilgan. Uning o‘zi keyinroq ko‘ziga yosh olib, Kremldagilar uning murojaatiga e’tibor qaratgani uchun Putin va Peskovga minnatdorchilik bildirgandi.
Bonyaning murojaati keng muhokama qilina boshlagach, Vladimir Solovyov o‘zining kechki shousi efirida uni «iflos og‘zini ochib, hammayoqni ifloslantirmasligi kerak bo‘lgan» «siyqasi chiqqan fohisha» deb atagandi. Davlat dumasi deputati Vitaliy Milonov ham unga qo‘shilib, Bonyani «savodsiz bloger» va «eskort» deb atagandi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari haqoratli so‘zlar uchun Solovyovni keskin tanqid qilgan, blogerning o‘zi esa sun’iy intellekt orqali yasalgan rolikni e’lon qilgandi – unda Bonya O‘rgimchak odam qiyofasida Solovyov, Milonov va Artemiy Lebedevga qarshi kurashayotgani aks etadi. U propagandachilarni sudga berishini aytgandi.
Amalda esa Bonya 28 aprel kuni Solovyov efirida mehmon bo‘ldi.
Uzr so‘rash va Putinning yonini olish
Efir Bonya oyog‘idagi og‘riqdan shikoyat qilishi bilan boshlandi, u buni stress bilan izohlagan. «Buni mening aybim deb hisoblaymiz», – degan Vladimir Solovyov.
Keyin esa Bonya jamoatchilik e’tibori uning Putinga murojaatiga emas, Solovyov bilan mojarosiga burilib ketganini qayd etgan:
Men o‘z his-tuyg‘ularim va odamlarning menga yozganlari haqida Putinga murojaat yozdim. Muhimi, ular o‘z muammolari unutilmaganini tushunishi kerak. Menda hech qanday ssenariy bo‘lmagan, hech kim menga pul to‘lamagan. Meni haqorat qilganingiz uchun uzr so‘rashingizni istardim. Siz [Italiya bosh vaziri Jorjia] Melonidan ham uzr so‘rashingiz kerak.
Teleboshlovchi esa undan aytgan so‘zlari (Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan «yuborilgan josus» va «siyqasi chiqqan fohisha») uchun uzr so‘ragan. Solovyovning aytishicha, uning bu qadar hissiyotga berilishiga Bonya o‘z murojaatida muammolarni ko‘targani emas, balki uning kirish so‘zlari sabab bo‘lgan – Instagram yulduzi murojaatini quyidagi ibora bilan boshlagandi: «Vladimir Vladimirovich, sizdan qo‘rqishadi. Xalq sizdan qo‘rqadi, blogerlar, artistlar qo‘rqadi, gubernatorlar sizdan qo‘rqishadi».
Sizning murojaatingizni yuqoridagilarga yetib borganida, Putindan qo‘rqishlari haqidagi so‘zlardan jahlim chiqdi. Chunki Rossiyada Putindan qo‘rqishmaydi, balki sevishadi. Uning frontga kelishi askarlar uchun ham bayram bo‘ladi. Sizdan foydalanishdi, buni asosiy maqsadi Rossiyada demokratiya yo‘qligini, Putin esa diktator ekanligini ko‘rsatish bo‘lgan G‘arbdagi nashrlar ilib ketishdi...
Albatta, uzr so‘rashim kerak. Men haddan tashqari hissiyotga berilib ketdim va o‘z so‘zlarimga jiddiyroq munosabatda bo‘lishim kerak edi.
Bonya Solovyovga uzr so‘ragani uchun minnatdorchilik bildirgan va Putinga murojaatida tilga olingan mavzular muhokamasiga qaytishga uringan.
Xususan, u hozirda instagramdagi obunachilarini Tuapsadagi ekologik falokat ko‘proq tashvishga solayotganini aytgan. Solovyov esa bu boshqa turdagi muammo ekanini aytib, ovozini balandlatgan holda urush haqida gapirishga o‘tgan hamda u yashaydigan Monakoda urush yo‘qligini qayd etgan.
Bloger tashqi siyosatni muhokama qilmasligini ta’kidlagan, ammo Solovyov uning so‘zini bo‘lib, baqirgancha dronlar Rossiyaga hujum qilayotgan, Yekaterinburgdagi turar joylarga kelib urilayotgan ekan, bu tashqi siyosat hisoblanmasligini aytgan.
