Jamiyat | 03:10 / 16.06.2017
21705
2 daqiqa o‘qiladi

Musulmonlar idorasi tashkilotlari va imom-xatiblarga qator qulayliklar yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati samaradorligini oshirish, uning tasarrufidagi tashkilotlar va imom-xatiblarga qulayliklar yaratish uchun quyidagi masalalarni ko‘rib chiqish zaruratini ta'kidladi:

"Birinchidan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi masjid va ta'lim muassasalarining notijorat tashkilot sifatida faoliyat yuritishini inobatga olib, ular tomonidan to‘lanadigan yagona ijtimoiy to‘lovning miqdorini qayta ko‘rib chiqish zarur.

Ikkinchidan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblar malakasini oshirish o‘quv markazining faoliyatini kuchaytirish, uning ilmiy salohiyatini, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishimiz va amalga oshirishimiz zarur.

Uchinchidan, mamlakatimizda ma'rifiy yo‘nalishdagi nashrlarga berilgan imtiyozlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Hidoyat” jurnali va “Islom nuri” gazetasi hamda diniy-ma'rifiy nashrlar uchun ham joriy etib, ularga ham soliq va majburiy ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha belgilangan imtiyozlar berish adolatdan bo‘ladi, deb o‘ylayman.

To‘rtinchidan, “O‘zbekiston” telekanali orqali beriladigan “Hidoyat sari” ma'rifiy dasturi va “Ziyo” studiyasi ko‘rsatuvlarini, o‘ylaymanki, yurtimizda ko‘pchilik katta qiziqish bilan tomosha qiladi. Ana shu ko‘rsatuvlar ijodkorlarining samarali mehnatini inobatga olib, ularni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlaymiz", - dedi davlat rahbari.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid