Iqtisodiyot | 11:55 / 08.02.2024
20206
6 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor 227-1-modda bo‘yicha soliq organi ustidan sudda yutib chiqdi

Soliq kodeksining bahsli 227-1-moddasi bo‘yicha 100 mln so‘m jarimaga tortilgan umumiy ovqatlanish shoxobchasi ishi sudda ko‘rib chiqilib, tadbirkor foydasiga hal qiluv qarori chiqarildi. Mutaxassislar virtual kassani integratsiya qilish masalasi tadbirkorning emas, operatorning zimmasidagi masala ekanini isbotlab bergan.

Foto: Kun.uz

2023 yil mart oyida Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, 227 prim 1-moddasi qo‘shilgan edi. Unga ko‘ra, tadbirkor markirovka qoidalarini buzsa, maxsus hisoblash dasturlarini soliq organi bazasiga integratsiya qilmasa, bir chorakdagi (3 oy) sof tushum miqdorida jarimaga tortiladi. Bu jarimaning yuqoriligi tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelyapti.

Kun.uz soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovdan olgan ma’lumotga ko‘ra, kuni kecha Toshkent shahar ma’muriy sudi 227-1-modda bo‘yicha tadbirkor foydasiga hal qiluv qarorini chiqargan.

“Bu keysda Soliq kodeksining 227-1 moddasi bo‘yicha tadbirkorga 100 mln so‘m jarima qo‘llangan edi. Bizning holatimizda korxona R_keeper dasturidan foydalangan, lekin xaridorga chek bermagan. Shu sababdan 5 mln so‘m jarima va 227-1-modda bo‘yicha R_keeper dasturi integratsiya qilinmagan degan masala bilan o‘tgan chorakdagi 3 oylik tushumi miqdorida jarima qo‘llangan, bu jarima jami 100 mln so‘mni tashkil qiladi. Biz sudda soliq organi tomonidan 227-1-modda noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ko‘rsatib berdik”, – deydi soliq maslahatchisi.

Coliq organining pozitsiyasiga ko‘ra, bu holatda tadbirkor fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan.

“Bunday holatlar, asosan, umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar bilan kuzatilyapti. Ular, asosan o‘zining faoliyatida R_keeper, Jovi, Arka degan programmalardan foydalanadi. Shu programmalarni tadbirkor soliq organlariga integratsiya qilishi kerak edi, lekin qilmagan deb jarima qo‘llashyapti”, – deydi Murod Muhammadjonov.

Mutaxassisning aytishicha, soliq organlari 277-1-moddani noto‘g‘ri talqin qilayotgani sudda quyidagi huquqiy asoslar bilan isbotlab berilgan.

Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov

Vazirlar Mahkamasining 23.11.2019 yildagi 943-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 4-bandi, ikkinchi xatboshiga ko‘ra, chakana savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan foydalanilayotgan avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalarining (axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlari) majburiy ravishda soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi va davlat reyestriga kiritishi lozim ekani ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanishi ruxsat etilgan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarning davlat reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning:

  • 11-bandida, onlayn-NKM yoki virtual kassani davlat reyestriga kiritish uchun yuridik shaxs 2-ilovaga muvofiq ariza bilan vakolatli organga murojaat qilishi;
  • 12-bandida, operator onlayn-NKM yoki virtual kassaning operator bilan to‘g‘ri integratsiya qilingani yoki to‘liq integratsiya qilinmagani to‘g‘risidagi xulosani o‘n ish kunida ariza beruvchiga taqdim etishi;
  • 14-bandida, vakolatli organ onlayn-NKM yoki virtual kassani davlat reyestriga kiritish yoxud Davlat reyestriga kiritishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

“Bundan ko‘rinib turibdiki, virtual kassani integratsiya qilish operator zimmasida bo‘lib, virtual kassani davlat reyestriga kiritish integratsiya ishlari amalga oshirib bo‘lingandan so‘nggina amalga oshiriladi.

Soliq.uz sayti, Xizmat va servislar oynasi, “Onlayn NKM” satri, “Virtual kassa reyestri” qismida ham, ofd.uz sayti, “Reyestr” oynasi, “Virtual kassa reyestri” satrida ham virtual kassalar davlat reyestri ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, bularning ikkisida ham R_keeper_7 virtual kassa dasturi 31.12.2020 yilda davlat reyestriga kiritilgani aks ettirilgan.

Ushbu keysda arizachi tomonidan o‘z faoliyati davomida R_kepper_7 virtual kassa dasturidan foydalangani, ushbu virtual kassa dasturi davlat reyestriga 31.12.2020 yilda kiritilganligi sababli, o‘z navbatida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan nizomga ko‘ra integratsiya ishlari ham amalga oshirilganligidan dalolat beradi. Sababi – yuqoridagi nizomning 11, 12, 14-bandlarida virtual kassa dasturi oldin integratsiya qilinishi, keyin davlat reyestriga kiritilishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan”, – deya ma’lum qildi Murod Muhammadjonov.

Shu tariqa, sud tadbirkor ko‘rsatib o‘tgan asoslarga ko‘ra tadbirkorga moliyaviy jarima noto‘g‘ri qo‘llangan deb topgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Savdo-sanoat palatasi Soliq kodeksining 227-1-moddasiga o‘zgartish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi. Bu moddadagi jarima miqdorini korxona sof tushumining 100 foizidan 20 foizga tushirish ko‘zda tutilgani aytilgandi.

Shuningdek, bu moddada ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni alohida klassifikatsiya qilish, huquqbuzarlikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib sanksiya qo‘llash masalalari ham o‘rganib chiqilishi ma’lum qilingandi.

Bu mavzuda tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda SSPning bu modda bo‘yicha tadbirkorlarga qo‘llangan 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish taklifini Soliq qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.

12 dekabr kuni Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi mazkur jarimani kamaytirishni so‘rab davlat rahbari va hukumatga murojaat qilishga qaror qilgan edi.

Mavzuga oid