Solovyov efir davomida bir necha bor Bonyaga qandaydir platforma (masalan, Max messenjeri yoki «Solovyov Live» shousida) ochishni taklif qilib, u yerda o‘z jamoasi obunachilardan keladigan murojaatlar bilan ishlashi mumkinligini bildirgan.
Mizoginiya (ayollardan nafratlanish) va Meloni
«Siz bilan bog‘lana olganimdan minnatdorman», – deya javob bergan unga Bonya. U ayollar uchun erkaklar ularni tinglayotganini anglash muhimligi haqida gapira boshlaganida, Solovyov yana uning so‘zini bo‘lib qo‘ygan. Muloqot mavzusi yana mizoginiyaga burilgan (teleboshlovchi efir boshidayoq uni mizogin deb atash to‘g‘ri bo‘lmasligi, chunki uning efiriga keluvchi mehmonlarning ko‘pchiligi ayollar bo‘lishi, shuningdek, ayollardan nafratlanuvchilarning 70 foizi aslida ayollarning o‘zi ekani haqida gapirgandi).
Teleboshlovchi Bonyaga o‘zining efirlarini kuzatib bormasligi uchun tanbeh bergan, u esa buni Solovyov muntazam ravishda so‘kinishi bilan izohlagan.
«Vatanimni sevaman – vatanim bilan yashayman», – degan Solovyov.
Keyin Bonya teleboshlovchidan Italiya bosh vaziri Jorjia Melonidan ham uzr so‘rashni so‘ragan – Solovyov uni «puta» (italyanchadan tarjimasi «fohisha»), «o‘z saylovchilariga xiyonat qilgan fashist maxluqi» va «insoniyat uchun isnod» deb haqoratlagandi. Blogerning o‘zi undan mamlakatdagi barcha ayollar nomidan uzr so‘rashni boshlaganida Solovyov uning gapini bo‘lib qo‘ygan.
«Meloni? Yo‘q, yo‘q. Siz u haqda ayol sifatida fikr yuritasiz, lekin u bosh vazir. Men uni ayol sifatida haqorat qilmadim, bu siyosiy atama. Agar Meloni ayol sifatida xafa bo‘lgan bo‘lsa, men uzr so‘rayman. Italiyalik siyosatchilar Putinni «qonxo‘r jallod» va «terrorchi» deb atashgandi – Putindan kim kechirim so‘raydi? Italyan fashistlari yetkazib berayotgan pullar evaziga chegara hududlarimizda o‘ldirilayotgan odamlarimizdan-chi?» – deya baqirgan teleboshlovchi.
Bonya vaziyatni ona va o‘smir munosabatiga taqqoslagan. Tomonlar Meloni, teng huquqlilik va ayollarga nisbatan nafrat masalasida bir to‘xtamga kela olishmagan.
Bonyaning ta’kidlashicha, ular «ijobiy notada» xayrlashishgan.
Muloqotdan keyin
«Vika – barakalla, aqlli qiz», – degan Solovyov bloger efirni tark etganidan keyin.
Bonyaning o‘zi esa efirdan keyin ko‘p o‘tmay o‘z instagramida yangi video joylashtirib, unda «ayollar – yumshoq kuch» ekani haqida gapirgan va Solovyov u va uning auditoriyasining e’tirozlarini inobatga olishga va’da berganini aytgan.
«Bugungi kun menga yumshoq kuch ishlayotganini yana bir bor ko‘rsatdi», – degan u.
Bonya Solovyov uzr so‘ragani tufayli endi uni sudga bermasligini qo‘shimcha qilgan.
U shuningdek Solovyov «Italiya bosh vaziridan ham uzr so‘ragani»ni aytgan. «Mayli qing‘ir-qiyshiq bo‘lsa ham, uzr so‘radi, men buni ham katta yutuq deb hisoblayman», – degan Bonya.
«Men buni kichik bo‘lsa-da, g‘alaba deb bilaman. <...> Men bu urush bilan emas, g‘aribona bo‘lsa ham tinchlik bilan yakunlanishi kerak deb hisoblayman», – deya qo‘shimcha qilgan u.