Jahon | 17:35 / 01.01.2026
11168
4 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyadagi kurortda portlash: o‘nlab insonlar vafot etgani aytilmoqda

1 yanvarga o‘tar kechasi Alp tog‘larida joylashgan kurort shaharchadagi barda portlash va uning ortidan yong‘in yuz berdi. Politsiya 40ga yaqin qurbonlar borligini taxmin qilmoqda. Qariyb 100 kishi jarohatlangan, ularning aksariyati og‘ir ahvolda.

Foto: Reuters

31 dekabrdan 1 yanvarga o‘tar kechasi Shveytsariyaning Alp tog‘laridagi kurort shaharcha – Krast-Montada Yangi yilni nishonlayotgan odamlar bilan to‘la barda kuchli portlash yuz berdi. Uning ortidan esa yirik yong‘in kelib chiqqan. Mahalliy politsiyaga ma’lumotlariga ko‘ra, oqibatda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda. Qariyb 100 kishi jarohatlangan, ularning aksariyati og‘ir ahvolda.

Reuters’ning yozishicha, portlashdan keyingi yong‘in – mahalliy vaqt bilan 01:30 da «Le Constellation» nomli barda boshlangan. Portlash sababi hozircha noma’lum, biroq rasmiylar hodisa tasodif bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Hozircha biz buni yong‘in sifatida ko‘rib chiqyapmiz va hujum ehtimolini ko‘rib chiqmayapmiz,» dedi kanton prokurori Beatris Pilloud matbuot anjumanida. U ish yuzasidan to‘liq tergov boshlanganini qo‘shimcha qildi.

Foto: Reuters

«Qurbonlarni aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizaga juda katta resurslar safarbar qilingan. Bu resurslar jasadlarni imkon qadar tezroq oilalarga topshirishimiz uchun mo‘ljallangan,» dedi prokuror.

Kanton politsiyasi rahbari Fredirik Gisler kechasi sodir bo‘lgan voqea barchani larzaga solganini aytdi.

Foto: AP

«Bizning hisobimizga ko‘ra taxminan 100 kishi jarohatlangan, ularning ko‘pchiligi og‘ir. Afsuski o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, deb taxmin qilinmoqda. Hozirda qurbonlarni aniqlash va ularning oila a’zolariga xabar berish ishlari olib borilmoqda. Biroq bu vaqt talab qiladi va hozircha aniqroq raqam aytish erta,» deya politsiya boshlig‘ining so‘zlarini keltirmoqda Associated Press.

Avvalroq politsiya ko‘plab odamlar kuyish jarohatlari bilan davolanayotganini va hudud butunlay yopilganini, Krans-Montana ustidan uchish taqiqlangan hudud joriy etilganini bildirgan edi. Voqea joyiga 10 ta vertolyot va 40 ta tez yordam mashinasi safarbar qilingan.

Foto: AP

Reutersʼning yozishicha, Italiya tashqi ishlar vazirligi Shveytsariya politsiyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra qurbonlar soni taxminan 40 nafar ekanini aytgan. Biroq aniq raqamlar keltirmagan. Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayanining aytishicha, yong‘in ehtimol mushakbozlik sabab yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Mahalliy hukumat rahbari Matias Renardning aytishicha, jarohatlanganlar shu qadar ko‘pligidan mintaqaviy shifoxonadagi reanimatsiya bo‘limi va operatsiya zallari to‘lib ketgan. Jarohatlanganlar orasida boshqa mamlakat fuqarolari ham borligini aytildi.

Foto: AP

Fransiyaning BFMTV telekanaliga gapirgan guvohlardan biri odamlar yong‘indan qochish uchun derazalarni sindirayotganini, ba’zilari og‘ir jarohatlanganini, vahimaga tushgan ota-onalar esa bolalari haqida bilish uchun voqea joyiga shoshilayotganini tasvirlab berdi.

Dengiz sathidan taxminan 3 000 metr balandlikda, Shveytsariya Alp tog‘larining markazida joylashgan Krans-Montana dunyoning yirik yirik qishki sport markazlaridan biri hisoblanadi. U tog‘ chang‘isi bo‘yicha Jahon kubogi musobaqalarining asosiy maydonlaridan biri bo‘lib, 2027 yil fevralida ikki hafta davom etadigan navbatdagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid