Jahon | 09:34 / 16.05.2026
3890
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Rossiyaga uran topshirish bo‘yicha muzokaralarni tasdiqladi

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi Tehron Moskva bilan boyitilgan uran zaxiralarini Rossiyaga topshirish ehtimoli yuzasidan dastlabki maslahatlashuvlar o‘tkazganini tasdiqladi.

Foto: REUTERS

Bu haqda 15 may kuni Al Jazeera telekanali xabar qildi.

Arag‘chining so‘zlariga ko‘ra, Eron Rossiyaning hamkorlik qilishga tayyorligini yuqori baholagan. Biroq mazkur masala bo‘yicha yakuniy qaror AQSh bilan Eron yadroviy dasturi yuzasidan olib borilayotgan muzokaralarning keyingi bosqichida qabul qilinadi.

“Ushbu bosqichga yetganimizda, albatta, Rossiya bilan qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazamiz va Rossiya taklifi yordam bera oladimi-yo‘qmi — shunga qaraymiz”, — dedi Eron tashqi ishlar vaziri.

Uning ta’kidlashicha, hozircha uranni topshirish haqida aniq gap ketmayapti.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may kuni Moskva Eron uranini qabul qilishga tayyorligini bildirgan edi. Rossiya bunday mexanizmdan 2015 yildagi yadroviy kelishuv doirasida ham foydalangan.

Shu bilan birga, Islom inqilobi muhofizlari korpusiga yaqin bo‘lgan Tasnim agentligi G‘arb matbuotida chiqqan “Eron uranni chet davlatga berishga prinsipial rozilik bildirgani” haqidagi xabarlarni rad etdi.

Avvalroq The Wall Street Journal manbalariga tayanib, Eron AQSh bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, uran qaytarilishi sharti bilan uning bir qismini uchinchi davlatga topshirishga tayyorligi haqida xabar bergan edi.

Ma’lum qilinishicha, Vashington Tehronga 14 banddan iborat keng qamrovli taklif yuborgan. Unda Eronning yadroviy quroldan to‘liq voz kechishi, 12 yil davomida uran boyitishni to‘xtatishi hamda 60 foizgacha boyitilgan taxminan 440 kilogramm uranni topshirishi talab qilingan.

Buning evaziga AQSh sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish va Eron aktivlarini muzdan chiqarishga tayyorligini bildirgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa Eronning mazkur shartlarga javobini “butunlay qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid