Navoiyda yana bir «dom» mojarosi: 16 oila 3 yildan buyon ijarada sarson bo‘lmoqda
Navoiy shahrida katta mojaroga sabab bo‘lgan 60 kvartirali turar joy haqida bir necha bor reportaj tayyorlagandik. Ushbu mojaro sabab o‘z mablag‘iga 60 ta xonadon sotib olgan aholi uyidan ham, to‘lagan mablag‘idan ham ajralib qolishiga bir baxya qolgandi o‘shanda. Endi esa Karmana tumanida hokimlikning qarori tufayli uylari buzilgan 16 ta oila qariyb 3 yildan buyon ijarada yashashga majbur bo‘lmoqda.
2019 yil bahorda Navoiy shahriga tutash bo‘lgan Karmana tumani markazida bunyodkorlik ishlari boshlandi. Xususan, bir nechta tashkilotlarning ma'muriy binosi joylashgan Mir Sayid Bahrom mahallasidagi markaziy ko‘chani to‘liq obodonlashtirishga kirishildi. Shu jarayonda mazkur ko‘chada joylashgan ikki qavatli, 16 xo‘jalik istiqomat qiladigan ikki qavatli uy tuman hokimi Faxriddin Umarov qarori asosida o‘rnida 5 qavatli uy qurish uchun buzib tashlandi.
Hokimning qarorga ko‘ra, buzilgan uylar o‘rni birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bo‘lgan 5 qavatli uy qurish uchun «Osiyo Yugra» xususiy korxonasiga ajratib berilgan. Shuningdek, buzilgan uylarda istiqomat qilib kelgan 16 oilaga qurilishi ko‘zda tutilgan ko‘p qavatli uydan xonadon ajratib berish rejalashtirilgan. Qarorda uy-joy egalariga 2019 yilning 25 aprel kunidan kechiktirmasdan binoni bo‘shatib berish tavsiya qilinganini hamda ko‘p qavatli uyni qurish 2020 yilning 1 sentyabr kuniga qadar amalga oshirilishi belgilanganini o‘qish mumkin.
Fuqarolar hokimning qarori va quruvchining va'dalariga ishonib, uy-joylarini bo‘shatib bergan. Buzish ishlari-ku tezda amalga oshirilgan, biroq qurish achchiq ichakdek cho‘zilib ketgan. Mana, qariyb 3 yildirki, 16 oila ijarama-ijara sarson.
«Osiyo Yugra» xususiy korxonasi 2019 yilning 3 may kuni oilalar bilan kelishuv shartnomasi tuzgan. Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uy 2020 yilning 1 sentyabr kuni bitkazilib, xonadonlar tayyor holatda uylari buzilgan oilalarga taqdim etilishi kerak edi. Ushbu muddat o‘tib ketgach, 2020 yil 22 noyabr kuni fuqarolar bilan ikkinchi bor shartnoma tuziladi va unda «ishning bitishi» 2021 yilning 1 iyun kuniga qadar qilib belgilanadi. Lekin ushbu muddatda ham «dom» bitmaydi.
Ayni paytda obektda qurilish ishlari umuman to‘xtab qolgan. «Tuya go‘shti yegan» uy hali-beri qurib bitkazilishi dargumon. Oldinda esa qish!
Fuqarolarning ta'kidlashicha, kelishuvga ko‘ra, «dom» qurilishi bitgunga qadar ular vaqtincha yashayotgan uy uchun ijara pulini «Osiyo Yugra» xususiy korxonasi qoplab berishi kerak bo‘lgan, biroq bunday bo‘lmagan, 2021 yilning 1 yanvar kuniga qadar oilalar o‘z hisobidan ijarada turgan. Tuman va viloyat hokimligiga ketma-ket murojaatlardan keyingina korxona 16 oilaga 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab har oy 1 million so‘m ijara puli bera boshlagan.
Fuqarolar korxonaning ijara pulini to‘lab berishi yechim emas, deya hisoblashmoqda. Ular o‘z uylariga tezroq ko‘chib o‘tishni istashyapti. Chunki ijarada yashayotgan uylari turli hududlarda bo‘lib, bu farzandlarining ta'lim maskanlariga, o‘zlarining ishga borib-kelishlarida muammolar tug‘diryapti.
«Hozir turgan kvartiramda tabiiy gaz yo‘q. Qishda nima qilamiz, hayronman. Uyimiz esa qariyb 3 yildan beri bitmayapti. Qachon borsak, qurishga mablag‘ yo‘q deydi. Mablag‘i bo‘lmasa, nega olgan bu uyni qurishni? Bizlarga bergan va'dalari boshqacha edi-ku», deydi fuqarolardan biri Muhabbat Tosheva.
Yana bir fuqaro Oysanam Karimova esa ijarada turish ham ba'zi muammolarni keltirib chiqarayotganini aytadi.
«2019 yil aprel oyida uyimizni buzib olib, o‘rniga uy beramiz, deyishdi. Mana, haligacha uydan darak yo‘q. Ikki yil ijara pulimizni o‘zimiz to‘lab turdik. 8 oydan beri ijara puli beryapti. Yaqinda Navoiy viloyati hokimiga murojaat qilib borganimizda, hokim oktyabr oyida uyni topshiramiz degandi. Ammo bunday bo‘lmadi. O‘g‘limizni maktabga, nabiramizni bog‘chaga berishda qiyinchilik bo‘lyapti. Quruvchini ushlab bo‘lmasa, hokimga borsangiz, hokim tayinli gapirmasa. Ish to‘xtab qolgan. Biz ko‘chada yuramizmi endi shunaqa?» deydi fuqaro.
Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Karmana tumani hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Adhambek Ahmedov bilan uchrashdi. Bosh mutaxassisga ko‘ra, ko‘p qavatli uyning qurilishi tez kunlarda davom ettiriladi.
«Uy 2020 yil 1 sentyabr kuniga qadar qurib, foydalanishga topshirilishi kerak edi, lekin 2020 yil pandemiya sabab qurilish korxonasining ishlari to‘xtab qoldi. Ularning kreditlari va o‘z moliyaviy xarajatlari bor edi. Korxona moliyaviy inqiroz holatida ekanligi tufayli pandemiya yumshagach ham qurilishni o‘z vaqtida topshira olmadi. Hozirgi kunda uyni tez kunlarda qurib, topshirish bo‘yicha korxona bilan kelishuvga erishilgan», deydi Adhambek Ahmedov.
Hokimlikning izohi sabri sinalayotgan 16 oila uchun biroz daldadir, ammo bu bilan ularning muammosi yechilib qolmaydi. Shu o‘rinda bir mulohaza paydo bo‘ladi. Hokimliklar biror qurilishni qaysidir korxonaga topshirishdan avval uning bu ishga qurbi yetadimi-yo‘qmi, tekshirib ko‘rishi shart. Ayniqsa, gap turar joy haqida bo‘lsa. Qurilishga qurbi yetmaydigan korxonalar odamlarni yillar sarson qilib qo‘ymoqda. Xuddi Navoiyda bo‘lgani kabi.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
14:11 / 11.11.2024
Navoiyda Nexia va Exeed to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
12:32 / 06.11.2024
Misr Navoiydagi mis konida burg‘ilash ishlarini boshladi
16:28 / 01.11.2024
Zarafshon shahri aeroporti faoliyati tiklanishi mumkin
12:39 / 01.11.2024