Jamiyat | 23:41 / 07.07.2025
25928
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 19 yoshli qiz harakatdagi Nexiaʼdan sakrab tushib qoldi

Bunga mashinani boshqarib ketayotgan 24 yoshli yigit bilan tortishib qolgani sabab bo‘lgan. Qiz harakatdagi mashina eshigini ochib, yo‘lning qatnov qismiga sakragan.

Foto: Toshkent shahri IIBB

Toshkentda 19 yoshli qiz kelishmovchilik oqibatida harakatdagi Nexiaʼdan sakrab tushib qoldi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 7 iyul kuni soat 11:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik ko‘chasida 2001 yilda tug‘ilgan X.A. Nexia rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, oldindan tanishi bo‘lgan 2006 yilda tug‘ilgan B.J. bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida tortishib qolgan. So‘ng fuqaro B.J. harakatlanib ketayotgan avtomashina eshigini ochib, yo‘lning qatnov qismiga sakragan.

Ta’kidlanishicha, shu hududda xizmat olib borayotgan tuman IIO FMB xodimlari zudlik bilan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib borgan. Birlamchi tibbiy ma’lumotga ko‘ra, fuqaroga «peshona va chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi hamda teri osti gematomasi» tashxisi qo‘yilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

«Ayrim ijtimoiy tarmoq faollari ushbu holatda qiz go‘yoki o‘g‘irlab ketilayotgani haqida xabar tarqatishgan. Mazkur ma’lumot haqiqatdan yiroq bo‘lib, fuqarolardan tasdiqlanmagan va tekshirilmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid