Farğona viloyati Qöqon şahridagi köp qavatli uylardan birida sodir bölgan portlaş yuzasidan jinoyat işi qözğatildi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.
«Böston» MFY hududida joylaşgan tört qavatli uyda 25 fevral kuni portlaş sodir bölib, yonğin kelib çiqqani yuzasidan Farğona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud Tergov bölimi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» bandi (yonğin xavfsizligi qoidalarini buziş odam ölişiga sabab bölişi) bilan jinoyat işi qözğatilib, jinoyat işi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingan.
Baxtsiz hodisa sabab mazkur uyda istiqomat qilgan, 2007 yilda tuğilgan fuqaro beton qoplama (plita) bosib qolişi sababli oğir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Boşqa şaxslarning jarohat olgani töğrisida ma’lumot kelib tuşmagan. Hodisa oqibatida bir neça xonadonga zarar yetgan.
Portlaşning kelib çiqiş sabablarini aniqlaş va hodisa joyini közdan keçiriş işlariga kirişilgan. Içki işlar vaziri örinbosari Ramazon Aşropov tomonidan voqea joyida tergov-tezkor guruhi tuzilib, mas’ul xodimlarga zarur topşiriqlar berilgan.

Jumladan, hodisa joyini Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq hujjatlaştiriş, iş uçun ahamiyatga ega bölgan narsa va buyumlarni oliş, guvohlardan batafsil körsatmalar oliş hamda boşqa zarur tergov harakatlarini amalga oşiriş vazifalari yuklatilgan.
Eslatib ötamiz, Qöqon şahridagi köp qavatli uyda 16 fevral kuni ham gaz portlagandi. Hodisa oqibatida 4 kişi turli darajada jarohatlanib, şahar tibbiyot birlaşmasiga yotqizilgan, körsatilgan tibbiy yordamga qaramay, jabrlanganlardan biri şifoxonada vafot etgandi.

















